Breaking News

AQShning qaysi choralari Rossiyani urushni to’xtatishga majburlay oladi?


Rossiyaning Ukrainaga to‘liq miqyosda boshlagan bosqiniga uch yil to’lgan bo‘lsa-da, rus qo‘shinlari jang maydonida hali ham sezilarli yutuqlarga erisha olgani yo‘q, Rossiya iqtisodiyoti esa tobora zaiflashib bormoqda.

Juda og‘ir sharoitlarga qaramay, Ukraina iqtisodiyoti urush sharoitida ham barqarorligini saqlashga harakat qilmoqda; Rossiyada esa narxlar ko’tarilib, iqtisodiy holat yomonlashmoqda, harbiy resurslar tanqisligi kuchaymoqda.

O‘q-dorilar va jangchilarning yetishmovchiligi sababli, Rossiya o‘z armiyasini kuchaytirish uchun Eron va Shimoliy Koreyadan harbiy yordam so‘rashga majbur bo‘lyapti.

Prezident Donald Trampga ko’ra, agar Kreml urushni to‘xtatmasa, AQSh Rossiyaga nisbatan iqtisodiy bosimni kuchaytirishga tayyor.

G‘arbning urushga nisbatan yondashuvi ko‘p jihatdan Rossiya iqtisodiyotining holati qanday baholanishiga bog‘liq bo‘ladi.

Ba’zilar Rossiya har qanday sharoitga qaramay urushga cheksiz resurs ajrata oladi deb hisoblaydi. Ularning fikricha, Kiyev Moskvaning shartlarini qabul qilishi kerak, biroq bu Rossiyaning g‘alabasi bilan teng bo’ladi.

Ko‘pchilik esa Rossiya iqtisodiyoti tez zaiflashib borayotganiga ishonadi va AQSh hamda uning ittifoqchilari sanksiyalarni yanada kuchaytirishi, shuningdek, ularning bajarilishini qat’iy nazorat qilishi kerak deb hisoblaydi. Ayniqsa, bu cheklovlar Rossiyaning energetik resurslari va metallariga qaratilishi lozim, chunki bu Putinni tinchlikka erishishga majburlash uchun muhim vosita bo‘lishi mumkin.

Tabiiyki, bunday natija Ukraina, AQSh va umuman, G‘arb davlatlari uchun eng maqbul yechim bo‘ladi.

Nima bo’lgan taqdirda ham, o‘sib borayotgan iqtisodiy bosim Rossiyaning harbiy qudratini zaiflashtiradi va tinchlikka yaqinlashtiradi.

Vashingtondagi Hadson instituti AQShning Rossiyaga iqtisodiy bosim o‘tkazish imkoniyatlarini muhokama qilish uchun mutaxassislarni yig‘di.

AQSh yangi ma’muriyatining vazifalari

Tadbirga taklif qilingan mutaxassislarning fikriga ko’ra, Rossiyani zaiflashtirish va urushni tezroq yakunlash uchun unga nisbatan yanada kuchliroq iqtisodiy bosim qo‘llanilishi lozim. Natijada Putin urushni davom ettirish uchun zarur resurslardan mahrum bo’ladi va ursh yakun topadi.

AQShning sobiq davlat kotibi o‘rinbosari Jeyms Glassman hozir aynan Rossiyani tinchlikka majburlash bo‘yicha sa’y-harakatlarni ikki baravar oshirish vaqti kelganini ta’kidladi.

Uning fikriga ko‘ra, AQShning yangi ma’muriyati Ukrainaga qurol yetkazib berishni davom ettirishi, shuningdek, asosiy e’tiborni iqtisodiy bosimga qaratib, hali sanksiyalar qo‘llanilmagan yo‘nalishlarda chora ko‘rishi kerak.

Glassman Rossiyaga nisbatan hali sanksiyalar qo‘llanilmagan yo‘nalishlardan biri sifatida Rossiyaning Yevropaga, xususan Germaniyaga suyultirilgan tabiiy gaz eksportini tilga oldi.

Mutaxassisning ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili Rossiyadan Yevropaga yetkazib berilgan suyultirilgan tabiiy gaz hajmi avvalgi yilga nisbatan 20 foizga oshgan.

“Bu jarayonni zudlik bilan to‘xtatish kerak va Rossiya gazini AQShning suyultirilgan tabiiy gazi bilan almashtirish lozim”, — deya ta’kidladi sobiq davlat kotibi o‘rinbosari.

Nega sanksiyalar ish bermayotgandek?

Mutaxassislarning fikricha, bu holat qisman sanksiyalarning sekin ta’sir qilishi, qisman esa Kremlning Rossiya har qanday iqtisodiy bosimni “muvaffaqiyatli yengib o‘tayotgani” haqidagi targ‘ibotini keng yoyishga muvaffaq bo‘layotgani bilan bog‘liq.

“RAND” tashkilotining xalqaro mudofaa tadqiqotlari bo‘yicha katta ilmiy xodimi Charlz King Mellorining so‘zlariga ko‘ra, sanksiyalar bo‘yicha tadqiqotchilar Rossiyaga qarshi sanksiyalarning samaradorligini turlicha baholaydi, biroq hatto eng pessimist ekspertlar ham ularning umuman natija bermaganini iddao qilmaydi.

Mellorining ta’kidlashicha, hatto eng keng qamrovli sanksiyalar qo‘llanilganda ham, ularning samaradorligiga putur yetkazuvchi muhim omil mavjud. Bu – “qora ritsarlar”, ya’ni sanksiyalar qo‘llanilgan davlatga iqtisodiy jihatdan yordam beruvchi mamlakatlar.

Rossiya misolida bunday “qora ritsarlar” Xitoy va Hindiston bo‘ldi, chunki ular Rossiyadan katta hajmda neft xarid qilishda davom etmoqda.

Shu sababli, Mellori sanksiyalarni chetlab o‘tishga yordam berayotgan vositachilarni ta’qib qilish, yuklarni musodara qilish va hatto ularni ochiq savdolarga qo‘yish, jarimalar joriy qilish, haqiqiy to‘sqinlik ta’sirini saqlab qolish uchun sanksiyalarni yanada kuchaytirish kabi choralarni ko‘rish zarurligini ta’kidladi.

U sanksiyalar faqat qat’iylashtirilishi kerak degan fikrda.

G’arb institutlarining nazoratdagi o’rni

“Ukrmetallurgprom” assotsiatsiyasi prezidenti Aleksandr Kalenkov urush davomida Ukrainaning ko‘plab eksport mahsulotlari bozorida qanday o‘zgarishlar sodir bo‘lgani haqida so‘zlab berdi.

Rossiyaning to‘liq miqyosdagi bosqinidan keyin Kiyev ko‘plab yo‘nalishlar bo‘yicha Yevropa Ittifoqiga yanada ko‘proq yo‘naltirildi.

“Biz Yevropa Ittifoqi bozorini “o‘zimizning ichki bozorimiz” deb hisoblay boshladik, — deya ta’kidladi Aleksandr Kalenkov. – Ammo 2022-yil mart oyidayoq ko‘plab mahsulotlarga sanksiyalar joriy qilingan bo‘lsa-da, Rossiya mahsulotlari hali ham Yevropa Ittifoqiga import qilinmoqda”.

Kalenkovning ta’kidlashicha, buning asosiy sababi, Rossiya kompaniyalarining ayrim Yevropa mamlakatlarida aktivlarga egalik qilishidir. Misol uchun, Rossiyaning metallurgiya korxonalari Belgiya, Daniya va Chexiyadagi ayrim zavodlarga egalik qilmoqda, bu esa Rossiya mahsulotlarining Yevropa bozorlariga kirishini davom ettirishiga imkon bermoqda.

“Bu kompaniyalarga nisbatan ham Yevropa Ittifoqi tomonidan sanksiyalar joriy qilinishi zarur”, — deya ta’kidladi Aleksandr Kalenkov.

Charlz King Mellorining ta’kidlashicha, sanksiyalar qo‘llanayotganda raqibning qanchalik moslashuvchan bo‘lishi mumkinligini ham unutmaslik kerak.

U Rossiyaning sanksiyalarni chetlab o‘tish yo‘llariga misollar keltirib, shunday dedi: “Agar Rossiya Yevropaga gazni bevosita eksport qila olmasa, u gazdan metall ishlab chiqarishda foydalanadi va bu metall keyinchalik Yevropaga import qilinadi. Agar metall eksporti to‘xtatilsa, Rossiya gazdan o‘g‘it ishlab chiqarishda foydalanadi. Hozirda Yevropa o‘g‘it ishlab chiqaruvchilari Rossiyaning juda katta miqdorda arzon o‘g‘it sotayotganidan norozilik bildirmoqda, chunki bu o‘g‘itlar energiya talabchan gazdan ishlab chiqariladi. Agar avtomobillarni Rossiyaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri eksport qilish mumkin bo‘lmasa, ular boshqa yo‘llar, masalan, Gruziya orqali yetkazib beriladi. Shu sababli, sanksiyalar joriy etishda barcha mumkin bo‘lgan yo‘llarni – gazning muqobil ishlatilishi, ikkinchi darajali bozorlar, vositachilar orqali yetkazib berish yo‘llarini oldindan ko‘rib chiqish zarur”.

Mellori, shuningdek, sanksiyalar qo‘llayotgan davlatlar o‘zaro yaqin hamkorlikda ishlashi kerakligini ta’kidladi.

Mutaxassisning fikricha, Rossiyaning “soya tanker floti”ni yaratishiga boshidanoq yo‘l qo‘ymaslik mumkin edi. Buning uchun tankerlarni sug‘urtalashni faqat muayyan sug‘urta kompaniyalari orqali cheklash, xavfsizlik talablarini kuchaytirish, majburiy texnik ko‘rik va ta’mirlashni faqat G‘arb nazorati ostidagi kemasozlik zavodlarida amalga oshirish shartini joriy etish kabi choralarni amalga oshirish kerak edi.

Agar bu choralar vaqtida qo‘llanilganida, Rossiyaning yashirin neft eksporti ancha murakkablashgan bo‘lar edi, deydi u.

Oltin iqtisodiy cheklovlarni chetlab o'tish vositasi

Charlz King Mellori oltin bilan amalga oshirilayotgan bitimlarni sanksiyalar samaradorligiga tahdid va kelajakda yangi sanksiyalar kiritishda muammo tug‘dirishi mumkin bo‘lgan omil deb atadi.

Uning fikricha, bu xavfning oldini olish uchun sanksiya qo‘llanilgan davlatlar tomonidan oltin eksportini to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqiqlash, dunyo bozorlarida muayyan turdagi oltin savdosiga cheklovlar joriy qilish kabi ta’sir mexanizmlari mavjud.

Mellorining ta’kidlashicha, agar ushbu mexanizmlar samarali qo‘llanilsa, Rossiyaning oltindan foydalangan holda sanksiyalarni chetlab o‘tish imkoniyati sezilarli darajada cheklanadi.
Saudiya Arabistonini neft qazib olishni ko‘paytirishga ko‘ndirish mumkinmi?
Jeyms Glassman bunday choralar ko‘rilishiga ehtiyoj tug‘ilmasligini aytdi.

“Agar Rossiyaning suyultirilgan tabiiy gaziga zarba berilsa va Turkiyaga bosim o‘tkazilib, “Turk oqimi” gaz quvuridan Rossiya gazini chiqarib tashlashga majbur qilinsa, bu Kremlni vahimaga solish uchun yetarli bo‘ladi”, - dedi Sobiq davlat kotibi o‘rinbosari.

Charlz King Mellori, aksincha, OPEKdagi ittifoqchilarni neft qazib chiqarishni oshirishga undash mexanizmlariga ishonadi.

U neft narxlarining pasayishi bir paytlar Sovet Ittifoqining qulashiga qanday yordam berganini eslatib o‘tdi. Past narxlar kommunistik davlatning neft sektorini amalda bankrotlikka olib kelgan.

Bugungi kunda ham, ekspertning fikricha, Rossiya iqtisodiyotini zaiflashtirishning eng samarali yo‘li – global neft narxlarini pasaytirishdir.

Ukrainaning nodir yer metallari AQSh uchun muhim yechim bo’la oladimi?

“Ukrmetallurgprom” assotsiatsiyasi prezidenti Aleksandr Kalenkov Ukrainada juda katta noyob yer metallari konlari mavjudligini tasdiqladi.

Ekspertning fikricha, noyob yer metallari qazib olish va qayta ishlash kapital talab qiladigan jarayon bo‘lsa ham, bu soha investitsiyalar uchun juda samarali yo‘nalishlardan biri hisoblanadi.

"Menimcha, bu o‘zaro manfaatli taklif va yutqazish ehtimoli yo‘q bo‘lgan holat," — deya tushuntirdi u.

Charlz King Mellori ushbu masalaga qo‘shimcha qilib, bu aynan AQSh uchun nihoyatda muhim bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.

Sababi, noyob yer metallari bo‘yicha dunyodagi yetakchi yetkazib beruvchi – Xitoy bo‘lib, u agar AQSh bilan yangi savdo urushi boshlansa, ushbu minerallar eksportini cheklashini bildirgan.

Bu minerallar deyarli barcha iste’mol elektronikalari uchun zarur, shuning uchun Ukrainadagi konlar AQSh uchun strategik muqobil manba bo‘lishi mumkin.

Ekspertning tushuntirishicha, bu holat Tramp ma'muriyatini Grenlandiya va Ukraina kabi noyob yer metallari zaxiralari katta bo‘lgan hududlarda yangi manbalar izlashga undamoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG