AQSh qonunchilari Prezident Donald Trampning 90 kunlik xalqaro yordamni muzlatib qo‘yish qarori Xitoy bilan raqobatga qanday ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini muhokama qildi.
Tramp prezidentlik qasamyodini qabul qilganidan so‘ng darhol ijro farmonini imzolab, barcha xalqaro yordam dasturlarini to‘xtatishni buyurdi.
Senatning Tashqi aloqalar qo‘mitasi raisi Jim Rish bu qadamni AQShning 36 trillion dollarlik qarzi borligini inobatga olib, moliyaviy mas’uliyatni birinchi o‘ringa qo‘yish uchun zarur choralar deb atadi.
"Bu hali davom etayotgan jarayon, - dedi respublikachi Rish - Maqsadimiz biz har 100 kunda 1 trillion dollarlik qarzga botayotganimizni yodga solish. Agar buni hozir yomon deb o‘ylayotgan bo‘lsangiz, qarzdorlarimiz kelib, o‘z mablag‘larini talab qilganda va biz uni to‘lay olmasak, ana o‘shanda haqiqiy muammo boshlanadi".
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu qaror davlat mablag‘larining qanday va qayerga sarflanayotganini chuqurroq o‘rganishga undaydi.
"Ba’zi noqulayliklar bo‘lishi tabiiy, lekin jarayon davom etmoqda," - dedi u.
Demokratlar esa ushbu yordamning to‘xtatilishi natijasida yuzaga kelgan bo‘shliqni Xitoy egallashi mumkinligidan xavotir bildirmoqda.
"Men Xitoy ta’sirining kengayishi, ayniqsa, ushbu yordamning muzlatilishi va uning zanjirli ta’siri sababli yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan oqibatlar haqida jiddiy xavotirdaman," - dedi senator Kris Kuns.
"Xitoyning maqsadi – bizning xalqaro ta’sirimizni kamaytirish va o‘z mavqeini mustahkamlash. Bu orqali biz dunyo bo‘ylab, ayniqsa, Global Janub mamlakatlarida ishonchsiz hamkorga aylanamiz. Xalqaro yordam dasturlarining to‘xtatilishi esa xavfsizlik, iqtisodiy va diplomatik manfaatlarimizga jiddiy zarar yetkazishi mumkin," - dedi u.
Tashqi aloqalar qo‘mitasining yetakchi demokrat a’zosi, senator Jin Shahin bu masalada faqat demokratlar emas, balki butun Kongress tashvishlanishi kerakligini ta’kidladi.
"Men umid qilamanki, sizlar ham bu masalani ma’muriyat bilan muhokama qilib, bu faqat bir partiyaga tegishli masala emasligini tushuntirasizlar, - dedi u. - Biz xalqaro ta’sirimizni saqlab qolish uchun nima qilishimiz kerakligini hal qilishimiz lozim".
AQSh tomonidan moliyalashtiriladigan xalqaro yordam dasturlari allaqachon o‘z faoliyatini to‘xtatib, xodimlarini ishdan bo‘shatishga majbur bo‘lmoqda. AQSh dunyodagi eng yirik xalqaro yordam yetkazib beruvchi davlat bo‘lishiga qaramay, ba’zi sohalarda Xitoy undan ko‘proq mablag‘ sarflaydi. Hukumat hisob-kitoblariga ko‘ra, 2013–2022-yillarda Xitoy global infratuzilma loyihalariga 679 milliard dollar ajratgan, AQSh esa atigi 76 milliard dollar sarflagan.
Dartmut kolleji professori Jennifer Lind qonunchilar bilan suhbatda xalqaro yordam AQSh milliy xavfsizligi uchun muhim vosita ekanligini ta’kidladi.
"Bu bizning diplomatiyamiz, harbiy ko‘mak va boshqa vositalarimiz bilan uyg‘un ishlashi kerak, - dedi u. - Shuning uchun ham ma’muriyatning qisqa muddatli tahlil o‘tkazish qarori tushunarli. Ammo asosiy savol – biz vositalardan to‘g‘ri va samarali foydalanayapmizmi?"
Atlantika kengashi tahlilchisi Melani Xart yordamni muzlatish AQShning Xitoy bilan barcha sohalardagi raqobatbardoshligini zaiflashtirayotganini aytdi.
"Taivanga ajratilgan 1 milliard dollardan ortiq harbiy yordam muzlatildi. Milliy Demokratiya Instituti (NDI) va Xalqaro Respublikachilar Instituti (IRI) o‘z faoliyatini to‘xtatdi. Inson huquqlari tashkilotlari – mablag‘siz qoldi, - dedi u. - Vashington Gonkongdagi demokratiya harakatini deyarli o’z holiga tashlab qo‘ydi".
U ma’muriyatning strategik yondashuvga urg‘u berishini tushunishini, Davlat departamenti tomonidan ayrim dasturlar uchun istisno qilinganini qadrlashini aytdi. Ammo u "ushbu keng ko‘lamli muzlatish AQShni asrning eng katta kurashida zaiflashtirayotganini" ta’kidladi.
"Bu Pekin uchun ulkan sovg‘a. Qancha uzoq davom etsa, shuncha ko‘proq yo‘qotamiz – bugun, ertaga va shu hafta ichida," - dedi Xart.
AQSh Davlat kotibi Marko Rubio o‘tgan juma kuni oziq-ovqat yordamini muzlatish to‘g‘risidagi qarorni bekor qilgan bo‘lsa, shu hafta insonparvarlik yordami bo‘yicha ham istisno kiritdi.
Vakillar palatasining Xitoy bilan strategik raqobat bo‘yicha tanlab olingan qo‘mitasidagi eng yuqori lavozimli demokrat Raja Krishnamurti Rubioning qarorini olqishladi, biroq yetarli emasligini ta’kidladi.
"Xalqaro yordam dasturlarining AQSh milliy xavfsizligiga ta’sirini vaqti-vaqti bilan ko‘rib chiqish muhim, ammo har qanday yordamni keskin muzlatish bizning eng katta raqibimiz – Xitoy Kommunistik partiyasiga maydonni to‘liq bo‘shatib berish demakdir," - dedi u.
"Xitoy xorijda agressiv sarmoya kiritayotgan, global ta’minot zanjirlarini qayta shakllantirayotgan va avtoritar hukumatlar bilan aloqalarni mustahkamlayotgan bir paytda AQSh xalqaro yordamini ikki baravar oshirishi kerak, uni to‘xtatish emas", - deya qo’shimcha qildi u.