Breaking News

Shinjondagi G'ulja qirg'iniga 28 yil to'ldi


G'ulja qirg'ini qurbonlari xotirasiga o'tkazilgan tadbir, Vashington, AQSh, 2023-yil, 5-fevral
G'ulja qirg'ini qurbonlari xotirasiga o'tkazilgan tadbir, Vashington, AQSh, 2023-yil, 5-fevral

Fevralning birinchi haftasi Zubayra Shamsiddin uchun nafaqat deyarli 30 yil oldin yaqinlarini yo‘qotgani sababli, balki Xitoyning uyg‘urlarga nisbatan repressiv siyosati davom etayotgani uchun ham g‘am-g‘ussa bilan eslanadi.

"Men bu kunni 28 yildan beri har 5-fevralda xotirlab, norozilik bildirib kelaman, - dedi Shamsiddin “Amerika Ovozi”ga. - 1997-yil G‘ulja qirg‘ini bugungi kunda uyg‘urlarga qarshi davom etayotgan genotsidning boshlanishi bo‘ldi".

O‘sha kuni Xitoy qurolli kuchlari tinch uyg‘ur namoyishini shafqatsizlik bilan bostirgan; natijada ko‘plab namoyishchilar halok bo‘lgan, deydi Shamsiddin. U keyingi bosimlar chog‘ida o‘z akasi Sadriddin va jiyani Himmat Muhammadni ham yo‘qotgan.

Bundan tashqari, uning yana bir akasi umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan.


"Xitoy hukumati nohaq hibsga olingan barcha mahbuslarni, jumladan mening akamni ham ozod qilishi kerak," - dedi u “Amerika Ovozi”ga.

Zo‘ravonlikning boshlanishi

So‘nggi yillarda Xitoyning Shinjon uyg‘urlariga nisbatan siyosati xalqaro e’tiborni tortdi; AQSh rasmiy ravishda Xitoyning harakatlarini genotsid deb e’lon qildi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti ham bu siyosat insoniyatga qarshi jinoyat bo‘lishi mumkinligi haqida ogohlantirdi. Bunga ommaviy hibslar, majburiy mehnat va boshqa huquqbuzarliklar sabab hisoblanadi.

Pekin esa 1997-yildagi bosimni "Yining hodisasi" deb atab, bu tartibsizliklarning oldini olishga qaratilgan politsiya choralari bo‘lganini iddao qiladi. Shuningdek, Xitoy bu voqealar haqidagi xalqaro tanqidlarni "AQSh yetakchiligidagi Xitoyga qarshi safsata" deb rad etadi.

Bugungi kunda Vashingtonda joylashgan Uyg‘ur Inson huquqlari loyihasining Xitoy bilan bog‘liq faoliyati koordinatori bo’lib ishlab kelayotgan Shamsiddin Vashingtondagi Xitoy elchixonasi oldida o’tgan namoyishga boshchilik qildi. O‘nlab faollar unga qo‘shilib, ko‘pchilik "G‘ulja qirg‘ini" deb ataydigan hodisaning yillik xotira kunini yodga oldi.

O‘sha kungi zo‘ravonliklarni eslagan Shamsiddinning aytishicha, yuzlab qurolsiz uyg‘ur yoshlari G‘ulja ko‘chalarida asosiy huquqlarini talab qilib chiqishgan.

"Ular tinch va qurolsiz holatda ko‘chalarga chiqib, hukumatdan diniy erkinliklarini hurmat qilishni va uyg‘ur madaniy an’analariga rioya etishlariga ruxsat berishni talab qilgan," - dedi Shamsiddin.

Namoyishchilar, shuningdek, ilgari hibsga olingan yetakchilarining ozod qilinishini talab qilgan.

"Xitoy hukumati Meshrep yig‘inlariga ruxsat bergan bo‘lsa-da, keyinchalik bu yig‘inlarni tashkil etganlarni hibsga oldi," - deydi u.

Meshrep — uyg‘urlar uchun an’anaviy jamoaviy yig‘in bo‘lib, 2010-yildan beri YUNESKO tomonidan nomoddiy madaniy meros sifatida tan olingan.

Shamsiddinning aytishicha, ba’zi Meshrep tashkilotchilari ilgari hukumat ruxsat bergan bo‘lsa-da, keyinchalik qamoqqa tashlangan.

Bu yig‘inlar asosan hududda keng tarqalgan giyohvandlik muammosiga qarshi kurashishga qaratilgan edi.

"1990-yillarning boshida G‘uljada geroin qaramligining kuchayishi uyg‘ur yoshlarini tashvishga solgan edi, - deydi Shamsiddin. - Ular bu muammoga qarshi Meshrep orqali kurashishga harakat qilishdi — sport, musiqa, chiqishlar va boshqa madaniy tadbirlar orqali yoshlarga yordam berishgan".

Ammo Pekindagi rasmiylar bu yig‘inlarni xavf deb bilgan. 1995-yil avgust oyida asosiy tashkilotchilar hibsga olingach, bu G‘uljada noroziliklarga sabab bo‘ldi. Hukumat esa Meshrepni butunlay taqiqlab, boshqa uyg‘ur tashabbuslarini bostira boshladi. Keyinchalik uyg‘urlarga har qanday tadbir o‘tkazish taqiqlangan.

Qarama-qarshi nuqtai nazar

Vashingtondagi Xitoy elchixonasi vakili Lyu Pengyu namoyishlarni "qirg‘in emas, balki o‘sib kelayotgan terrorchi guruhning tartibsizliklari" deb atadi.

"Shinjon ilgari ekstremistik guruhlar tomonidan faol kirib borilgan va terrorchi hujumlar amalga oshirilgan hududlardan biri edi”, - dedi u va Xitoyning bu boradagi choralarini terrorizmga qarshi kurash doirasida amalga oshirilgan qonuniy harakatlar deb ta’kidladi.

Biroq 1997-yilda “Human Rights Watch” tomonidan e’lon qilingan hisobot Xitoyning uyg‘urlarga qarshi bosimlarini yashirin hukumat buyrug‘i — "7-sonli hujjat" bilan bog‘lagan. Bu hujjat 1996-yil mart oyida Xitoy Kommunistik Partiyasi Siyosiy byurosi tomonidan qabul qilingan bo‘lib, unda Shinjonda nazoratni kuchaytirish choralari, diniy va madaniy tadbirlarni cheklash, harbiy ishtirokni oshirish va xavfsizlik choralarini qat’iylashtirish belgilangan edi.

Vashingtondagi Uyg‘urlar uchun harakat tashkiloti Xitoy hukumatining namoyishchilarni bostirishini "qirg‘in" deb atadi va bu siyosat bugungi kunda davom etayotgan genotsidga aylanganini ta’kidladi.

"G‘ulja qirg‘ini dunyo Xitoyning kelajakda ommaviy qirg‘inlarni amalga oshirishi mumkinligini tushunishi lozim bo‘lgan muhim bir lahza edi, ammo hech qanday chora ko‘rilmadi," - dedi Uyg‘urlar uchun harakat tashkiloti rahbari Rushan Abbos.

"Bu harakatsizlik Xitoy Kommunistik Partiyasini yanada dadil bo’lishiga sabab bo‘ldi, - dedi Abbos. - Bugungi kunda uyg‘urlar genotsidga uchrayotgan bir paytda tarix yana takrorlanmoqda. Har qanday befarqlik inson hayoti hisobiga to‘lanadi. Jazosiz qolish esa Xitoy hukumatiga jinoyatlarni davom ettirishga imkon beradi".

Shamsiddin 1993-yildan beri Avstraliyada yashagan, lekin 1998-yil G‘ulja bosimidan keyin u yerga tashrif buyurgan. O‘sha paytda u yoppasiga qamoqqa olishlar va jamoaviy jazolashlar odatiy holga aylanganini ko‘rgan.

Bu bosim natijasida uning singlisi G‘ulja namoyishchilaridan biriga yordam berganlik aybi bilan hibsga olinib, qiynoqqa solingan. Uning akasi Sadriddin esa Qozog‘istonda sirli sharoitda o‘ldirilgan. Jiyani Himmat Muhammad G‘uljada Xitoy politsiyasi tomonidan o‘ldirilgan. Ularning har ikkisi ilgari Meshrep yig‘inlarida faol qatnashgan.

1999-yilda esa yana bir ukasi, Abdurazzoq ajralib chiqish harakatida qatnashganlik aybi bilan umrbod qamoqqa hukm qilingan.

Bugungi kungacha u ukasining tirik yoki yo‘qligini bilmaydi.

AQSh Xalqaro Diniy erkinlik komissiyasiga ko‘ra, 2016-yilda Abdurazzoqning jazosi yengillashtirilgan va u 2036-yilda ozod etilishi kutilmoqda. Biroq uning qayerda saqlanayotgani noma’lum.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG