18-asr oxirlarida qabul qilingan AQSh Konstitutsiyasi immigratsiya va fuqarolikka doir asosiy qarorlarni Kongress ixtiyorida qoldirgan.
Prezident Donald Tramp AQShda tug’ilganlik asosida fuqarolik olishga chek qo’yadigan farmonni imzolagan.
“Hududida tug’ilgani uchun fuqarolik beradigan yagona davlatmiz. Bu ayanchli. Sabablarimiz asosli, bu ishni o’nlab yillar davomida amalga oshirishni istaganlar bor”, - deydi prezident.
Tanqidchilarga ko’ra, Konstitutsiyaga kiritilgan 14-tuzatish fuqarolik huquqining tamal toshi, buni prezident bekor qila olmaydi.
“Aslida, 14-tuzatish qora tanli qullarning fuqarolik olishiga imkon yaratishga qaratilgan. Prezident konstitutsion huquqlar va konstitutsiyaga kiritilgan tuzatishlarni bekor qilish vakolatiga ega emas. Bu Kongress vakolati. Demak, farmon noqonuniy”, - deydi immigratsiya bo'yicha advokat Tuyet Duong.
Farmon tarafdorlari nazdida, immigratsiya tizimida adolat o’rnatish fursati allaqachon yetilgan.
“Prezident Tramp Amerikani takror buyuk mamlakatga aylantirish uchun immigratsiya tizimida adolatni tiklash va 14-tuzatishning asl mohiyatini himoyalash muhim deb biladi. Uning tarixiy farmoni ilg’or qadam bo’ladi”, - deydi texaslik qonunchi Brayn Babin.
Farmon AQSh bo’ylab yuridik bahslarni qizitib, allaqachon sud jarayonlari boshlangan. 22 shtatning demokrat bosh prokurorlari 14-tuzatish asosida Tramp farmoniga qarshi sudga murojaat qilgan.
“Oliy sud xitoylik immigrantlarning fuqarolik da’vosi ko’rib chiqilgan ishda 14-tuzatish asos bo’lishini tasdiqlagan va da’vogarlarga fuqarolik taqdim etilgan”, - deydi advokat Duong.
Siettlda federal sudya Tramp farmonini vaqtincha to’xtatgan. Ish Oliy sudga ko’tarilsa, mamlakatda fuqarolik tushunchasi yangi mazmun kasb etishi mumkin. Agar farmon o’z kuchini saqlab qolsa, muhojirlarning tug’ilajak go’daklari, tug’ilganlik haqida guvohnoma va ijtimoiy himoya raqamlarini hanuz olmaganlar muammoga duch keladi.