AQShda 12 kundan keyin prezident sifatida faoliyatini boshlovchi Donald Tramp Panama kanalini AQShga qaytarishda yoki Grenlandiya orolini qo’lga kiritishda harbiy kuch ishlatmaslikka kafolat bermasligini aytdi. Unga ko’ra, har ikkisi Qo’shma Shtatlarning milliy va iqtisodiy xavfsizligi uchun muhimdir.
"Grenlandiya milliy xavfsizligimiz uchun kerak. Bu haqda anchadan beri aytib kelaman. Prezidentlikka saylanishdan ancha oldin”, - dedi Tramp matbuot anjumanida.
Unga ko’ra, agar Grenlandiyaga egalik qilayotgan Daniya orolning AQSh tomonidan sotib olinishiga qarshilik ko’rsatsa, Vashington unga sanksiya qo’yadi.
Daniya bosh vazirasi Grenlandiya sotilmasligini aytib keladi. Tramp Daniyaning unga egalik qilishini shubha ostiga qo’yib, tekshirib ko’rish kerakligini aytdi.
Bu o’rtada Trampning to’ng’ich o’g’li kenja Donald shaxsiy samolyotda Grenlandiya poytaxti Nuk shahriga uchdi.
57 ming aholiga ega Grenlandiya Daniyadan AQShga qaraganda uzoq bo’lsa-da, Yevropadagi bu kichik mamlakat uni 600 yildan beri nazorat qiladi, biroq so’nggi yillarda orol mustaqil bo’lish ishtiyoqini bildirib keladi.
Grenlandiya minerallar, neft va tabiiy gazga boy. Biroq atrof-muhitga zarar yuzasidan xavotirlar sabab neft va gaz qazish man qilingan, tub aholi konlar faoliyatiga e’tiroz bildirmoqda.
Tramp ijtimoiy sahifasida AQShning o’z ichiga Kanada hududini ham olgan xaritasini qo’ydi.
Unga ko’ra, Kanada AQShga 51-shtat sifatida qo’shilishi kerak. Hafta boshida iste’fosini e’lon qilgan Kanada Bosh vaziri Jastin Trudo ikki davlat o’zaro savdodan foyda ko’rayotganini aytib, Kanada AQSh tarkibiga hech qachon kirmasligini ta’kidladi.
Trampning yaqin ittifoqchisi va milliarder Ilon Mask uning bu izohini mazah qilib, “Qizaloq, sen ortiq Kanada gubernatori emassan. Sening fikring bilan hech kimning ishi yo’q” deya munosabat bildirdi.
Tramp yaqinda u bilan uchrashuvga borgan Trudoni hazillashib “Kanada gubernatori” deb atagan edi.
Germaniya Kansleri Olaf Sholsning aytishicha, Yevropa davlatlari Trampning Kanada va Grenlandiya haqidagi izohlaridan taajjubda.
“Chegaralarning buzilmasligi haqidagi tamoyillar barcha mamlakatlarga taalluqlidir. Xoh bizdan sharqda bo’lsin ular, xoh g’arbda. Har bir mamlakat bunga amal qilishi kerak. Xoh kichik bo’lsin, xoh qudratli”, - dedi Shols.
Panama kanaliga kelganda Panama Prezidenti Xose Raul Mulino kanal Panamaga tegishli ekanini va uni hech kimga bermasligini aytadi.
"Panama kanalini Panamaga topshirganmiz. Xitoyga berganimiz yo’q. Ular buni suiiste’mol qilyapti. Hadyamizni suiiste’mol qilishyapti. Bunday bo’lishi kerak emas edi. Jimmi Karter kanalni Panamaga bergani uchun ham nazarimda saylovni boy bergan”, - dedi Tramp o’tgan hafta 100 yoshda vafot etgan sobiq prezidentni nazarda tutib.
Matbuot anjumanida Tramp, shuningdek, Meksika ko’rfazining nomini “Amerika ko’rfazi” deb o’zgartirishini, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan Ukrainadagi urushni muhokama qilish uchun uchrashishga tayyor ekanini aytdi.