Breaking News

Oq uy USAIDga nisbatan siyosatini asoslash payida


AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligining Vashingtondagi qarorgohi oldida har kuni Tramp ma'muriyatiga qarshi namoyishlar
AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligining Vashingtondagi qarorgohi oldida har kuni Tramp ma'muriyatiga qarshi namoyishlar

Oq uyda Milliy xavfsizlik bo'yicha maslahatchi Maykl Volz so'zlariga ko'ra, AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) kop hollarda davlatning strategik manfaatlari yo'lida xizmat qilmagan va mablag'ni isrof qilgan.

Insonparvarlik yordami yetkazib tanilgan tashkilot, Tramp ma'muriyatiga ko'ra, maqsadlaridan chiqib ketgan va Amerika nufuzi va ta'sirini kuchaytirish uchun yetarlicha hissa qo'shmagan.

Volz "NBC" telekanali bilan suhbatda aytishicha, agentlik uchun ajratilgan pulning aksariyat qismi pudratchilar va pudratchilarning pudratchilari orasida qolib ketgan.

"Biz USAIDni sinchiklab ko'rib chiqayapmiz va tezlikda ishni bitirib, uni qayta yo'lga qo'yishimiz kerak", - deydi rasmiy.

Prezident Tramp 10 mingdan oshiq xodimga ega agentlikni vaqtincha yopib, 300 ga ham yetmaydigan kishini xizmatda qoldirishni rejalamoqda. Endilikda agentlik to'liq Davlat departamenti iznida bo'ladi.

Federal sud o'tgan hafta USAID xodimlarini ishdan bo'shatmaslikni buyurdi. Vaqtinchalik bu qaror ularni himoya qilmoqda.

Kongressdagi demokratlar Oq uydan bu borada keskin norozi va USAID faoliyati to'xtab qolganini qoralamoqda. Yanvar oyi oxiridan beri Amerika tashqi yordamni ham muzlatgan. Barcha dasturlar elakdan o'tkaziladi, deydi rasmiylar.

4-martgacha hukumat byudjeti tasdiqlanmasa, tizim ishdan to'xtab qoladi. Demokratlar Oq uy takliflarini ma'qullamoqchi emas, aksincha ular Senatdagi partiyadoshlari bilan qonuniy choralar ustida bosh qotirmoqda.

Mayk Volz, Oq uyda Milliy xavfsizlik bo'yicha maslahatchi
Mayk Volz, Oq uyda Milliy xavfsizlik bo'yicha maslahatchi

Milliarder Elon Mask boshliq Hukumat samaradorligini oshirish departamenti USAIDdan tashqari qator vazirlik va agentliklarni ham tekshirmoqda, xususan Pentagonni.

Tramp hukumatni kichraytirishni va'da qilgan va 2,3 million xizmatchi sonini salmoqli miqdorda kamaytirmoqchi. Bu xodimlarga ko'ngilli ravishda ishdan bo'shash, evaziga moliyaviy yil oxirigacha, ya'ni 30-sentabrgacha maosh olish taklif qilingan. Lekin federal sud bu siyosatni ham qoralab, unga to'siq qo'ygan.

Oq uyga ko'ra, hozirgacha 65 ming xodim bu taklifni qabul qilgan, ammo bu kutilganidan juda oz. Mask guruhi aslida federal xizmatchilar sonini 5-10 foizga pasaytirmoqchi.

Tramp deydiki, har bir davlat idorasida kesishlar bo'ladi, hatto Mudofaa vazirligida ham. Mask uni ko'zdan kechirar ekan, o'zining ham bu vazirlik bilan bir necha biznes shartnomalari bor. Oq uyning bildirishicha, manfaatlar to'qnashuviga yo'l qo'yilmaydi, biroq jarayon ko'plab amerikaliklar tomonidan keskin tanqid ostida.

Volz deydiki, Pentagon xarajatlari ayniqsa e'tiborga molik va hukumat har bir dollar qonunda belgilanganidek sarflanishini ta'minlaydi.

Mudofaa vazirligida narx va biznes kontraktlar yuqori ekani azaldan qayd etiladigan muammolar. Tramp ma'muriyati bunda ham oldingi rahbariyatlarni ayblaydi.

Sobiq kongressmen sifatida Volz Pentagondagi masalalar bilan yaqindan tanish. Harbiylarning zaruratlari qoplanishi shart, ularning xizmati samarali bo'lishi uchun zamin hozirlanishi kerak, deydi u.

“Amerika xalqi va askarlarimiz bundan minnatdor bo'ladi", - deydi prezident maslahatchisi.

Oq uy Rossiya rahbariyati bilan kechayotgan muloqot tafsilotlarini hozirda oshkor qilmayapti. Tramp Ukrainadagi urushni to'xtatishga so'z bergan.

Bu hafta AQSh Davlat kotibi Marko Rubio, Mudofaa vaziri Pit Xegset, Vitse-prezident Jeyms Vens va yetakchi diplomatlar Yevropada safarda bo'lib, masalani tegishli tomonlar bilan muhokama qilmoqda.

“Yevropaga aytayapmizki, bu mojaro taqdiri ularning qo'lida, muammo ularniki", - deydi Oq uy rasmiysi.

“Prezident Tramp urushga nuqta qo'yadi, ammo xavfsizlik kafolatiga kelganda, u ish Yevropa zimmasida".

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG