4-mart kuni Qohirada to’planib Misrning G’azo kelajagi bo’yicha taklifini qabul qilgan arab davlatlari xalqaro hamjamiyatni uni qo’llab-quvvatlashga chaqirmoqda.
Rejada G’azoni tiklashda Falastin Muxtoriyatidan muhim rol o’ynash kutilmoqda, bu ishda muxtoriyatga falastinlik mustaqil mutaxassislar yordam berishi nazarda tutilmoqda.
Misr G’azoga BMT tinchlikparvar kuchlarini olti oyga kiritishni taklif etgan. Isroil va AQSh XAMASni qurolsizlantirishni talab qilarkan, rejada bu haqda hech narsa deyilmagan.
“XAMASning G’azo tashqarisida yashovchi rahbariyati G’azo boshqaruvini betaraf, noharbiy professionallarga topshirishga tayyor ekanini bir necha oydan beri aniq bildirib kelmoqda. Biroq XAMAS qurollari va qurolli kuchlari masalasini yetarlicha hal qilgani yo’q”, - deydi isroillik sobiq muzokarachi Gershon Baskin.
XAMAS yetakchisi Sami Abu Zuhriy tashkilot qurollarini topshirmasligini, bu hatto muhokama etilmasligini aytadi. ((end courtesy))
XAMASga muqobil kuch sektorda yo’q ekan, guruh tashabbusni yana qo’lga olmoqda, deydi Baskin.
“G’azoda XAMAS siyosiy rahbariyatidan deyarli hech kim qolmagan, eski harbiy rahbarlarining aksariyati urushda Isroil tomonidan yo’q qilingan. Harakatning hokimiyatni qo’lga olgan ikkinchi, uchinchi, to’rtinchi darajali a’zolari yoshlarni yollashga moliyaviy qurbi yetishidan, qo’llariga 200 dollar, forma va qurol berib, kuchlarini tiklash salohiyatiga ega ekanidan tashvishdaman”, - deydi isroillik muzokarachi.
Misrda gaplashgan arab rahbarlari AQSh Prezidenti Donald Trampning G’azo boshqaruvini qo’lga olish, aholisini esa boshqa arab davlatlariga ko’chirish rejasidan norozi. Ular g’azoliklar 16 oylik vayronali urushga qaramay G’azoda qolishi kerak, deydi.
Isroil hukumati Tramp rejasini ma’qullarkan, sektorni tark etmoqchi bo’lgan falastinliklarga shunday imkoniyat bermoqchi. Isroildagi ayrim tahlilchilar Falastinni mustaqil ravishda boshqarish imkoni borligini aytadi.
“G’azoda XAMASning o’rniga Falastin Muxtoriyati soyaboni ostida mo’tadil arboblar kelishi kerak. Ammo hozir G’arbiy Sohilni boshqarayotgan poraxo’r, boshqaruvni eplay olmaydigan, ekstremist Falastin Muxtoriyatini nazarda tutmayapman. Salom Fayyodni nazarda tutyapman”, - deydi Tel-Avivdagi Bar-Ilan universitetidan Jonatan Raynold.
Salom Fayyod iqtisodchi bo’lib, o’tmishda Falastinda bosh vazirlik qilgan, xolis bo’lgan, Falastin Muxtoriyatidagi korrupsiyaga aralashmagan.
Fayyod G’azo tiklanishini qisman moliyalashi kutilayotgan Birlashgan Arab Amirliklari bilan yaqin aloqada. Birlashgan Millatlar Tashkiloti sektorni qayta qurishga 50 milliard dollardan ko’p pul kerak ekanini hisoblab chiqqan. Arab davlatlarining favqulodda sammitida xalqaro hamjamiyatdan qayta qurishga bosh bo’lish so’raldi.
Bu o’rtada Oq uy G’azoda garovda saqlanayotgan fuqarolarini ozod etish uchun XAMAS bilan to’g’ridan-to’g’ri aloqaga chiqib, bir necha haftadan beri Qatarda maxfiy muzokara olib borilayotganini tan oldi. Prezident Tramp XAMAS garovdagilarni ozod etmasa, jahannamga yuz tutishini chorshanba kuni yana bir bor eslatib o’tdi.
XAMAS vakillari bilan AQSh maxsus vakili Adam Boler gaplashayotgani ayon bo’ldi. XAMAS tarafidan muzokaralarda kim qatnashgani ma’lum emas.