Breaking News

Trampning maslahatchisi Mask Germaniyada millatchilarni hokimiyatga qaytarmoqchi


Germaniyada Yevropa Ittifoqi taqdirini hal qiluvchi saylovlar kutilmoqda. 23-fevralga belgilangan parlament saylovlari Germaniyadagi eng bahsli, ziddiyatli, shuningdek, tarixiy kampaniya sifatida qayd qilinmoqda.

Mamlakatdagi siyosiy partiyalar parlament uchun kurashayotgan bu saylov Germaniyada kansler kim bo’lishini ham aniqlab beradi.

Asosiy nomzodlar Sotsial demokratlar partiyasidan (SDP) amaldagi kansler Olaf Shols, Xristian demokratlar partiyasidan (SDU) Fridrix Mers va Millatchilar partiyasi (AfD) yetakchisi Alisa Vaydel.

Saylovning tarixiyligi Germaniyada millatchilar yana hokimiyatga qaytishi ehtimoli kuchaygani, ikkinchi jahon urushidan keyin mamlakat siyosiy doirasida shakllangan an’ana – hech qachon millatchi partiya bilan hamkorlikka bormaslik sharti buzilgani bilan bog’liq.

Bu an’anaga saylovda g’oliblikka da’vogar ko‘rilayotgan SDU yetakchisi Fridrix Mers tomonidan chek qo’yildi, uning partiyasi parlamentda muhojirlar masalasi muhokamasida millatchilar AfD bilan hamkorlikka bordi.

Bu hamkorlik ko’plab germaniyaliklarni larzaga soldi, ayniqsa o’tmishni, Germaniyada hokimiyatga fashistlar kelgan davrlarni eslatishi bilan. Mamlakatda millatchilar bilan hamkorlikka qarshi norozilik boshlandi, minglab odamlar namoyishga chiqishdi, namoyishlar hamon davom etyapti.

Ammo yirik namoyishlar ortidan ham g’oliblikka da’vogar nomzodlar, jumladan millatchilar reytingida jiddiy pasayish qayd etilmadi. Har holda saylov arafasida o’tkazilgan so’nggi ijtimoiy so’rovlar shundan dalolat beradi.

Migratsiya bo’yicha keskin cheklovlar o’rnatish taklifini olg’a surayotgan Fridrix Mers hamon yetakchi. Noroziliklar ortidan millatchilar bilan hamkorlik qilmaslik va’dasini berayotgan Mers tashabbusi Germaniya chegaralari bo’ylab davlat nazoratini tiklashni ham maqsad qiladi.

Bu esa shundoq ham og’ir davrlarni boshdan kechirayotgan Yevropa Ittifoqi uchun yana jiddiy muammolar tug’dirishi, Yevropa davlatlarida ittifoqqa nisbatan tanqidiy qarashlarni kuchaytirishi ta’kidlanyapti.

Bular saylovlarni bahsli, ziddiyatli qilayotgan sabablarning hammasi emas. Germaniyadagi saylovga tashqi kuchlar aralashuvi keskin kuchaygan, dunyodagi qudratlar ortiqcha tortinishsiz aholi tanloviga ta’sir ko’rsatyapti, partiyalar maqomini himoya qilishmoqda.

Bular orasida eng qudratlisi Prezident Donald Trampning yaqin maslakdoshi, uning saylovdagi g’alabasiga muhim hissa qo’shgan, dunyoning eng boy odami Ilon Maskdir.

Mask - minglab nemislarni norozilikka chiqishga undagan kuch. U millatchilar guruhi AfD partiyasini ochiq-oydin qo’llab chiqdi, ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida “Germaniyani faqat AfD qutqarishi” haqida yozdi.

Saylov kampaniyasi davomida o’ziga tegishli “X” tarmog’ida AfD yetakchisi Alisa Vaysal bilan bevosita muloqot o’tkazdi. U o’ngchi millatchilarni Germaniyaning so’nggi umidi sifatida taqdim etarkan, iqtidordagi hukumat, amaldagi kansler Olaf Sholsni keskin tanqid ostiga oldi.

Maskning Germaniya matbuotidagi maqolasi esa nafaqat siyosiy guruhlar, balki jurnalistlar orasida ham keskin munozara qo’zg’adi, nemis jamiyatida nizolar qo’zg’atuvchi chiqish sifatida baholandi.

“Welt” nashrida bosh muharrir Filipp Burgard izohlari ostida e’lon qilingan maqola “Nega Ilon Mask AfDni qo’llab-quvvatlaydi?” deb nomlangan.

Bu nashrda saylovda AfDni qo’llashga chaqirilgan maqola e’lon qilinishi ortidan ayrim jurnalistlar tahririyat bilan hamkorlikni to’xtatishdi, norozilik tariqasida ishdan ketishdi.

Germaniyadagi o’ng millatchilarni siyosiy maydonda qo’llayotgan, ularni Germaniyaning kelajagi sifatida ta’riflayotgan siyosatchilardan yana biri Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbandir.

Yaqinda Orban AfD rahbari Alisa Vaydelni Budapeshtda qabul qildi, nemis millatchilari yetakchisi bilan rasmiy muzokaralar o’tkazgan Yevropadagi dastlabki liderga aylandi. Bu muzokaralar aynan saylovlar arafasida o’tkazilganiga diqqat qaratilmoqda.

Migratsiya Germaniya parlamenti uchun kechayotgan saylovlardagi asosiy mavzuga aylangan. AfD esa Germaniyani muhojirlardan xalos qilishga qaratilgan remigratsiya tashabbusini ilgari surayotgan kuch hisoblanadi.

Germaniyaning 80 milliondan oshiq aholisining 20 foizga yaqini muhojirlar, kelib chiqishi muhojirlarga borib taqaluvchi aholidan iborat deb ko’riladi. Migrantlar muammosi afg’onistonlik, deportatsiya ro’yxatiga kiritilgan muhojir sodir etgan qotillik, yosh bolani o’ldirishi ortidan yanada keskinlashdi.

Germaniyada millatchilarga qarshi norozilikka chiqayotgan aholi orasida kelib chiqishi muhojirlarga borib taqaluvchi fuqarolar ham ko’p.

Chorak asrlar muqaddam Germaniyaga kelgan afg’onistonlik o’zbek Bismilloh Faryobning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, u saylovda millatchilar qo’li baland kelishini istamaydi, chunki jinoyat uchun muhojir emas, millati, maqomidan qat’i nazar aniq bir shaxs javobgar.

“Bu yerda muhojirlarga qarshi uydirma qilayotgan siyosatchilar ham ko’p. Muhojirlar Germaniyada birinchi yil emas, jamiyatning bir qismiga aylangan. Ular hamma sohada ishlayapti, siyosatda yurganlari ham ko’p”, - deydi u.

Germaniya parlamenti uchun saylovlar 23-fevral kuni o’tadi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG