O`zbekiston va Fransiya o`rtasida strategik sheriklikka doir deklaratsiya imzolanishi “tarixiy qaror”, strategik burilish sifatida taqdim qilinmoqda.
Hamkorlikka doir deklaratsiya O’zbekiston prezidentining Fransiyaga davlat tashrifi davomida Parijda prezidentlar Emmanuel Makron va Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolandi.
Markaziy Osiyo va Yevropadagi ikki yirik davlatning o’zaro strategik manfaatlarga kelishishi ikki mintaqa aloqalaridagi jiddiy siljishlardan darak ekanligi ta’kidlanyapti.
Toshkent hozirgacha munosabatlari strategik darajada bo`lmagan boshqa qator davlatlar bilan ham shunday bitimlar imzolagan. Deklaratsiyalar imzolanishi har doim ham aloqalar strategik tarzda rivojlanishini bildirmaydi.
Ammo prezidentlar Makron va Mirziyoyev dunyoda geosiyosiy taranglik kuchaygan bir manzarada strategik sheriklikni rivojlantirishga borayotgani tomonlarda siyosiy qaror, jiddiy rejalar mavjudligidan darak beradi.
Shundan kelib chiqilsa, kelishuv, ayniqsa ikki geosiyosiy qudrat - Rossiya va Xitoy ta’siri ostida qolgan Markaziy Osiyo, O’zbekiston uchun “tarixiy qaror” taassurotini ham uyg‘otadi.
O’zbekiston va Fransiya o`rtasidagi strategik sheriklik nimalarni aks ettirishi hozircha noma`lum, ammo bu maqom iqtisodiy aloqalar bilan cheklanmaydi, odatda, strategik sheriklik harbiy, siyosiy, xavfsizlik sohalariga asoslanadi.
Mirziyoyev tashrifi davomida Fransiyaning oliy davlat unvoni Faxriy legion ordeni bilan taqdirlandi. Fransiyaning ancha mashhur bu ordeni odatda kam hollarda siyosiy yetakchilarga topshiriladi, mamlakat uchun muhim ko`rilgan hamkor davlat yetakchilari tanlanadi.
Mirziyoyev ikki davlat hamkorligini rivojlantirish, o`zaro anglashuvni mustahkamlashga qo’shgan hissasi uchun Faxriy legion ordeni bilan taqdirlangan.
Tahlilchi Alisher Hamidov ikki davlat o`rtasidagi hamkorlik rivojida Mirziyoyev va Makron o`rtasidagi iliq munosabatlarni alohida e’tirof etadi.
“Mirziyoyevning Yevropada Makron bilan aloqalari juda iliq. Makron O’zbekistonga kelgan paytda ular o`rtasida shunday munosabat shakllandi, bu seziladi. Hozirgi davlat tashrifi ham Makronning taklifi bilan amalga oshyapti. Menimcha, Mirziyoyev Makron bilan sanksiyalarning O’zbekiston iqtisodiga salbiy ta’sir o`tkazmasligi bo`yicha ham gaplashgan. Fransiya Yevropa Ittifoqida muhim o`rin tutgan davlat, albatta O`zbekiston, Markaziy Osiyo uchun ham bu aloqalar o`rni muhim. Ammo o`z navbatida Yevropa uchun ham O’zbekistonning o`rni juda muhim, chunki O’zbekiston Markaziy Osiyoning eng yirik davlati, O’zbekiston bilan yaxshi aloqalarsiz Markaziy Osiyo bilan hamkorlikni rivojlantirib bo`lmaydi. Har holda Yevropada shunday hisoblashadi”, - deydi Alisher Hamidov.
Strategik hamkorlik haqida e’lon qilgan O’zbekiston va Fransiya o`rtasidagi hozirgi mavjud aloqalar asosan iqtisodiy munosabatlardan iborat.
Mirziyoyevning Parijdagi uchrashuvlari davomida ham bu asosiy o`rinda turdi. O’zbekiston prezidenti Fransiya ishbilarmon doiralari bilan alohida uchrashuv o`tkazdi.
Uchrashuvga doir rasmiy xabarda ta´kidlanishicha, Fransiya kompaniyalari bilan 6,5 milliard qiymatidagi hamkorlik loyihalari bo`yicha kelishilgan.
Fransiya sarmoyasi yotqizilishi ko`zda tutilgan asosiy sohalar sifatida energetika, suv va qishloq xo`jaligi, kommunal, turizm va infratuzilmalar qayd qilinadi. 2027- yilgacha mo`ljallangan bu loyiha amaliyotiga Fransiya banklari, moliya tashkilotlari jalb qilinishi ko`zda tutilgan.
Aprel oyida Samarqandda Markaziy Osiyo-Yevropa Ittifoqi sammiti o'tadi.