Ekspertlar faoliyati to’xtatilgan AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligini (USAID) dunyo bo’ylab AQSh siyosati, qadriyatlari, yordami va insonparvarlik tamoyillarini olg’a surib kelgan tayanch tashkilotlardan biri sifatida qayd etishadi.
Prezident Donald Tramp USAID faoliyatini tugatishni buyurdi. Tabiiyki, USAID loyihalari to’xtatilishi uning faoliyat yo’nalishi bo’lgan xorij davlatlari, xususan Markaziy Osiyo, O’zbekistonda ham bilindi, ayniqsa endigina tiklanib kelayotgan fuqarolik jamiyati hayotida.
O’zbek siyosatshunosi, “Bilim karvoni” nodavlat tashkiloti rahbari Farhod Tolipovga ko’ra, USAID ishini to’xtatgani avvalo AQShning dunyodagi yetakchilik nufuziga jiddiy soya soladi, xususan AQSh global siyosati timsoliga bo’lgan, asrlar davomida shakllangan demokratik tamoyillar va inson huquqlari masalasida.
Bu so’nggi o’n yilliklar davomida dunyo miqyosida demokratiya, demokratik boshqaruvga kuchaygan intilishlarga ham xavf soladi, avtoritar rejimlarning nufuzini oshiradi.
Tolipovning aytishicha, USAID tugatilishi AQShning o’zida ham demokratik tamoyillar chekinishiga turtki berishi mumkin, chunki USAID AQShda shakllanib, dunyo bo’ylab targ’ib qilinayotgan demokratik tamoyillar va qadriyatlarning timsoliga aylangan edi.
Tramp jamoasi tomonidan olg’a surilayotgan Amerikani buyuklashtirish (Make America Great Again) shiori esa aynan shunga, AQShning dunyodagi yetakchilik maqomiga asoslangan edi.
“Gap shundaki, Tramp demokratik saylovlar natijasida hokimiyatga keldi, buning ortidan u demokratik dunyoda shov-shuv, e’tirozlarga sabab bo’layotgan qarorlar qabul qilmoqda. Bu qarorlar biz o’rganib kelgan, klassik, an’anaviy demokratik tamoyillarga mos emas, fundamental demoktratik qadriyatlarga zid deyishimiz mumkin. Bu Tramp tomonidan yuritilayotgan ichki siyosiy tizimda ham, AQShning tashqi siyosatida aks etmoqda. Bu yerda eng muhimi shuki, asrlar davomida shakllangan, xalqaro maydonda dunyoga taqdim etilgan “Amerika qadriyatlari” sifatida tanilgan qadriyatlar, Amerika buyukligi, uning demokratiyasi aynan global dunyo, xalqaro maydondagi faoliyat, buni shakllantirish bilan parvarish qilib kelingan edi. Ya’ni AQSh demokratiyasi, buyukligi xalqaro maydondagi faoliyat bilan oziqlandi, shunga tayanib keldi. Trampning AQSh tashqi siyosati bo’yicha qabul qilayotgan qarorlari esa bu qadriyatlarni jiddiy xavf ostiga qo’yadi, bundan AQSh demokratiyasining o’zi ham yutqazadi”, - deydi siyosatshunos.
AQSh hukumati USAID faoliyati samarasizligi, AQSh manfaatlariga javob bermasligi sabablari bilan yopilishi kerakligini aytgan. Dastlab agentlikning faoliyati samarasiz ekani haqida Trampning maslahatchisi Ilon Mask bayonot berdi, keyinchalik Prezident Trampning o’zi ham idora faoliyatida ko’plab xatoliklar bo’lgani, korrupsiya holatlari mavjudligi haqida gapirdi.
AQShning tashqi siyosatida, xususan AQSh tomonidan dunyoga ko’rsatilayotgan iqtisodiy, insonparvarlik yordamlarida muhim orin tutgan USAID loyihalari ayni paytda to’xtatilgan, jumladan Markaziy Osiyoda ham.
USAID o’z faoliyati davomida naqafat mintaqa hukumatlari bilan iqtisodiy hamkorlik yuritgan, balki turli ijtimoiy loyihalarni amalga oshirgan, shuningdek, aksariyati moliyaviy ta’minotdan mahrum nodavlat tashkilotlar, fuqarolik jamiyati shakllanishiga ham ko’mak ko’rsatib kelgan.
Farhod Tolipovga ko’ra, Trampning tashqi siyosatdagi qarorlari aynan Markaziy Osiyoda fuqarolik jamiyati shakllanishi jarayoniga salbiy ta’sir ko’rsatadi, avtoritar rejimlar mustahkamlanishiga qulay imkoniyat yaratib beradi.
“Sobiq prezident Jo Bayden global dunyoda demokratik va avtoritar rejimlar o’rtasida keskin kurash ketayotganini ta’kidlab kelar edi. Tramp kelib AQSh demokratik dunyo yetakchiligidan voz kechayotgani, xalqaro maydondagi siyosatdan chekinib, izolyatsiyani tanlashi, nazarimda, global dunyoda avtoritar rejimlarning g´alaba qilishini anglatadi. Bu so’nggi o’n yilliklar davomida dunyo miqyosida demokratiya, demokratik boshqaruvga kuchaygan intilishlarga ham xavf soladi, avtoritar rejimlarning nufuzini oshiradi. Chunki biz AQSh to’rt yildan keyin demokratik dunyo yetakchiligiga qaytadimi, yo’qmi, buni ham bilmaymiz. Siyosatshunoslikda, ilmiy doiralarda mamlakat tashqi siyosati uning ichki siyosatini aks ettirishiga doir tasdiqlangan qarashlar mavjud”, - deydi Tolipov.
Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan O´zbekiston ham avtoritar boshqaruvdagi davlat hisoblanadi.
Mintaqada mustaqil fuqarolik jamiyati shaklanishi, so’z erkinligi va inson huquqlari ta’minlanishiga doir jarayonlar asosan G’arb davlatlari, shu jumladan USAID tomonidan qo’llab-quvvatlab kelinayotgan edi.