Kongressdagi demokratlar Prezident Donald Trampga har qanday o'zgarish oshkora kechishi zarurligini eslatmoqda. Aks holda ular imkon qadar to'siqlar qo'yishga bel bog'lagan.
Prezident Trampning yaqin maslakdoshi Ilon Mask boshliq Hukumat samaradorligini oshirish departamenti AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligini ishdan to'xtatib, uni Davlat departamentiga qo'shish harakatida. Agentlik "Amerika birinchi" talablariga javob berishini ta'minlaydi, deya bildirmoqda ma'muriyat.
"Nimaiki qilishayotgan bo'lsa-da, demokratik emas, - deydi Senatda demokratlar sardori Chak Shumer. - Demokratiya nima ekanini bilamiz. U oshkoralikdir".
Vaziyatdan norozi demokratlar hukumat xarajatlarini ma'qullash uchun ovoz bermasligi mumkin. Amaldagi byudjet 4-martda bitadi.
Vashington yuragida kechgan namoyishga liberal siyosatchilar yetakchilik qildi.
"Biror agentlikni o'zgartiqmoqchimisiz, bu borada qonun loyihasi tanishtirilishi va muhokama qilinishi shart", - deydi demokrat senator Brayan Shatz.
"Sizga yoqmagan agentlikni prezident farmoni bilangina yopa olmaysiz, unga bostirib kira olmaysiz. Amerikada tizim bunday ishlamaydi".
AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligiga har yili o'nlab milliard dollar ajratiladi.
"Konstitutsiyaga binoan mablag' prezident va uning ma'muriyati tomonidan sarflanadi", - deydi Vakillar palatasida demokratlar yetakchisi Hakim Jeffris.
"Prezident qonunlarga amal qilinishini ta'minlashi shart. Kongress ajratgan mablag' to'g'ri yo'naltirilmasa, qonun va bosh qomus buzilayotgan bo'ladi. Shu bois ham hozirda bir qancha sud ishlari boshlangan", - deydi kongressmen.
Kongressdagi respublikachilar Tramp ma'muriyati xatti-harakatlarini yoqlamoqda.
"Nazarimda, hukumat agentlikni yopmayapti, balki uning faoliyati va mablag' qanday sarflanganini tekshirmoqda", - deydi Senatda respublikachilar lideri Jon Tyun.
"Har qanday ma'muriyat shunday qiladi. Ular ish boshlar ekan, dasturlar qayta ko'rib chiqiladi, qay biri belgilanganidek ishlayapti, qay biri yo'q. Mablag' to'g'ri sarflanayaptimi yoki yo'q", - deydi senator Tyun.
Oq uy AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligining irqiy, etnik va diniy xilma-xillik hamda tenglik bilan bog'liq loyihalarini tanqid qilib, ularni isrofgarchilik deb topgan.
"Keng ko'lamli firibgarlik aniqlansa, mablag' Kongress ma'qullaganidek va prezident imzolaganidek sarflanmayotgan bo'lsa, buni biz bilishimiz kerak", - deydi respublikachi Rojer Uiker, Amerika telekanallari bilan suhbatda.
"Menimcha, AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi dasturlari Xitoyning dasturlariga nisbatan javob sifatida ishlashi, uning ta'sirini pasaytirish uchun chora bo'lishi kerak, jumladan Afrika, Janubiy Amerika va g'arbiy yarimsharda".
"Bizga Xitoy harakatlariga kuchli raqib bo'ladigan proyektlar kerak. Va bu ish bizning siyosatchilarimiz tasdiqlaganidek yo'lga qo'yilishi shart", - deydi senator Uiker.
Senator Shumer ham firibgarlikka qarshi, ammo Tramp ma'muriyati kurashni yopiq olib bormoqda, deydi.