Breaking News

Jahon banki: Afg'onistonda iqtisod beqaror


Mozori-Sharifda xayriya tashkilotidan ovqat so'rab kutib turgan bolalar, 16-fevral, 2025
Mozori-Sharifda xayriya tashkilotidan ovqat so'rab kutib turgan bolalar, 16-fevral, 2025

Jahon banki 17-fevral kuni chiqargan hisobotga ko'ra, Afg'oniston Tolibon hukmronligi ostida iqtisodiy jihatdan ildamlamagan, doimiy nochorlikda, siyosat mavhum, moliyaviy sektor izolyatsiyada, xorijdan yordam ozayib ketgan, tashqi savdo cheklangan.

Natijada Afg'oniston xalqi yanayam qashshoqlashgan. Urush va tabiiy ofatlardan tinkasi qurigan yurt uchun imkoniyatlar bag'oyat kam.

2024-yilda Afg'onistonning tijoriy kamomadi 54 foizni tashkil etgan, ya'ni 9 milliard dollarga yetgan. Bu ko'rsatkich Afg'onistonning yalpi yillik milliy mahsulotining 45 foiziga teng. Eksport 5 foizga ozaygan, 1,8 milliard dollarga. Xususan ko'mir va to'qimachilik mahsulotlari eksporti tushib ketgan.

AQSh yetakchiligida deyarli 20 yillik harbiy harakatlardan so'ng, 2021-yilning avgustida Kobulda hukumatni yana toliblar egallab, Amerika kuchlari va xalqaro koalitsiya chiqib ketgan.

Xalqaro hamjamiyat Afg'oniston bilan aloqani uzib, xorijiy yordam bag'oyat ozaygan. Tolibonga nisbatan sanskiyalar hamon amalda.

Ularni olib tashlash uchun Tolibon Afg'onistonda demokratik boshqaruvga yo'l berishi, inson huquqlarini hurmat qilishi va terrorizmga qarshi kurashayotganini isbotlashi lozim.

Jahon bankiga ko'ra, Kobul soliq va bojdan daromad olmoqda, xususan chegara punktlaridan pul tushadi va buning iqtisodiy ahamiyati yuqori.

Afg'oniy 2021-yilning yozida Tolibon hokimiyatga kelganidan beri yanayam qadrsizlanib, Afg'oniston iqtisodiyoti oldingidan ham nochorlashgan
Afg'oniy 2021-yilning yozida Tolibon hokimiyatga kelganidan beri yanayam qadrsizlanib, Afg'oniston iqtisodiyoti oldingidan ham nochorlashgan

Bank toliblarning moliyaviy siyosatini tahlil qilishga qiynalayotganini bildiradi, chunki uni tushunish qiyin.

Pokiston bilan savdo tekis emas. Eron, Qozog'iston va O'zbekiston bilan tijorat ham salmoqli emas, chunki ularning har biriga Afg'oniston eksportining taxminan 3 foizi to'g'ri keladi.

“Biroq Pokistonga eksport 45 foiz, Hindistonga esa 34 foiz", - deyiladi Jahon banki hisobotida.

Afg'oniston Pokiston orqali dengizga chiqadi. Ikki tomonlama tijorat va bu qo'shni yordamidagi xalqaro savdo Kobul uchun hayot-mamot masalasi deya ta'riflanadi.

Lekin Pokistondagi qonli xurujlarda Afg'onistondagi terrorchilar gumon qilinar ekan, toliblarga Islomobodda ishonch past.

Pokiston hukumati Tolibonni soliq va bojni asossiz oshirganlikda ayblaydi. Ko'mir narxini ko'targani sabab Afg'oniston bilan bu sohadagi hamkorlik ham ozaygan.

islomobodga ko'ra, Kobul bilan ko'plab kelishuvlarga erishilmagani bois o'zaro savdo kengayishi qiyin.

Biror davlat Tolibonni Afg'onistonning yangi hukumati sifatida tan olmagan. Qator mamlakatlar u bilan diplomatik dialogni yo'lga qo'ygan xolos.

Afg'onistonning markaziy bankiga tegishli 9 milliard dollar AQSh tomonidan muzlatilgan. Mamlakat iqtisodiyotining nochor va beqarorligida toliblar G'arbni ayblaydi.

XS
SM
MD
LG