Breaking News

Germaniyada rahbariyat yangilanarkan, siyosiy kayfiyat ham o'zgacha


Xristian demokratlar partiyasi lideri Fridrix Mers Germaniya kansleri bo'lish arafasida
Xristian demokratlar partiyasi lideri Fridrix Mers Germaniya kansleri bo'lish arafasida

Germaniyadagi saylovlarda konservatorlar g’alaba qildi, ammo bu saylovdan yutganlar radikal o`nglar va so`llar ekani ta’kidlanmoqda.

Fridrix Mers boshchiligidagi Xristian demokratlar partiyasi (SDU/CSU) 29 foizga yaqin ovoz bilan saylov g`olibi sifatida e’lon qilindi.

Ikkinchi o`rinda o`ng millatchilar - Germaniya uchun alternativa partiyasi (AfD), 20 foizdan oshiq ko`rsatkich bilan tarixiy natija qayd etdi.

Amaldagi kansler Olaf Sholtsning Sotsial demokratlar partiyasi (SDP) 16 foiz bilan uchinchi, Yashillar partiyasi (Die Grune) 12 foiz bilan to`rtinchi o'rinda. So’llar (Die Linke) ham 9 foizga yaqin ovoz bilan parlamentga kirishga muvaffaq bo`lgan.

Germaniyada partiyalar parlament tarkibida bo'lishi uchun saylovchilarning 5 foizdan oshiq ovozini to`plashi kerak.

Germaniyada Xristian demokratlar partiyasi lideri Fridrix Mers parlament saylovlaridagi g'alabani tantana qilmoqda, Berlin, 23-fevral, 2025
Germaniyada Xristian demokratlar partiyasi lideri Fridrix Mers parlament saylovlaridagi g'alabani tantana qilmoqda, Berlin, 23-fevral, 2025

Fridrix Mers 29 foiz bilan mustaqil tarzda hukumatni shakllantira olmaydi, ayni paytda u SDP bilan muzokaralar olib bormoqda.

Mers Germaniya siyosiy maydonidagi an’ana buzmoqchi emas, ya'ni millatchi kuchlar bilan ittifoqqa bormadi, ya'ni AfDning hamkorlik taklifini rad etdi.

SDU yetakchisi saylov arafasida migratsiya bo`yicha qonunni ma’qullash uchun AfD bilan yakdilligi sabab keskin tanqid ostida qoldi. Bu 30 foizdan oshiq ovoz olishi kutilgan partiyaning reytingi tushishiga ham sabab bo’ldi.

Saylov natijalari Germaniya siyosiy maydonida markaziy kuchlar, konservatorlar jiddiy zaiflashayotgani, o’ng va so`ldagi partiyalar kuchaya boshlaganini ko`rsatdi.

O’ng millatchilar AfD saylovda ikkinchi o`rinni egallashi avvaldan taxmin qilingan bo`lsa, So`l sotsial partiya (Die Linke) sal kam 10 foiz ovoz to’plashi ko’plar uchun kutilmagan natija bo`ldi.

So`llar poytaxt Berlindagi mahalliy saylovlarda barcha partiyalarni ortda qoldirgani mamlakatdagi siyosiy maydonda jiddiy burilishlar kutilayotganidan darak o`laroq baholanyapti.

Germaniya Rossiyani bosqinchi kuch deb biladi va Ukrainani quvvatlab kelmoqda, Berlin, 24-fevral, 2025
Germaniya Rossiyani bosqinchi kuch deb biladi va Ukrainani quvvatlab kelmoqda, Berlin, 24-fevral, 2025

Saylov aholi tanlovi markaziy kuchlar emas, millatchi o`nglar yoki so`llar hisobiga oshayotganini ko`rsatdi, ekstremist kuchlarga qiyoslangan o`ng millatchilar avvalgi saylovlarga nisbatan sal kam o`n foizga ko’paygan bo`lsa, so`l qanotdagi partiya tarafdorlari 5 foizga oshgan.

AfD migrantlarga nisbatan keskin siyosat, cheklovlar tarafdori. So`llar esa migratsiya bo`yicha cheklovlar bekor qilinishi, qochqinlarga boshpana berishni yoqlaydi.

So´l partiya, ayrim ekspertlar nazarida, populistik chiqishlari bilan asosan yoshlar tomonidan quvvatlanmoqda.

Asli afg’onistonlik, hozirda Germaniya fuqarosi bo`lgan Bismilloh Faryobning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, u saylovda SDP uchun ovoz bergan. So`llar partiyasi haqida esa ularning saylovdagi g’alabasi ortidan xabar topgan.

“Saylov o´tdi, SDP hukumatga sherik bo`lyapti. Mers migratsiya bo`yicha qattiq siyosat boshlab yuboradi deb o`ylamayman, baribir ittifoqchilari bilan hisoblashadi. Saylovda arfasidagi va’dalarga boshqa, Germaniya uchun muhojirlar, ishchilar kerak, buni saylov g’oliblari ham, remigratsiyani targ’ib qiladiganlar ham yaxshi bilishadi. Qanday hukumat bo`ladi, ko`ramiz, lekin millatchilar, odam ajratadiganlar chetda qolishi albatta bu yaxshi ishora”, - deydi Faryob.

Mers migratsiyani cheklash tarafdori. Qochqinlar oqimini to’xtatish, chegara nazoratlarini kuchaytirish – uning saylov arafasidagi asosiy va’dalari.

Partiyaning migratsiya masalasida bir qadar mo`tadil qarashdagi SDP bilan ittifoqqa kirishayotgani shu bois jiddiy tortishuvlarga turtki bermoqda.

Germaniya tashqi siyosati, Yevropa Ittifoqi doirasidagi jarayonlar, shuningdek, Ukraina bo`yicha yondashuv bo’yicha ham munozara avjida.

Qo’shma hukumat tuzishi kutilayotgan ikki partiya Ukraina tarafida. Kansler Sholts Ukrainaga uzoq masofaga uchuvchi Taurus rusumidagi raketalar bermaslikka qaror qilgan.

Mers saylov arafasidagi chiqishlarida bunday raketalarni Ukrainaga uzatishini aytgan. Ammo ayni damda bu va’daning amalga oshishi qiyin ko'rinadi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG