Ukraina va Rossiya orasida tinchlikka erishish va Yevropaga nisbatan tariflarni oshirish haqida bong urib kelayotgan Prezident Donald Tramp 27-fevral kuni Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer bilan Oq uyda muloqot qildi.
Xavfsizlik, NATO, savdo va boshqa masalalar muhokama qilingan muzokaralar yakunida kechgan matbuot anjumanida rahbarlar ittifoqchilik rishtalar mustahkam, deya ta'kidladi.
Yevropa o'z barqarorligi uchun o'zi ko'proq qayg'urishi kerak, shu kungacha AQShga tayanib kelgan va Ukrainadagi mojaro ham avvalo Yevropaning muammosi, deya Tramp bot-bot eslatdi.
Amerika Ukrainaga xavfsizlik kafolati bermaydi, deydi prezident. Britaniya esa sulh ketidan bu mamlakatga G'arb tinchlikparvar kuchlari kirishi kerak, degan pozitsiyada.
“Tinchlikparvarlik qiyin ish emas, oldin kelishuvga erishaylik", - deydi Tramp.
“Biz uzoq muddatli tinchlikka eishishimiz kerak, sulh bilan cheklana olmaymiz. Xavfsizlik kafolati bo'lishi shart", - deydi Starmer.
Britaniya shu tariqa Ukrainaga o'z kuchlarini yuborishga tayyor va Amerika ham tinchlikparvarlik ishlariga hissa qo'shadi, degan umidda.
Rossiya rahbari Vladimir Putin bunday kuchlarga qarshi va Yevropani buzg'unchilikda ayblamoqda. AQSh bilan til topisha boshlaganiga ishonayotgan Putin fikricha, jarayonga Yevropa hukumatlari to'sqinlik qilmasligi kerak.
Jo Bayden prezidentligida Rossiya agressor deb bilgan va unga qarshi global koalitsiya tuzgan AQSh endi Kreml bilan aloqani tiklash payida va Putinga nisbatan yonashuv yumshagandek. Tramp shu tariqa Putin bilan kelishuvga erishish ilinjida.
Oq uy rasmiylari Ukrainaga tinchlikparvar kuchlar kirishi nozik masala deya ta'kidlagan, biroq bu tashabbusni butkul chetga surmagan. Birlamchi vazifa, deydi ular, urushni to'xtatish.
Starmer Trampni muzokalarni Ukrainasiz va Yevropasiz olib bormaslikka undagan.
Jorj Marshall fondidan ekspert Gesin Veber tahlilicha, Yevropa strategik jihatdan qanday qadam tashlashi muhim.
NATO a'zolari yillik daromadining 5 foizini blok uchun ajratsin, deydi Tramp.
2023-yilda AQShning o'zi 3,4 foizini bu ittifoq uchun sarflagan. O'tgan yilgi xarajat hali aniq emas.
Starmer Britaniya harbiy byudjeti kelasi ikki yilda 2,5 foizga oshishini e'lon qilgan. London tashqi yordam hajmini pasaytirgan.
Bosh vazir uning davlati ham o'z manfaatlarini har narsadan ustun qo'yishini eslatib, Amerika bilan azaldan serqirra aloqalarni kengaytirish istagida.
Brukings institutidan Maykl Ohanlon deydiki, Vashington va London yakdilligi NATO, Yevropa va global hamjamiyat uchun o'ta yuqori ahamiyatga ega.
"Bu ikki qudratli ittifoqchi hamjihat bo'lmasa, Rossiya va Ukraina orasida barqarorlikka erishish mumkin emas", - deydi Ohanlon.
Tramp so'zlariga ko'ra, Ukrainaning NATOga kirishi amri mahol va Kiyev bu orzudan voz kechishi kerak. Aslida urush shu orzu sabab boshlangan, deya tanqid qiladi u.
O'zaro savdoga kelganda, Starmer Vashington tariflarni oshirganidan norozi va Oq uy bilan bu masalada ham til topishish harakatida. Po'lat va alyuminiyga tarif AQSh tomonidan 25 foizga chiqarilgan. Tramp boshqa tovarlarga ham tariflarni ko'tarmoqchi.
Londondan kelgan delegatsiya Amerika hukumatiga bunday siyosat uning o'ziga ham qimmatga tushadi, deya ogohlantirgan.