Breaking News

Tulsi Gabbard - AQSh Milliy razvedka idorasining yangi rahbari


Tulsi Gabbard, Kongressning sobiq a'zosi, 20 yildan oshiq harbiy xizmatda bo'lgan. Oldin demokrat edi, hozirda respublikachi. Barak Obama va Jo Bayden siyosatining ashaddiy tanqidchisi.
Tulsi Gabbard, Kongressning sobiq a'zosi, 20 yildan oshiq harbiy xizmatda bo'lgan. Oldin demokrat edi, hozirda respublikachi. Barak Obama va Jo Bayden siyosatining ashaddiy tanqidchisi.

Gavayi shtatidan chiqqan 43 yoshli Tulsi Gabbard AQSh Milliy razvedka idorasi rahbari sifatida ish boshladi. Gabbard, Kongressning sobiq a'zosi, sobiq harbiy. Demokratik partiyadan ketib, o'tgan yili respublikachilarga qo'shilgan.

Senat uning nomzodligini bir necha kun qizg'in muhokama qilib, 100 a'zolik palata 52 ovoz bilan uni ma'qullagan. Gabbard demokratlar va hatto ayrim respublikachilarning keskin qarshiligiga uchrashining sababi - uning maxfiy ma'lumotlar va razvedka xususida oldin aytgan tanqidiy gaplari.

Oq uyda qasamyod marosimidan keyin so'zlar ekan, Gabbard Prezident Trampga Amerika xalqiga berilgan va'dalarni bajarishda sidqidildan yordamlashishga tayyorligi va razvedka tizimini isloh qilish uchun bel bog'laganini aytdi.

"Amerika xalqining razvedka xizmatlarimizga ishonchi pasayib ketgan. Chunki bu tizim ham siyosiy qurol sifatida qo'llangan. Aslida u milliy xavfsizligimiz yo'lida xizmat qilishi kerak", - deydi Gabbard.

Gabbardga ovoz bermagan keksa respublikachi senator Mitch Makkonnell unga ishonchi yo'qligini bildirgan.

Senatda demokratlat oxirgi daqiqagacha respublikachilarni nomzodni ma'qullamaslikka chaqirdi.

“Vijdonan ish tuting. Rossiya propagandasini va konspiratsion nazariyalarni tarqatgan odamni qanday qilib razvedka idorasi tepasiga olib kelasiz?" - deya so'radi demokrat senator Chak Shumer.

Shumer deydiki, aslida aksariyat respublikachilar uning fikriga qo'shiladi, ammo partiyabozlik qilib, Gabbardga ovoz bergan.

“Agar yashirin ovoz berganimizda, Gabbard uzog'i bilan 10 ta ovoz olardi. Odamlar biladi, savol ketidan savol. Lekin ular Donald Tramp va Elon Maskdan qo'rqib, boshqacha ovoz berdi", - deydi Shumer.

Prezident Tramp nazarida Gabbard o'ta jasoratli vatanparvardir.

Gabbard dastlab Gavayi shtatida qonunchilik qilgan. 2013-2021 yillarda Vakillar palatasi a'zosi edi. 202o-yilda Oq uy uchun poygaga ham kirgan, ammo uzoqqa bora olmagan.

Senatda Razvedka qo'mitasi raisi respublikachi Tom Kotton Gabbardni vatan uchun jang maydonida va siyosiy maydonda kurashib kelayotgan fidoiy deb atagan.

Gabbard bir necha yil oldin Milliy xavfsizlik agentligining sobiq xodimi Edvard Snouden minglab maxfiy ma'lumotlarni oshkor etganini yoqlab, uni qahramon deb atagan. Snouden Rossiyaga qochgan. Gabbard esa AQSh uni afv etishi kerak, deya targ'ibot olib borib, qonun loyihasi taklif qilgan.

Bu borada so'roq qilinganida, Gabbard senatorlarga qayta-qayta bir javobni berdi: " Men konstitutsiyamiz va xavfsizligimizga sodiqman".

Senatorlar Gabbarddan uning 2017-yilda Suriyaga borib, uning uzoq yillik yakkahokimi Bashar al-Asad bilan so'zlashgani haqida ham so'radi. O'z xalqiga nisbatan kimyoviy qurollar qo'llagan inson bilan muloqot qilgani yuzasidan shubha-gumonlar hamon keng ekanini senatorlar ko'p marta qayd etdi.

Kongressning ko'plab a'zolari Gabbardni Rossiyaning 2022-yilda Ukrainaga bostirib kirishini ham yoqlaganlikda ayblaydi.

"Sizning qanday fikrlashingiz, qarashlaringiz, malaka va tajribangiz yuzasidan jiddiy xavotirlarim bor. Siz muntazam ravishda dushmanlarimizning eng yomon ishlarini oqlagansiz", - dedi demokrat senator Mark Vorner Gabbardga qarata.

Republikachi senator Todd Yang deydiki, Gabbard AQSh razvedkachilari maxfiy ma'lumotlarni oshkor etgan taqdirda ularni keskin javobgarlikka tutilishini ta'minlashga so'z bergan va bunday holatlarni aslo yoqlamasligiga ularni ishontira olgan.

Gabbard, shuningdek, Snouden taqdiri yuzasidan prezident va adliya vaziriga aslo tavsiya bilan chiqmaslikni va'da qilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG