Breaking News

AQSh sudi rossiyalik oligarxga tegishli yaxta bo’yicha da’voni rad etdi


Nyu-Yorkdagi federal sud AQSh hukumatining rossiyalik tadbirkorga qarashli hashamatli "Amadea" superyaxtasini musodara qilish qaroriga qarshi bergan da'vosini rad etdi. Bu yaxta sanksiyaga uchragan rossiyalik oligarx Sulaymon Kerimovga tegishli ekani taxmin qilinmoqda.

Mazkur qaror AQShni yaxta ustidan rasmiy egalik qilishga bir qadam yaqinlashtiradi. Bu esa sobiq prezident Jo Bayden ma'muriyati boshlagan sanksiyaga uchragan rossiyalik milliarderlarning aktivlarini musodara qilish va ularni Ukrainaga yordam sifatida ishlatish rejasining eng katta yutuqlaridan biri bo‘lishi mumkin.

2025-yil 10-mart kuni Nyu-York Janubiy okrugi federal sudi rossiyalik tadbirkor Eduard Xudaynatov yaxtaning egasi emasligi sababli musodara jarayoniga qarshi da'vo qilish huquqiga ega emasligi haqida qaror chiqardi. Boshqa hech kim yaxtaga egalik da’vosini ilgari surmaganligi sababli, AQSh Adliya vazirligi endi avtomatik ravishda yaxtani musodara qilish to‘g‘risida qaror qabul qilishi mumkin.

Xudaynatovning advokatlari sud qarori ustidan apellyatsiya qilishni rejalashtirmoqda.

"Bu qaror ham huquqiy, ham fakt jihatidan noto‘g‘ri va biz apellyatsiya jarayonida uning o‘z kuchini yo‘qotishiga ishonamiz", - dedi Xudaynatovning advokati Adam Ford.

AQSh Adliya vazirligi ushbu qaror yuzasidan izoh berishni istamadi.

AQSh prokurorlariga ko‘ra, uzunligi 106 metr bo‘lgan va 230 million dollardan ortiq baholangan ushbu hashamatli superyaxta senator, tadbirkor va Rossiya prezidenti Vladimir Putinning yaqin ittifoqchisi bo‘lgan Kerimovga tegishli. Sud hujjatlarida ham 2021-yil sentabrdan so‘ng Kerimov yoki uning oilasi ushbu kemaga egalik qilgani haqidagi dalillar mavjud ekani qayd etilgan.

2018-yilda AQSh hukumati Kerimovga qarshi sanksiyalar joriy qilgan. Keyinchalik, u yoki uning nomidan harakat qilgan shaxslar AQSh moliyaviy tizimi orqali yaxtaning ta'miri va saqlanishi uchun to‘lovlar amalga oshirganlikda ayblangan. Bu sanksiya qoidalarini buzish sifatida ko‘rilmoqda.

AQSh huquq-tartibot idoralari 2022-yilda "Amadea"ni musodara qilgan. Biroq 2023-yilda AQSh sanksiyalariga uchramagan Xudaynatov yaxtaga egalik qilish huquqini talab qila boshlagan va sud jarayoni shu kungacha davom etmoqda.

Ushbu ish natijasi nafaqat haqiqatdagi egasi va Ukraina uchun, balki AQSh fuqarolari uchun ham muhim bo‘ladi. Chunki AQSh soliq to‘lovchilari har oy yaxtaning saqlanishi uchun 740 ming dollardan ortiq mablag‘ sarflamoqda. 2023-yil dekabr oyida esa, “Vashington Post” xabariga ko‘ra, ushbu xarajat 30 million dollardan oshib ketgan.

Sud ilgari AQSh Adliya vazirligiga yaxtani sotish va uni pulga aylantirishga ruxsat bermagan edi. Agar bu ruxsat berilganda, hukumatning xarajatlari kamayishi mumkin edi.

"Amadea" uchun kurash

2022-yil may oyida, Rossiya Ukrainaga to‘liq miqyosdagi hujum boshlaganidan bir necha oy o‘tib, AQShning so‘roviga binoan Fidji orollari hukumati "Amadea"ni musodara qilgan. Keyinchalik yaxta AQSh huquq-tartibot idoralariga topshirilgan.

Bu g‘alaba avvaliga Bayden ma’muriyati tomonidan tashkil etilgan “KleptoCapture” guruhining katta yutug‘i sifatida ko‘rilgan. Ushbu maxsus guruh rossiyalik oligarxlarning sanksiyalarga bo‘ysunishini ta’minlash uchun tashkil etilgan edi.

Fuqarolik musodarasi huquq-tartibot organlariga jinoyat natijasida olingan yoki jinoyatda ishlatilgan aktivlarni – masalan, giyohvand moddalar, naqd pul, avtomobillar yoki uylarni – egasiga jinoiy yoki fuqarolik ayblovi qo‘yilmasdan tortib olish imkonini beradi.

AQSh Adliya vazirligi Xudaynatovni "nominal egasi" deb hisoblaydi va uning kamida sakkizta yaxta va yaxta loyihasiga egalik qilishini da’vo qilmoqda. Ushbu flotning umumiy qiymati 1 milliard dollardan oshadi. Prokurorlarning fikricha, bu Xudaynatovning moliyaviy imkoniyatlaridan ancha yuqori bo‘lib, aslida ushbu yaxtalar boshqa shaxslarga tegishli.

Masalan, Adliya vazirligi Rossiya davlat neft kompaniyasi "Rosneft"ning sanksiyaga uchragan bosh direktori Igor Sechin ushbu yaxtalardan birining haqiqiy egasi ekanini da’vo qilmoqda. Shuningdek, jurnalistlar "Shahrizoda" nomli yana bir superyaxtani Putinga bog‘lashgan va u 2022-yil may oyida Italiyada musodara qilingan.

AQShda qayiqsozlik sanoatida o'sish kuzatilmoqda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:21 0:00

Biroq "Amadea"ning haqiqiy egasi Kerimov ekanini isbotlash AQSh Adliya vazirligi uchun qiyin bo‘lib qolmoqda. Prokurorlar yaxtaning egaligi bir nechta kompaniyalar orqali yashirilganligini ta’kidlamoqda. Ularning fikriga ko‘ra, Adliya vazirligi tomonidan olib borilgan tergov davomida to‘plangan hujjatlar va guvohliklar Kerimovning yaxtani boshqarganini tasdiqlaydi.

Xudaynatovning huquqshunoslari esa AQSh huquq-tartibot organlari shoshqaloqlik bilan va yuzaki tergov o‘tkazganini ta’kidlamoqda. Ular, shuningdek, Adliya vazirligi yaxta xodimlari va guvohlarga bosim o‘tkazib, o‘z versiyasini qo‘llab-quvvatlaydigan dalillarni tanlab ko‘rsatganini da’vo qilmoqda.

Ular taqdim etgan dalillar orasida Kerimovning qizi Gulnoraning guvohlik bayonoti ham bor. U 2022-yil boshida farzandlari, aka-ukalari va enagalari bilan "Amadea"ni ijaraga olganini, lekin ota-onasi yaxtada bo‘lmaganini va unga egalik qilmaganini ta’kidlagan.

Keyingi qadamlar

Fuqarolik musodarasi bo‘yicha sobiq federal prokuror Stefan Kassellaning aytishicha, bu ish yaqin orada tugashi ehtimoldan yiroq. Uning fikriga ko‘ra, musodara jarayoniga qarshilik ko‘rsatish strategiyasi sud jarayonini imkon qadar cho‘zish va hukumat uchun xarajatlarni oshirishga qaratilgan.

Uning taxminicha, Xudaynatov apellyatsiya berishi kutilmoqda va bu jarayon kamida bir yil davom etishi mumkin.

Bundan tashqari, 2025-yil 5-fevral kuni AQShning yangi Adliya vaziri Pam Bondi o‘z lavozimiga kirishdi va “KleptoCapture” guruhini tugatish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

XS
SM
MD
LG