Seshanba kuni AQSh va Rossiya rasmiylari so’nggi uch yilda ilk bor yuzma-yuz muloqot qildi. Ikki davlat tashqi ishlar vazirlari va xavfsizlik bilan shug’ullanuvchi rasmiylari Saudiya Arabistoni poytaxti Riyodda Ukraina urushiga barham berish yo’llarini, AQSh-Rossiya aloqalarini tiklash va boshqa mavzularni muhokama qildi.
Muzokarada Ukrainadan vakil qatnashmadi.
AQSh Davlat kotibi Marko Rubioga ko’ra, ikki taraf Vashington va Moskvadagi elchixonalarida diplomatlar sonini tiklash, Ukraina tinchlik muloqoti bo’yicha yuqori darajali guruh tuzish, o’zaro aloqalarni yaxshilash va iqtisodiy hamkorlikni jonlantirish yo’llarini muhokama qilishga kelishib oldi.
Bayden ma’muriyati paytida Rossiyaga qo’yilgan sanksiyalar doirasida ko’plab rus diplomatlari AQShdan, amerikalik diplomatlar esa javob tariqasida Rossiyadan haydaldi.
Riyodda ikki mamlakat vakillari Prezident Donald Tramp va Prezident Vladimir Putin o’rtasida uchrashuvni tashkil etish haqida ham gaplashgan. AQSh matbuotiga ko’ra, uchrashuv kelasi hafta Saudiya Arabistonida o’tkazilishi mumkin, biroq na AQSh va na Rossiya rasmiylari buni tasdiqladi.
Ilk muzokaralarda AQShdan Milliy xavfsizlik maslahatchisi Mayk Uols va Prezident Trampning Yaqin Sharq bo’yicha maxsus vakili va do’sti Stiv Uitkof qatnashdi, Rossiyadan Lavrovdan tashqari Prezident Putinning maslahatchisi Yuriy Ushakov.
Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri va milliy xavfsizlik maslahatchisi vositachilik qilishdi.
Qirollik Ukrainada urush boshidan beri betaraf bo’lib keldi – Ukrainaga gumanitar yordam yuborib, Rossiya bilan munosabatlarni uzmadi, Birlashgan Arab Amirliklari bilan birga ukrain va rus harbiy asirlarini ozod etishda vositachilik qildi.
Rossiya rasmiylariga ko’ra, Amerika kompaniyalari Rossiyaga qo’yilgan sanksiyalar sabab va Bayden ma’muriyati tarafidan Rossiya bozoridan ketishga majburlanishi oqibatida 300 milliard dollar yo’qotgan.
Lavrov muloqot foydali bo’lganini aytadi:
"Biz tinglabgina qolmay, bir-birimizni eshitdik. Amerika tarafi pozitsiyamizdan yaxshiroq xabardor bo’ldi deyishga asos bor menda. Har ikki tarafdan zudlik bilan elchi tayinlashga kelishib oldik. Turli yo’nalishlarda to’liq hamkorlikni jonlantirish va kengaytirish uchun muhit yaratishga kelishdik. Geosiyosiy muammolar, jumladan dunyoning har xil chekkalaridagi turli mojarolar bo’yicha maslahatlashuvlarni davom ettirishga qiziqish bildirishdi. AQSh va Rossiya o’zaro manfaatli iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish yo’lidagi sun’iy to’siqlarni olib tashlashga qiziqish bildirildi”, - dedi Lavrov.
AQSh davlat kotibi Riyoddagi muzokaralarni sarhisob qilarkan, Ukrainada uch yildan beri davom etayotgan mojaroga barham berish uchun barcha taraflar yon berishi kerakligini aytdi.
“Qaysi masalalarda yon berish kerakligini biz belgilamaymiz. Va buni bugungi uchrashuvda yoki matbuot anjumanida hal qilmaymiz. Yevropa Ittifoqi muzokara stoliga ma’lum paytda qaytadi, chunki sanksiyalarni ular ham qo’ygan. Muhimi biz maqsadga kelishib oldik. Maqsad esa ko’pdan beri davom etayotgan bu mojaroga yakun yasash. Bugun uzoq va qiyin, ammo muhim bo’lgan yo’lda birinchi qadamni qo’ydik”, - dedi Marko Rubio.
Yevropaninig Riyoddagi muloqotga taklif etilmagan va bundan norozi rahbarlarining ba’zilari dushanba kuni Parijda to’planib, Yevropa Ittifoqi ham Ukrainada urushni to’xtatishga qaratilgan muzokaralarda qatnashishi kerakligini ta’kidladi.
Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer tinchlik bitimi imzolansa, Ukrainaga britan qo’shinlarini yuborishga tayyor ekanini aytdi.
“Milliy xavfsizlikka kelganda avlodlar o’zgarishiga yuz tutyapmiz. Ukraina kelajagi hammamiz uchun muhimdir. Ukraina Yevropa va Birlashgan Qirollikning oldingi chizig’idir. Milliy xavfsizligimizga daxli bor. Faolroq bo’lishimiz kerak”, - dedi u.
Biroq ayrim kuzatuvchilar fikricha, xorijiy tinchlikparvar kuchlarning Ukrainaga kiritilishi Rossiya qarshiligiga uchraydi, u bilan bevosita to’qnashuvga olib keladi. Bu kabi harbiy kampaniya Yevropaga moliyaviy tarafdan qimmatga tushishi ham aytilmoqda.
Urush boshidan beri Ukrainaga harbiy yordam bergan qit’a davlatlari arsenalining siyraklashgani ham bu loyihani amalga oshirishni qiyinlashtirishi mumkin.
Germaniya va Shvetsiya ham Ukrainaga qo’shin yuborish ehtimoli haqida gapirdi. Niderlandiya esa bu ishni AQSh qo’llab-quvvatlasagina, askar ajratishini bildirdi.
NATO davlatlari orasida son jihatdan uchinchi yirik armiyaga ega Polsha bunga rozi bo’lmadi, Ispaniya esa bu haqda og’iz ochishga hali erta demoqda.
Sergey Lavrov bunday muhokamalarni qoralab, Rossiya NATO davlatlaridan qo’shinlarning Ukrainaga kiritilishiga mutlaqo qarshi ekanini aytdi.
"Hamkasblarimizga bugun shuni tushuntirdikki, Prezident Putin NATOning kengayishi, Ukrainaning alyansga qabul qilinishi Rossiya Federatsiyasi va suverenitetimizga to’g’ridan-to’g’ri tahdid ekanini bot-bot urg’ulagan”, - dedi Lavrov.
Ukrainani qurollantirishga eng boshidan qarshi bo’lgan va Rossiyaga qarshi sanksiyalar Yevropaning o’ziga ziyon yetkazayotganini aytib kelgan Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban Yevropa vakillarining muzokaralarga jalb etilmaganidan hayron bo’lmaganini aytadi.
“Yevropaning yirik davlatlari Rossiya-Ukraina urushi bo’yicha o’z tashabbuslari bilan chiqishi mumkin edi, biroq fursatni boy berishdi. Muzokaralar haqida matbuotdan o’rganayotganimiz achinarli holdir. Biz Yevropa Ittifoqidagi yirik davlatlarni bir necha bor muzokaraga da’vat etdik, biroq so’nggi uch yilda tinchlikka erishish o’rniga ular urush bilan ovora bo’ldi. Endi esa eng muhim qarorlar bizning ishtirokimizsiz qabul qilinayotganini chetdan tomosha qilamiz”, - dedi Orban.
O’tgan hafta AQSh Mudofaa vaziri Pit Xegset NATOdagi ittifoqchilarga murojaat qilib, Ukrainaga yordamning katta qismini Yevropa o’z bo’yniga olishi kerak dedi, AQSh endi Yevropa xavfsizligini ta’minlamasligini aytdi.
Tahlilchilar katta qarorlar endi Yevropa rahbarlari zimmasida ekanini bildirmoqda.
“AQSh Bayden davridagi kabi katta rol o’ynamasligini hisobga olganda Yevropa Ukrainaga yordamni nafaqat hozirgi darajada ushlab turishi, balki uni oshirishi ham kerak bo’ladi. Bu o’rta va uzoq muddatda Yevropa mudofaasi va xavfsizligi uchun ham muhimdir”, - deydi Londondagi “Chatxem uyi” tahlil markazidan Armida van Rij.
Tramp yaqinda NATO davlatlaridan mudofaa uchun yalpi ichki mahsulotining 5 foizini sarflashni so’radi, biroq alyansga a’zo 32 ta davlatdan to’qqiztasi harbiy sarfiyatlarini hanuz ikki foizga chiqargani yo’q.
Armida van Rij Tramp talabini qondirish moliyaviy qiyinchliklarga yuz tutayotgan ko’p Yevropa davlatlari uchun o’ta og’ir bo’lishini aytadi.
AQSh Yevropani nafaqat mudofaaga kam pul sarflayotganlikda ayblayapti. O’tgan hafta vitse-prezident Jey Di Vens Myunxendagi xavfsizlik anjumanida Yevropa ommaviy migratsiyaga qarshi kurash olib borilmayotganini hamda so’z va matbuot erkinligi bo’g’ilayotganini aytib tanqidga oldi.
“Meni tashvishga solayotgan tahdid Yevropaga Rossiya yoki Xitoydan kelayotgani yo’q. Men ichkaridagi tahdiddan xavotirdaman. Yevropa fundamental qadriyatlarining ba’zilaridan, AQSh bilan mushtarak qadriyatlardan chekinayotganidan xavotirdaman”, - dedi u.
Tramp ma’muriyatining bunday ohangidan shokka tushgan Yevropa rahbarlari Vensning bayonotiga qo’shilmasa-da, xalqaro maydondagi yangi voqelikka moslashishga majbur bo’lishini anglab yetmoqda.
Qo’shma Shtatlar Yevropani butunlay e’tiborsiz qoldirgani yo’q. Trampning Rossiya va Ukraina bo’yicha maxsus vakili Kit Kellog seshanba kuni Bryusselda Yevropa Komissiyasining prezidenti Ursula fon der Leyen va Yevropa Kengashining prezidenti Antoniu Koshta bilan uchrashdi, so’ng Polshaga yo’l oldi, Prezident Andjey Duda bilan ko’rishdi. Kellog shundan keyin Kiyevga bormoqchi.
Ukraina prezidenti esa Birlashgan Arab Amirliklariga tashrifi ketidan Turkiyaga bordi, Prezident Rajab Toyib Erdog’an bilan uchrashdi. Zelenskiy shundan so’ng Saudiya Arabistoniga borib, qirollik vakillaridan AQSh va Rossiya muloqoti yuzasidan ma’lumot olishga umid qilayotgan edi, biroq safarini qoldirishga majbur bo’ldi.