Ukrainadagi urushda turli mamlakatlardan kelgan va aldov yo‘li bilan Rossiya armiyasiga jalb qilingan ko’plab yollanma askarlar halok bo‘lmoqda.
Markaziy Afrika Respublikasi prezidenti Fosten-Arkanj Tuadera Rossiyaga xizmat yuzasidan tashrif buyurdi. Tashrif doirasida u Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashdi.
Shu bilan birga, ommaviy axborot vositalarida Markaziy Afrika Respublikasidan bo‘lgan birinchi yollanma askarning Kursk viloyatida halok bo‘lgani haqida xabar tarqaldi.
Jurnalistlarning aniqlashicha, Derrik Ngamana o‘tgan yilning noyabr oyida Ukraina Qurolli kuchlari nazorati ostida bo‘lgan Sudjanskiy tumanining qisman egallangan Novoivanovka qishlog‘i uchun bo‘lib o‘tgan janglarda halok bo‘lgan.
OAV ma'lumotlariga ko‘ra, Ngamana Rossiya armiyasi safida jang qilayotgan yagona Markaziy Afrika Respublikasi fuqarosi emas. Biroq ularning aniq soni hozircha noma’lum.
“Washington Post” nashri xabariga ko‘ra, Dehli Moskvadan Rossiyaning Ukrainaga qarshi olib borayotgan urushida qatnashayotgan barcha hind fuqarolarini uyga qaytarishni talab qilgan. Bu diplomatik demarshga frontda o‘ninchi hind fuqarosining halok bo‘lishi sabab bo‘lgan.
Nashrning Narendra Modi hukumatining bayonotlari va majburan yollangan askarlarning oilalari bilan o‘tkazilgan intervyularga tayanib yozishicha, taxminan yuzga yaqin hind fuqarosi aldov yo‘li bilan Rossiya tomonida urushga jalb qilingan.
Ularga fuqarolik sektorida yaxshi maoshli ish va’da qilingan, biroq buning o‘rniga ular okoplarga, jang maydoniga yuborilgan.
Bosh vazir Narendra Modi Moskvaga so‘nggi tashrifi davomida bu masalani Vladimir Putin bilan muhokama qilgan. Ushbu uchrashuvdan keyin muammo qisman hal etila boshlagan, biroq keyinchalik yana to‘xtab qolgan.
Bundan tashqari, yuzaga chiqqan mojarolar tufayli Ukrainadagi urushga ommaviy ravishda Nepal, Shri-Lanka, Kuba va bir qator Lotin Amerikasi mamlakatlari fuqarolari jalb qilingani ma’lum bo’ldi.
“Ozodlik” radiosi xabariga ko‘ra, Shimoliy Koreyadan (KXDR) taxminan 10 ming harbiy xizmatchi Rossiyaga urushda ishtirok etish uchun kelgan bo‘lishi mumkin.
Ular orasida minglab yo‘qotishlar bor deb baholanmoqda, biroq bu raqamlar hozircha mustaqil manbalar tomonidan tasdiqlanmagan.
“Amerika Ovozi”ning “Yonhap”axborot agentligi va Janubiy Koreya maxsus xizmatlarining baholariga tayanib xabar berishicha, Shimoliy Koreya harbiy guruhining umumiy yo‘qotishlari taxminan 3 ming kishini tashkil etadi, shundan 2 700 nafari jarohatlangan.
Faqatgina yanvar oyida Kursk viloyatida 300 dan ortiq shimoliy koreyalik harbiy xizmatchi halok bo‘lgan.
Janubiy Koreya razvedka xizmati ham Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ilgari eslatib o‘tgan ikki shimoliy koreyalik harbiy xizmatchining asirga olinganini tasdiqladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu ikki harbiy Shimoliy Koreyada Bosh razvedka boshqarmasi safida xizmat qilgan.
Aleksandr Razumkov nomidagi Iqtisodiy va siyosiy tadqiqotlar markazining tashqi siyosat va xalqaro xavfsizlik dasturlari bo‘yicha hammuallifi Aleksey Melnik fikricha, Rossiyada yollanma askarlarni jalb qilishda “frontda ortiqcha askar bo‘lmaydi” degan tamoyilga asoslaniladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday yondashuvda axloqiy va boshqa muhim jihatlar ikkinchi darajaga tushib qoladi va e’tibordan chetda qoladi.
“Shuning uchun ham Rossiya harbiylari yollanma askarlarni dunyoning turli burchaklaridan, hech narsadan tap tortmay yig‘moqda, — deydi Aleksey Melnik “Amerika Ovozi”ning Rus xizmati uchun bergan izohida. — Ular orasida hatto xavfli jinoyatchilar, seriyali qotillar ham bor. Chet elliklar esa yollovchilar uchun oson o‘ljaga aylanadi. Odatda, ular ko‘proq kambag‘al, umidsizlikka tushgan va kam saviyali odamlar bo‘ladi. Rossiya armiyasi uchun “urush qurboni” sifatida yollanayotgan odamlar kelayotgan davlatlar geografiyasi ham bunga yaqqol dalil: Markaziy Afrika Respublikasi, Kuba, Nepal, Hindiston”.
“Aniqki, Rossiya Mudofaa vazirligi shaxsiy tarkibni to‘ldirishda katta qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Bu muammo bugun paydo bo‘lmagan, biroq hozir u yanada keskinlashgan”, - deya tushuntiradi Aleksey Melnik.
“2022-yilning o‘zidayoq Rossiyada mafkuraviy jihatdan motivatsiyalangan ko‘ngillilar tugab qolgan, buni “qisman safarbarlik” deb atalgan jarayon ko‘rsatib berdi. Urush boshida shakllantirilgan kontrakt armiyasi ham deyarli tugagan yoki, hech bo‘lmaganda, sezilarli darajada kamaygan”, - deydi ekspert.
Tahlilchining fikricha, Rossiya hukumati armiyani to‘ldirish uchun mavjud bo‘lgan barcha vositalarni ishga solishga majbur bo‘lgan:
“Asosiy vosita — bu moliyaviy rag‘batlantirish. Kremlda keyingi safarbarlik to‘lqini aholining noroziligiga sabab bo‘lishi va vaziyatni beqarorlashtirishi mumkin degan jiddiy xavotir paydo bo‘ldi. Shu sababli post-sovet hududidan, asosan Markaziy Osiyo mamlakatlaridan kelgan migrantlar yollanmoqda va chet ellik fuqarolarni jalb qilish bo‘yicha ishlar kuchaytirildi”.
“Rossiya armiyasida yo‘qotishlar ortib bormoqda. So‘nggi oylarda bu ko‘rsatkichlar odatdagidan ancha yuqori bo‘ldi. Frontdagi bo‘shliqlarni qandaydir yo‘l bilan to‘ldirish kerak. Yollanma askarlar esa, ularning yaqinlaridan tashqari, hech kimga achinilmaydigan “resurs” sifatida qaraladi”, - dedi u.
Aleksey Melnikning ta’kidlashicha, Rossiya targ‘ibotchilari oddiy aholiga “ularning o‘rniga jinoyatchilar va yollanma askarlar halok bo‘layotgani” haqida ishonch uyg‘otishga harakat qilmoqda.
Biroq, u buni “sodda aholi uchun to’qilgan cho’pchaklar” deb atab, bunday da’volarning haqiqatga mos kelmasligini ta’kidladi.
Harbiy ekspert Ivan Stupakning aytishicha, Rossiya armiyasi uchun chet ellardan yollanma askarlarni jalb qilish bir nechta omillar bilan bog‘liq.
Uning fikricha, bu jarayon ko‘plab odamlar uchun katta “biznes-loyiha”ga aylangan va bu orqali yaxshi daromad toppish, xizmat pillapoyasida yuqorilash imkoniyati mavjud.
Stupak bu jarayonni nafaqat harbiy ehtiyojlar, balki moliyaviy manfaatlar va shaxsiy martaba ko‘tarilishi uchun imkoniyat sifatida ham ko‘rish mumkinligini ta’kidlaydi.
Ivan Stupak “Amerika Ovozi”ga bergan izohida shunday deydi:
“Ma’lumki, Rossiyada odamlarni urushga yollashga yordam beradigan vositachilar uchun pul mukofotlari beriladi.
Bundan tashqari, Mudofaa vazirligi tizimida bunday vaziyatlardan foyda ko‘rishni yaxshi biladigan “ziyrak” odamlar yetarli. Bu yerda motivatsiya juda oddiy va ayni paytda, sovuq va ayanchli.
Masalan, Afrikadan yoki Lotin Amerikasidan bo‘lgan fuqarolar bilan ortiqcha muammo bo‘lmaydi. Chunki “Svazilend”dan kimdir kelib, “Moskvada halok bo‘lgan askar uchun kompensatsiya talab qiladi”, deb o‘ylash qiyin”.
Bu fikrlar Rossiya tomonidan chet ellik yollanma askarlarni jalb qilish jarayonining tijoratga asoslangan va inson hayotiga befarq yondashuvini aks ettiradi.
Ivan Stupakning fikricha, rivojlanmagan davlatlardan kelgan yollanma askarlar Rossiya fuqarolariga nisbatan ancha kam pul evaziga urushishga rozi bo‘ladi.
“Ular arzon “urush qurboni” hisoblanadi, - deydi u. – Bundan tashqari, mansabdor shaxslardan Mudofaa vazirligi bilan shartnomalari asosida reja bajarilishini talab qiladi, shu bois ular har qanday yo‘l bilan ko‘proq odam yollashga majbur. Kreml bunday vaziyatga uzoq sabr qilmaydi. Rossiyada esa harbiy kuchlar bilan bog‘liq muammo tobora keskinlashib bormoqda”.
Bu fikrlar Rossiya armiyasining shaxsiy tarkibni to‘ldirishdagi qiyinchiliklari va arzon ishchi kuchi sifatida ko‘rilayotgan yollanma askarlar haqidagi muammoni ochib beradi.
Ekspertning ta’kidlashicha, Rossiyada yuzaga kelgan kadrlar yetishmovchiligi va harbiy safarbarlik bilan bog‘liq muammolar ko‘plab omillar bilan bog‘liq:
"To‘liq miqyosdagi tajovuz boshlanganidan keyin Rossiyani qariyb bir million kishi tark etdi. Bundan tashqari, yana ko‘plab aholi bevosita urushda ishtirok etmoqda.
Rossiya ijtimoiy tadqiqotlariga ko‘ra, korxonalarning 70 foizi kadrlar yetishmovchiligidan aziyat chekmoqda. Bu muammo, ayniqsa, mudofaa sanoati va hatto huquqni muhofaza qilish organlarida ham sezilmoqda. Yaqinda bu haqda Ichki ishlar vaziri Vladimir Kolokoltsev ham shikoyat qilgan”.
“Shuning uchun ham Rossiya kimni bo‘lsa ham yollashga majbur. Aks holda, iqtisodiyot inqirozga yuz tutadi. Shimoliy koreyalik yollanma askarlarning armiyaga jalb qilinishi bu jarayonning yaqqol misoli bo‘lib, bu Rossiyaning kuchli bosim ostida ekanligini ko‘rsatadi”, - davom ettirdi ekspert.
“Pxenyanga yordam so‘rab murojaat qilingani yaxshi hayotdan emas”, - deydi u.
“Mazkur holatlar Rossiya aholisining Putin ambitsiyalari uchun qurbon bo’lishga rozi emasligini ko’rsatadi”, - deya xulosa qiladi Ivan Stupak.