Breaking News

AQShda tug'ilish endi "avtomat" fuqarolik huquqi emasmi?


Kaliforniya shtatidagi immigratsiya idorasi, 11-dekabr, 2018
Kaliforniya shtatidagi immigratsiya idorasi, 11-dekabr, 2018

Donald Tramp prezidentlikka qaytiboq bergan farmonlaridan biriga ko'ra, Amerikada vaqtincha yashayotgan yoki mamlakatda hujjatsiz yurgan xorijliklarning bu zaminda tug'ilgan bolasi fuqarolik olish huquqiga ega bo'lmaydi. AQSh bosh qomusi shu kungacha bunga yo'l bergan, Tramp unga qarshi.

Farmonga binoan 2025-yilning 19-fevralidan keyin noqonuniy muhojir yoki mehmondan dunyoga kelgan go'dakka amerikalik bo'lishdek "avtomat" erkinlik berilmaydi.

H1B va L1 kabi vizada kelgan bo'lsangiz, ya'ni Amerikada ishlayotgan chet ellik bo'lsangiz ham bu huquqni unutasiz.

Boshpana so'rab, javobini kutayotganlar ham bu yerda farzandli bo'lsa, u fuqaro bo'ladi degan umidni uzishi kerak.

Ota-ona hujjatsiz yurgan bo'lsa, go'dakka ham pasport va boshqa zarur hujjatlar berilmasligi kerak.

Vashington shtatida federal sudya Tramp farmoniga allaqachon to'siq qo'yib, konstitutsiyaga zid bu harakat amalga oshirilmaydi, deya qaror chiqardi.

Prezident Donald Tramp
Prezident Donald Tramp

Tramp tarafdori bo'lgan ko'plab huquqshunoslar tahlilicha, bosh qomus aslida Amerikada yashayotgan insonlarning unda tug'ilgan bolalariga fuqarolik berishni nazarda tutgan.

Konstitutsiyada binoan, "AQShda dunyoga kelgan yoki qabul qilingan odamlar AQSh va yashab turgan shtatlarining fuqarolaridir".

Huquq himoyachisii Maya Vayli uchun bosh qomus davlatning eng oliy hujjati va uni prezident ham buza olmaydi.

“Bu - bizning fundamental tamoyilimiz", - deydi Vayli.

Konstitutsiyani o'zgartirish - Amerikada bag'oyat murakkab jarayon.

Migratsiya siyosati institutidan Muzaffar Chishti deydiki, Tramp farmoni amalga oshmaydi, chunki buning uchun bosh qomus yangilanishi lozim. Sudyalar unga bosh egadi.

Amerikada noqonuniy yoki vaqtincha yurganlarning bu yerda dunyoga kelgan bolasi fuqarolikka haqli bo'la olmaydi, deyiladi Prezident Tramp farmonida.
Amerikada noqonuniy yoki vaqtincha yurganlarning bu yerda dunyoga kelgan bolasi fuqarolikka haqli bo'la olmaydi, deyiladi Prezident Tramp farmonida.

Mutaxassislar taxminicha, farmon ijrosi tizimda chigalliklarga yetaklashi, tegishli idoralar uchun muammolarni ko'paytirishi tayin.

Tramp esa saylovchiga bergan va'dasini bajarishini, "tug'ilish turizmi"ga barham berishga bel bog'laganini aytmoqda. Uningcha, butun dunyodan odamlar Amerikaga ataylab shu huquqqa ega bo'lish uchun kelib, farzandli bo'ladi. Hech bir davlatda bunday "avtomat huquq" yo'q, deya tanqid qiladi prezident.

Kamida 22 shtatda bu farmondan sudga shikoyat qilingan. Ular ortida nufuzli nohukumat tashkilotlar turibdi, shuningdek, shaharlar va shtatlarning hukumatlari, jumladan Meyn va Massachusettsdagi uyushmalar, Kolumbiya okrugi va San-Fransisko shahar hokimiyatlari.

"Tramp farmoni qonunlarimizga to'g'ri kelmaydi va biz bunga qarab turmaymiz", -deydi Alba Villa, fuqaro erkinliklari faoli.

Merilend shtatida ham farmon yuzasidan arz qilingan.

Oq uy esa kurashga tayyorligini bildirmoqda. Tramp ma'muriyatiga ko'ra, jarayon og'ir kechishi oldidan aniq, lekin hukumat chekinmaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG