Breaking News

Trampning immigratsiya siyosati xorijiy ishchi vizasiga qanday ta’sir qiladi?


2024-moliya yilida AQShda ishlashni istagan xorijiy ishchilar uchun H1-B vizasini olish imkoniyati juda yuqori bo‘ldi. Immigratsiya organlari ushbu turdagi vizalarga berilgan arizalarning katta qismini — 97 foizdan ortig‘ini tasdiqladi.

Bu so‘nggi o‘n yildan ortiq vaqt ichida ikkinchi eng yuqori tasdiqlash ko‘rsatkichi, ammo bu holat uzoq davom etmasligi mumkin. Immigratsiya bo‘yicha advokatlarning fikriga ko‘ra, agar Donald Trampning yangi ma'muriyati uning avvalgi immigratsiyani cheklovchi siyosatini qayta joriy etsa, vizalarni tasdiqlash jarayoni ancha qiyinlashadi. Bu esa, ayniqsa, Hindistondan kelgan yuqori malakali ishchilarga tayanadigan AQSh bizneslari va tashkilotlariga jiddiy ta'sir ko‘rsatishi mumkin.

“Menimcha, vizalarni tasdiqlash qiyinlashadi va jarayon yanada murakkablashadi”, - dedi Amerikaning Immigratsiya bo‘yicha advokatlar assotsiatsiyasining (AILA) hukumat bilan aloqalar bo‘yicha katta direktori va AQSh Fuqarolik va Immigratsiya Xizmati (USCIS) sobiq yuristi Sharvari Dalal-Deini.

H-1B dasturidan kompaniyalar qanday foydalanmoqda?

1990-yilda tashkil etilgan H-1B dasturi AQSh ish beruvchilariga texnologiya, muhandislik va sog‘liqni saqlash kabi ixtisoslashgan sohalarda xorijiy mutaxassislarni yollash imkonini beradi. Har yili lotereya asosida 85 000 ta viza ajratiladi. So‘nggi yillarda ushbu vizalarning 70% dan ortig‘i hindistonlik ishchilarga, undan keyin esa xitoylik fuqarolarga berilgan.

H-1B dasturi uzoq vaqtdan beri munozaralarga sabab bo‘lib kelmoqda. Uni qo‘llab-quvvatlovchilar ushbu dastur AQShga eng yaxshi xorijiy iste’dodlarni jalb qilish va muhim ish o‘rinlarini to‘ldirish imkonini berishini ta’kidlaydi. Milliy Amerika siyosati jamg‘armasi tomonidan 2016-yilda o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra, AQShda milliard dollarlik startaplarining deyarli to‘rtdan biri asoschisi dastlab xalqaro talaba sifatida AQShga kelgan.

Biroq tanqidchilarning fikricha, H-1B dasturi amerikalik ishchilarga zarar yetkazmoqda. Amerika Immigratsiyasini isloh qilish federatsiyasi (FAIR) vakili Ira Melmanning ta'kidlashicha, o‘n yil avval Disney yuzlab AQSh xodimlarini ishdan bo‘shatib, ularni chet ellik o‘rinbosarlarini ishga o‘rgatishga majbur qilgan. Bu voqea jamoatchilikda katta bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan.

Disney hech qanday noto‘g‘ri ish qilmaganini ta'kidlab, keyinchalik ochilgan sud da'volarida g‘olib bo‘lgan bo‘lsa-da, bu ish immigrantlarga qarshi guruhlar uchun kurash shioriga aylandi.

Amerika Immigratsiyasini isloh qilish federatsiyasining aytishicha, AQSh kompaniyalari tizimdan arzonroq xorijiy ishchilarni yollash uchun foydalanib, mahalliy ish haqlarini pasaytirmoqda.

“AQShda texnologiya sohasida yetarli miqdorda ishchilar mavjud va kompaniyalar avvalo amerikalik fuqarolarni ishga yollashi kerak”, - dedi FAIRning media direktori Ira Melman “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.

Melmanning ta'kidlashicha, dastur o‘zining dastlabki maqsadidan, ya’ni vaqtinchalik xorijiy ishchilar dasturidan chetga chiqib ketgan. Unga ko‘ra, xorijiy fuqarolar bu dasturdan AQSh fuqaroligini olish uchun yashirin yo‘l sifatida foydalanmoqda.

“Dastur bo’yicha siz belgilangan muddatga, vizangiz davomiyligiga mos ravishda bu yerga kelishingiz va keyin o‘z vataningizga qaytishingiz kerak”, - deydi Melman.

Bu fikrni ko‘plab Kongressdagi respublikachilar, shuningdek, 2016-yilda ushbu dasturni “arzon ishchi kuchi dasturi” deb atab, uni tugatishni maqsad qilgan Donald Tramp ham qo‘llab-quvvatlaydi.

Donald Tramp prezidentligining birinchi davrida H-1B dasturini tugatish rejalari amalga oshmadi. Biroq Tramp "Amerikadan sotib oling, amerikaliklarni yollang" farmonini imzolagandan keyin, ma'muriyat bu dasturga qarshi qat'iy choralar ko‘rdi. Immigratsiya organlari xorijiy ishchilar uchun ta'lim darajasi va ish haqi bo‘yicha qat'iyroq talablar joriy qildi.

Ushbu qoidalarning aksariyati sudlar tomonidan bekor qilindi, ammo immigratsiya xodimlari dasturga bosim o‘tkazishning boshqa usullarini topdi. Ular ba'zi vizalarni uch yil o‘rniga faqat bir yilga tasdiqladi, avtomatik uzaytirishlarni rad etdi va ish joylarida tekshiruvlarni kuchaytirdi.

Immigratsiya advokatlari ham viza arizachilari o‘z murojaatlarini ko‘rib chiqish uchun tobora ko‘proq dalil taqdim etishga majbur bo‘layotganini tasdiqladi.

Tramp ma'muriyatining H-1B vizalariga nisbatan qat'iy siyosati yangi vizalarni rad etish ko‘rsatkichining keskin oshishiga olib keldi. 2018-yilda rad etish darajasi 24% ga yetdi, 2019-yilda bu ko‘rsatkich biroz pasayib, 21% ni tashkil etdi. 2020-yilda esa rad etish darajasi 13% ga tushdi.

Bu raqamlar Obama davridagi ko‘rsatkichlardan ancha yuqori bo’lib, uning davrida murojaatlarning faqat 10% dan kamrog‘i rad etilgan.

“Tramp ma'muriyati H-1B tizimini bekor qilmadi, ammo uning asosiy qismini zaiflashtirdi”, - dedi Trampning birinchi ma'muriyati davrida USCISda maxsus maslahatchi sifatida ishlagan Dalal-Deini.

Trampning vizalar rejasi noaniq

Qoidalarni o‘zgartirish murakkab va vaqt talab qiladigan jarayon bo‘lsa-da, immigratsiya bo‘yicha advokatlar Trampning birinchi ma'muriyati xorijiy ishchilar uchun berilgan vizalar sonini cheklashda qo‘llagan taktikalarga qaytilishi ehtimoli haqida ogohlantirmoqda.

“Dickinson Wright” yuridik firmasining immigratsiya bo‘yicha amaliyot rahbari Katlin Kempbell Uolkerning aytishicha, federal firibgarlikka qarshi agentlar tomonidan nazoratning kuchaytirilishi jarayonni sekinlashtirishi va H-1B vizasini tasdiqlashni yanada qiyinlashtirishi mumkin.

Yangi ma'muriyatning viza dasturi bo‘yicha rejalari hali ham noma’lumligicha qolmoqda. Trampning o‘tish davridagi jamoasi “Amerika Ovozi”ning izoh so‘rovida darhol javob bermadi, biroq joriy yil boshida uning kampaniya vakili “The Washington Post” nashriga bergan bayonotida Tramp Oq Uyga qaytishi bilan “ilgari amal qilgan barcha immigratsiya siyosatlarini tiklashini” ma'lum qilgan.

Tramp ma'muriyatining hujjatsiz muhojirlarga qarshi chora-tadbirlarni kuchaytirishga e'tibor qaratishi kutilayotgan bo‘lsa-da, immigratsiya bo‘yicha advokatlar yangi ma'muriyat qonuniy immigratsiyani ham nishonga olishi mumkinligidan ogohlantirmoqda. Bunga misol qilib Trampning yangi Oq Uy rahbari o‘rinbosari etib immigratsiyaga nisbatan keskin qarashlari bilan tanilgan Stiven Millerning tayinlanishini keltirmoqda.

Hozircha Trampning immigratsiya siyosati bo‘yicha fikrlar turlicha. U AQSh kollej va universitetlarini tamomlagan xorijiy bitiruvchilarga “grin karta” berish g‘oyasini ilgari surgan. Shuningdek, Trampning yaqin ittifoqchisi Ilon Mask H-1B dasturining kuchli tarafdori hisoblanadi. 2024-moliya yilida “Tesla” 742 nafar yangi xorijiy ishchini ishga qabul qilgan bo‘lib, H-1B vizasi tasdiqlangan AQSh kompaniyalari orasida 16-o‘rinni egallagan.

Maskning Tramp immigratsiya siyosatiga qanday ta'sir ko‘rsatishi noma'lum, ammo Uolker uning H-1B vizasi kategoriyasi uchun ijobiy o‘zgarishlarni amalga oshirishga yordam berishidan umidvor.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG