Breaking News

Rossiyada aholi yiliga o'rtacha yarim millionga kamaymoqda


Rossiyada aholi soni yildan-yilga kamayib bormoqda. Federal statistika xizmatiga (Rosstat) ko’ra, 2021-yildan beri mamlakatda aholi yiliga o'rtacha yarim millionga kamaymoqda. Agentlikning prognoziga ko’ra, kamayish 2030-yilgacha davom etadi.

Boshqa prognozlarga ko‘ra esa 2045-yilga borib mamlakat aholisi soni 138,8 million (hozirgidan 5 foizga kam), hatto 130,6 millionga (hozirgidan 11 foizga kam) tushishi mumkin. Biroq bu raqamlar Ukrainadagi urush bilan bog'liq demografik oqibatlarni hisobga olmagan holda berilgan.

Jorjtaun universitetida xalqaro aloqalar bo’yicha professor Xarli Balzer Rossiyadagi demografik holat bo’yicha shunday yozadi:

“Rossiyaning Ukrainadagi urushining demografik oqibatlari, xuddi Ikkinchi jahon urushi va Rossiyaning 1990-yillarda uzoq davom etgan oʻtish davrida salomatlik, tugʻilish va umr koʻrish davomiyligiga taʼsir qilganidek yana uzoq vaqtgacha seziladi”.

Buning ustiga, urush ham jiddiy ta’sir qildi. Kamida 200 000 kishi halok bo’ldi. Xususan, ular 20 yoshdan 50 yoshgacha bo'lgan, ota bo’lish yoshidagi erkaklar edi. Yana 400 ming kishi yaralandi, nogironga aylandi.

“Ruslarsiz Rossiya? Putinning halokatli demografiyasi” nomli ma’ruzasida Balzer mamlakat aholisi 21-asr oxirigacha ham qisqarib borishini, etnik ruslar bu aholining kichikroq qismini tashkil qilishini prognoz qiladi.

“Putinning “anʼanaviy oila qadriyatlari”ni qoʻllab-quvvatlayotgan etnik va diniy guruhlarning aksariyati ruslar emas”, - deydi u.

Maqolada yozilishicha, BMT prognoziga ko‘ra, 2100-yilda Rossiya aholisi soni 112 million, ehtimol 74 milliongacha ham tushishi mumkin. Hozir bu raqam 146 millionni tashkil qiladi.

Balzer fikricha, Rossiyada tug’ilish darajasi jadal kamayayotgan, aholining o’rtacha yoshi oshib, erkaklar va ayollar o'rtasida bepushtlik holatlari ko’payayotgan bir vaqtda hukumat tomonidan amalga oshirilayotgan immigratsiya cheklovlari va “miya”larning tashqariga oqimi Rossiyadagi demografik vaziyatni yanada qiyinlashtirmoqda.

Putinning Ukraina bilan urushi aholi soni o‘sishiga olib kelishi mumkin bo’lgan barcha manbalarni yemirmoqda, deb xulosa qiladi u.

Siyosatshunos Dmitriy Oreshkinning "Amerika Ovozi"ga aytishicha, 1999-yilda Putin hokimiyat tepasiga kelganida Rossiya aholisi, rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, 146,7 million kishi bo’lgan.

“Oradan 25 yil o‘tib, hozir 146,3 million. Aholi chorak asr ichida qariyb 400 ming kishiga kamaydi. Vaholanki, Rossiya ikki millionga yaqin aholi yashaydigan Qrimni anneksiya qilgan. Janubiy Osetiya, DXR, LXRda yuz minglab odamlar (ehtimol, jami bir million kishi) Rossiya pasportini olgan. Ammo baribir o'sish kuzatilmadi. Chunki o‘lim darajasi tug‘ilishdan yuqori”, - deydi Oreshkin.

Uning aytishicha, Rossiyada har bir fertil yoshdagi ayolga 1,4 bola to’g’ri keladi. Bu dinamika yaxshilanmayapti.

“Ko'payish uchun bu ko’rsatkich kamida 2,1 bo’lishi kerak. Shu sababli, aholining tabiiy o'sish dinamikasida ijobiy o'zgarishlarga umid qilish uchun deyarli hech qanday asos yo'q. Bu holat Isroildan tashqari barcha urbanizatsiyalashgan mamlakatlarda kuzatilmoqda. Aholi soni asosan immigratsiya hisobiga o'smoqda”, - deydi u.

“Masalan, 1999-yilda AQShda 282 million kishi bo’lgan, hozir esa 341 million kishi. Rossiyada har yili aholi soni o'rtacha yarim millionga kamaymoqda. Immigratsiyaga qarshi choralar esa aholi soni oshishiga yo’l bermayapti. Yopiq mamlakatlarda shu ahvol, hatto Xitoyda ham aholi kamayib bormoqda”.

Oreshkin Putinning demografik tavsiyalarini samarasiz deb hisoblaydi.

“Uning ta'kidlashicha, agar biz qishloq yoki pravoslav hayot modeliga qaytsak, aholi o'z-o'zidan ko'payadi. Bu noto'g'ri fikr, global tendensiyaga teskari. Buning ustiga, urush ham jiddiy ta’sir qildi. Kamida 200 000 kishi halok bo’ldi. Xususan, ular 20 yoshdan 50 yoshgacha bo'lgan, ota bo’lish yoshidagi erkaklar edi. Yana 400 ming kishi yaralandi, nogironga aylandi, qo'l, oyoqsiz. Bunday vaziyatda ayollarning tug’a boshlashiga umid qilish, yumshoq qilib aytganda, jiddiy emas”, - deydi u.

Putin demografiyani yaxshilash zarurligini ta’kidlab keladi. Oreshkin fikricha, bung foydasi yo’q, aholi soni qisqarishda davom etaveradi. Ehtimol, Yevropa mamlakatlariga qaraganda ham tezroq.

Oreshkin Rossiyada aholi sonining o'sishi borasida ijobiy prognozlar yo'q, urush bu jarayonni yanada kuchaytirmoqda, deya xulosa qiladi.

Yana bir ijtimoiy, iqtisodiy tahlilchi Sergey Shelinning fikricha, Rossiya hukumati taklif qilayotgan chora-tadbirlar bilan demografik vaziyatni yaxshilab bo’lmaydi.

"Salbiy demografik vaziyat urush, qiyinchiliklar va mavhum kelajak tufayli yuzaga kelgan, jamiyada ruhiy tushkunlik kayfiyati kuzatilmoqda, – deydi u "Amerika Ovozi" bilan suhbatda. – Hokimiyatning qandaydir nasihatlari yoki murojaatlari bilan hech narsaga erishib bo’lmaydi. Moddiy rag‘batlantirish – masalan, oilalar uchun imtiyozli ipoteka kreditlari, turli yordam pullari berish – ma’lum darajada ta’sir ko‘rsatadi, lekin, sezilarli darajada emas”.

Shelinning ta’kidlashicha, Putin demografik vaziyatga katta ahamiyat beradi. Mamlakatga ishchilar va askarlar kerak. Urush uchun ham, iqtisodiy rivojlanish uchun ham inson resurslari yetishmayotgani aniq.

Ishchi kuchiga ehtiyoj oshgan bir paytda Markaziy Osiyodan kelgan mehnat muhojirlariga qarshi kurash ketyapti. Iqtisodiyot xorijdan ishchi kuchini import qilishni talab etayotgani hammaga ayon.

“Ishchi kuchiga ehtiyoj oshgan bir paytda Markaziy Osiyodan kelgan mehnat muhojirlariga qarshi kurash ketyapti. Iqtisodiyot xorijdan ishchi kuchini import qilishni talab etayotgani hammaga ayon. Hatto harbiy-sanoat kompleksida ham kadrlar yetishmovchiligi kuzatilmoqda, fuqarolik tarmoqlarini aytmasa ham bo’ladi. Shunday bo‘lsa-da, Rossiyada katta kuchga ega bo’lgan xavfsizlik idoralari doimgidek o‘z yo‘lidan yurib, noqonuniy mehnat muhojirlariga qarshi kurashda haddan tashqari ko’p kuch ishlatmoqda” , – deydi Shelin.

Uning taxminicha, Rossiya aholisi soni qisqarishda davom etavaradi.

“Balki tez yoki sekin. Hammasi Rossiyadagi umumiy vaziyatga bog'liq. Agar mamlakat agressiv urush olib boraversa, dunyoning yarmi bilan janjallashaversa, rejim ertaga qanday qarorlar qabul qilishini oldindan aytib bera olmasa, unda nima deyish mumkin?! Tabiiyki, bunday vaziyatda tug‘ilish darajasi faqat qisqaradi. Agar vaziyat ijobiy tomonga o‘zgarsa, tug‘ilish darajasi ham biroz oshadi” .

Urush demografik vaziyatga katta ta’sir qildi, deydi Shelin.

“Halok bo’lganlar soni, turli hisob-kitoblarga ko'ra, 200 mingga yaqin. Yana bir necha yuz ming kishi mamlakatdan chiqib ketdi. Albatta, bu ham aholi soniga, ham tug‘ilish koeffitsientiga ta’sir qiladi, chunki ular faol yoshdagi odamlar edi”.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG