AQShning Roud Aylend shtatida federal sudya qaroriga ko'ra, Tramp ma'muriyati hukumat xarajatlariga qo'ygan taqiq noqonuniydir va mablag' darhol ko'zlangan maqsadlar uchun sarflanishi shart.
Aslida bu kabi qaror 31-yanvarda chiqarilgan edi, ammo ma'muriyat bu buyruqni to'liq bajarmagan, deyiladi yuridik hujjatda.
Oq uy bu qaror ustidan yuqori sudga shikoyat qilayotganini bildirgan.
Tramp ma'muriyati ustidan arz qilgan tomonlar deydiki, Kongress ajratgan pul oqimini to'xtatish konstitutsiyaga ziddir. Ular yangi ma'muriyat qo'ygan barcha to'siqlar olib tashlanishini talab qilmoqda.
Xususan, Nyu-York shtatida davlat idoralari ular uchun belgilangan milliardlab dollar mablag' hamon uzatilmagan.
Tramp ma'muriyatiga ko'ra esa sud qarori barcha to'siqlarni qoplamagan va masala hal bo'lishi vaqt oladi va tizimdagi boshqa omillarga ham bog'liq.
Arz qilayotganlar nazarida esa Oq uy shunday bahonalar bilan federal sudga bosh egmaslik payida. Vaholanki, deydi ular, qarorda hukumat nima qilishi kerakligi aniq tushuntirilgan.
Sudga chiqqanlar - qator shtatlar. Ular bu harakatni Donald Tramp prezidentlikka kelishi bilan imzolagan farmonlardan va bergan buyruqlardan nolib boshlagan.
Prezident Tramp o'z qarorlarida qat'iy ekanini eslatib turibdi, ya'ni hukumat kamroq xarajat qiladi, tizim kichrayadi, xizmatchilar soni ozayadi.
Oq uy tashlagan boshqa qadamlar ham sudlar e'tiborida, jumladan tashqi yordamni yetkazuvchi AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligining ishdan to'xtatilishi va davlat xodimlarini kamaytirish uchun qilingan takliflar.
Sud bu shikoyatlar yuzasidan ham ma'muriyat ishlarini qoralagan.