Breaking News

Rossiya oligarxlariga qo'yilgan sanksiyalar samara berdimi?


Vashingtondagi Atlantika kengashi tahlil markazida Rossiyaga qarshi sanksiyalarning samaradorligi, nega sanksiyalar Putin atrofidagi oligarxlar uchun kutilgan darajada jiddiy ta’sir qilmagani, urush sharoitida ham ularning o‘z moliyaviy holatini saqlab qolgani va hatto muvaffaqiyatga erishgani mavzusidagi tahlil hisoboti taqdim etildi.

Hisobot muallifi, Ukrainaning "Razom We Stand" nodavlat tashkiloti vakili Ilya Zaslavskiyning ta'kidlashicha, G‘arb tomonidan Rossiyaga qarshi joriy etilgan cheklovlar yetarli darajada samarali emas.

“Yevropaning Energetika va toza havo tadqiqotlari” markazi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yil 24-fevralidan boshlab Rossiyaning uglevodorod yetkazib berishdan olgan daromadi qariyb 820 milliard yevroni tashkil etdi.

Ekspert bu daromadning muhim qismi (212 milliard yevro) Yevropadan kelayotganini tanqid qilib, ushbu holatni sanksiyalar samarasizligining yana bir isboti sifatida ko‘rsatdi.

Zaslavskiy AQShning sanksiyalar siyosatini tanqid qilib, Rossiya hukumatiga yaqin bo‘lgan va undan foyda ko‘rayotgan Roman Abramovich, Leonid Mixelson, Dmitriy Ribolovlev kabi milliarderlarni ham sanksiyalar ro‘yxatiga kiritishni talab qildi. U bunday biznesmenlarni “kremlegarxlar” deb atadi, uning fikriga ko‘ra, “oligarx” atamasi siyosiy va iqtisodiy jihatdan Kremldan mustaqillikni anglatadi.

“Ular keng resurslarga – pul, yuristlar, propaganda va lobbistlarga ega bo‘lib, barcha qit’alarga kirib borgan. Misli ko‘rilmagan G‘arb sanksiyalari ularning ta’sirini to‘liq cheklashga qodir emas, ayniqsa G‘arbdan tashqaridagi mintaqalarda. G‘arb mamlakatlarida sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilmagan kremlegarxlar hanuzgacha sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu Sovet Ittifoqi hatto orzu ham qila olmagan imkoniyatlardir”, – dedi Zaslavskiy.

Nima uchun rossiyalik milliarderlarga qarshi sanksiyalar Ukrainadagi urushni to'xtatmadi?

Zaslavskiy ta'kidlaganidek, “Kreml rahbarlari har xil shakldagi harbiy harakatlarni qo'llab-quvvatlaydi va hech qanday qarshilik belgilarini ko'rsatmaydi".

“Ular vaziyatni qabul qildi, urushni normallashtirdi, safarbarlik iqtisodiyotiga moslashdi va ko‘pchilik o‘z mablag‘larini Dubayga o‘tkazib yubordi”, – dedi hisobot muallifi.

Shuningdek, Rossiyadagi iqtisodiy vaziyat va uning urushni davom ettirish uchun resurslari qachon tugashi haqidagi baholar turlicha bo‘lsa-da, bu kremlegarxlarning farovonligiga unchalik ta’sir qilmaydi, deya qo’shimcha qildi u.

“Ularning asosiy valyutasi aktivlar yoki pul emas, balki Kreml va Putinga bo‘lgan sadoqatdir”, – deya ta’kidladi Zaslavskiy. – “Putin har doim o‘z agentlarini boshqalar hisobidan qo‘llab-quvvatlash yo‘llarini topadi”.

“Biz turli oligarxlarning Putinga ta’sirini baholashda xato qildik”, – dedi “Amerika Ovozi”ga bergan intervyusida “Atlantika Kengashi” eksperti Kimberli Donovan. U 2023-yilga qadar AQSh Moliya vazirligi tarkibidagi Moliyaviy jinoyatlarga qarshi kurash agentligida ishlagan.

“Biz ularning aktivlarini kuzatdik va ayrimlariga hibs qo‘ydik. Ammo, afsuski, bu Putinning urush bo‘yicha qarashlariga strategik ta’sir ko‘rsatganini ko‘rmadik. U Ukrainadagi urushni davom ettirish uchun daromad va moliyalashtirish manbalarini topishda davom etmoqda”, – dedi u.

Donovanning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan so‘ng, AQSh hukumati G7 mamlakatlari (Katta Yettilik) — dunyoning yetakchi iqtisodiy jihatdan rivojlangan davlatlarini birlashtiruvchi guruh)ning moliya va adliya vazirliklari ishtirokida Rossiya elitasi, proksi agentlari va oligarxlariga qarshi kurashish uchun ishchi guruh tuzdi.

“Ushbu ishchi guruhning maqsadi ma’lumot almashish, moliyaviy razvedka imkoniyatlaridan va huquqni muhofaza qilish organlaridan olingan ma’lumotlardan foydalanish, shuningdek, sanksiyalar bo‘yicha qo‘shma tergovlar o‘tkazish va ularni ijro etish choralarini ko‘rish edi”, – deya tushuntirdi Donovan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Moliya vazirligi Rossiya bilan bog‘liq noqonuniy moliyaviy faoliyat va sanksiyalar bo‘yicha alohida ishchi guruh (Russia-related illicit finance and sanctions working group) tashkil etgan.

“Ushbu barcha sa’y-harakatlar Rossiya bilan bog‘liq bo‘lgan 18 mingdan ortiq jismoniy va yuridik shaxslarning sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilishiga olib keldi”, – dedi “Atlantika Kengashi” eksperti.

“Biz global moliyaviy tizimda Rossiya pullarining katta hajmda noqonuniy yuvilishini aniqladik, biz buni ilgari bilmagan edik. Bu juda jiddiy masala va bu muammoni, hatto Ukraina kontekstidan alohida hal qilishimiz kerak”, – dedi Donovan.

Oligarxlar kimlar?
Iltimos, kuting...
Embed

No media source currently available

0:00 0:03:21 0:00

Barak Obama ma'muriyati davrida AQSh Davlat departamentining sanksiya siyosati bo‘yicha sobiq koordinatori Daniel Frid “Amerika Ovozi”ning Rus xizmatiga bergan intervyusida “AQSh sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan tadbirkorlar Rossiya prezidentiga bosim o‘tkazib, uni Ukrainadagi urushni to‘xtatishga majbur qiladi, deb o‘ylaganini, ammo bu “ish bermaganini” tan oldi.

“Putin urush olib borishga va uni kuchaytirishga qat’iy qaror qilgan edi. Oligarxlar uni qiziqtirmaydi. Ular hech qanday ta’sirga ega emas”, – dedi Frid.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2022-yildan keyin Jo Bayden ma'muriyati tomonidan joriy etilgan sanksiyalar “Rossiya iqtisodiyotiga jiddiy zarar yetkazdi”.

“Bu sanksiyalar Ukrainani qutqara olmagan bo‘lsa-da juda jiddiy. Men ular o‘z-o‘zidan Ukrainani qutqarishga qodir deb hisoblamagan edim. Men sanksiyalarni muvaffaqiyatli deb baholayman va shu yo‘nalishda davom etishni maqsad qilgan bo‘lardim”, – deya ta’kidladi Frid.

Kelajakda Rossiyaga qarshi sanksiyalar siyosati qanday bo‘lishi asosan Donald Tramp boshchiligidagi yangi ma'muriyatning qarorlariga bog‘liq bo‘ladi, deya qo’shimcha qiladi ekspert.

“Agar Ukraina mojarosini hal qilish evaziga Rossiyaga qarshi sanksiyalarni yumshatish qarori qabul qilinsa, AQSh sanksiyalarni bekor qilishdan oldin Rossiyaning majburiyatlarni bajarishi qat’iy nazorat qilinishi lozim, aks holda bu jarayon natijasiz bo‘lishi mumkin”, - dedi Frid.

Kreml oligarxlariga bosimni qanday oshirish kerak?

Taqdim etilgan hisobot muallifi Zaslavskiyning fikricha, Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirish zarur, shunda Moskva "kleptokratiyani qurol sifatida ishlatishni" davom ettira olmaydi. U sanksiyalar ro‘yxatiga yangi kremlegarxlarni kiritish bilan birga, Rossiya nefti va metallar eksportiga qarshi cheklovlarni AQSh, Yevropa va Katta Yettilik davlatlariga nisbatan kengaytirishni ham muhim deb hisoblaydi.

U, shuningdek, Rossiyaning “soya flotiga” – Rossiyaning neftni neft embargosi cheklovlarini aylanib o‘tib tashish uchun foydalanadigan tankerlariga qarshi choralarni kuchaytirishga chaqirdi.

“Bu shunchaki eski neft tankerlaridan iborat masala emas, ular ekologiyaga xavf tug‘dirishi bilan bir qatorda, korrupsiya masalasi hamdir. Ular [Rossiya] kemalarga ega bo‘lgan davlatlarga pora beradi. Offshore hisob-raqamlarini va turli moliyaviy sxemalarni ishlatib, soya flotining xizmatlarini to‘laydi, turli provayderlarni yollab, portlarga to‘lovlar amalga oshirishadi. Bu Rossiyaga butun dunyo bo‘ylab korrupsiyani kuchaytirishga imkon beradi”, – deya ta’kidladi Zaslavskiy.

Stokgolm Ozod Dunyo Forumi katta ilmiy xodimi Anders Oslund Rossiya aktivlariga nisbatan xalqaro shaffoflikni oshirish zarurligini ta'kidladi.

“Rossiya xususiy moliyasi Dubayda to‘plangan emas. Bu mablag‘larning asosiy qismi ikki davlatda – AQSh va Buyuk Britaniyada joylashgan, chunki bu mamlakatlarda chuqur moliyaviy bozorlar mavjud”, – dedi ekspert.

“Rossiya aktivlari bo‘yicha shaffoflik ushbu muammolarning yarmini hal qilgan bo‘lardi, – deya ta’kidlaydi u. – Biz kremlegarxlarning asosiy mablag‘lari AQShda saqlanayotganini taxmin qilamiz, lekin buni aniq bilmaymiz, chunki bu mablag‘lar 20-30 ta soxta kompaniyalar orqali ko‘plab offshorlarda yashirilgan. Mamlakatlar o‘rtasidagi muvofiqlik juda muhim: agar bir G‘arb davlati kimnidir sanksiyalar ro‘yxatiga kiritgan bo‘lsa, boshqa barcha davlatlar ham bu sanksiyalarni tan olishi kerak”.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG