Yanvar oyida “DeepSeek” sun'iy intellekt platformasiga bo‘lgan katta qiziqishdan ilhomlangan Xitoy yetakchilari sun'iy intellekt kompaniyalarini ushbu texnologiyadan foydalanishga undamoqda. Maqsad — AQSh va boshqa davlatlar bilan biznes va harbiy sohalarda raqobat qilish.
Xitoy sun'iy intellektni AQSh tomonidan Xitoy biznesiga qo‘yilgan cheklovlarga qarshi samarali vosita deb biladi. Ayniqsa, “DeepSeek” Uoll-Stritni larzaga keltirgach va yanvar oyi oxirida “Nvidia” aksiyadorlari 589 milliard dollar yo‘qotgach, bu masala yanada dolzarb tus oldi.
"Xitoy hukumati sun'iy intellekt texnologiyasini rivojlantirish va joriy etishda xususiy sektor va universitetlar bilan bevosita hamkorlik qiladi hamda yuqori texnologiyali mahsulotlarni import qilishga qaramlikni kamaytirishga harakat qilmoqda", - dedi Kornell universitetining Rivojlanayotgan bozorlar instituti direktori Lourdes Kasanova.
So‘nggi haftalarda Xitoy bir necha yangi sun'iy intellekt modellarini taqdim etdi. Ulardan biri — “Manus” bo‘lib, ekspertlarning fikriga ko‘ra, u “ChatGPT”ning so‘nggi modeli bilan raqobatlasha oladi. Tahlilchilar “DeepSeek”’ning “Nvidia” eski chiplaridan foydalangan holda “ChatGPT” bilan teng samaradorlikda ishlaganini hayrat bilan kuzatdi. AQSh Xitoyga ilg‘or chiplarni yetkazib berishni taqiqlab qo‘ygan edi.
"Xitoy va AQSh sun'iy intellekt sohasida ancha oldinga ketgan. Ilgari Xitoy AQShdan bir yoki ikki yil ortda bo‘lar edi, hozir esa oraliq atigi ikki-uch oy", - deydi Pekindagi “TechMoat Consulting” kompaniyasi rahbari Jeffri Tovson.
"Alibaba”ning “Qwen” modeli hozirda LLM (yirik til modellari) sohasida xalqaro yetakchiga aylangan. “Kling AI” va “Minimax” esa video yaratish texnologiyasida dunyodagi eng ilg‘or kompaniyalar qatoriga kiradi", - deydi Tovson.
Hukumatning roli
2017-yilda Xitoy sun'iy intellekt bo‘yicha rivojlanish dasturini e’lon qilgan va 2030-yilga kelib bu sohada jahon yetakchisiga aylanishni maqsad qilgan. "Keyingi avlod sun'iy intellektini rivojlantirish rejasi"da sun'iy intellekt turli sohalarga tatbiq qilinishi va iqtisodiy transformatsiyani boshqarishi ko‘zda tutilgan.
"Xitoy sun'iy intellekt strategiyasi bo‘yicha har qanday davlatdan ustunroq harakat qilmoqda", - deydi Niderlandiyadagi Leyden universiteti professori Rojer Krimers.
Xitoy “Milliy hisoblash tarmog‘I”ni yaratdi — bu elektr tarmoqlari kabi ishlaydi va sun’iy intellekt kompaniyalariga o‘z hisoblash quvvatiga katta mablag‘ sarflamaslik imkonini beradi. AQShda esa har bir kompaniya o‘z hisoblash infratuzilmasini mustaqil yaratishi kerak, deydi Krimers.
Raqobat
“ChatGPT”ning yangi “GPT-4” modeli Xitoyning yirik texnologiya kompaniyalari rahbarlarining e’tiborini tortdi. “Baidu” rahbari Robin Li so‘nggi yangilangan “ChatGPT”ni ko‘rgach, kompaniyasi "katta bosim va inqiroz hissi" ostida ekanligini ta’kidladi. “Baidu” o‘zining Ernie Bot modelini ishlab chiqgan bo‘lsa-da, kompaniya Xitoyning xalqaro yetakchilardan orqada qolayotganini tan olmoqda.
"AI va robototexnika sohasida Xitoy AQShni ortda qoldirishi ehtimoli katta. Elektr transport vositalarida (EV) bo‘lgani kabi, bu sohada ham Xitoy yetakchilik qilishi mumkin, - deydi Tovson. - "Unitree” kabi Xitoy kompaniyalari allaqachon oldinga chiqib olgan. Shaxsiy robotlar, sanoat robotlari va maxsus robotlar bo‘yicha Xitoy kutilmaganda hammadan oldinga chiqishi mumkin".
Kommunistik partiya nazorati
Xitoy Prezidenti Si Zinpin yaqinda xususiy sektor, jumladan, texnologiya kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashib, ularni iqtisodiy pasayish va AQSh cheklovlarini yengib o‘tish uchun "iste’dodlarini namoyon qilishga" chaqirdi.
"Ba’zi tahlilchilarga ko‘ra, “DeepSeek” va “ChatGPT” kabi chatbotlarning rivojlanishi Xitoydagi media senzurasidan aziyat chekishi mumkin, chunki ushbu modellar uchun turli xil ma’lumotlar yetishmaydi", - deydi Krimers.
Biroq hukumat nazorati sanoat siyosatini muvofiqlashtirishga yordam beradi, bu esa Xitoyda sun'iy intellekt rivojlanishiga turtki beradi.
Xitoy sog‘liqni saqlash va boshqa sohalar uchun maxsus dasturiy ta’minotga ko‘proq e’tibor qaratmoqda, bu esa siyosiy senzura talablariga mos tushadi. Xitoy sun'iy intellekti qovurg‘a sinishidan tortib saratongacha bo‘lgan kasalliklarni aniqlashda aniq tashxis qo‘yish qobiliyatini oshirmoqda.
AQShning ilg‘or chiplarga qo‘ygan taqiqi
"Bu biroz vaqt oladi, ammo Xitoy sun'iy intellekt uchun ilg‘or chiplarni ishlab chiqarish qobiliyatiga ega bo‘lishi ajablanarli bo‘lmaydi", - deydi Kornell universitetidan Kasanova.
“Huawei” kabi kompaniyalar AQSh cheklovlariga qaramay, ilg‘or chiplarni ishlab chiqarishga urinmoqda.
Tovsonning ta’kidlashicha, Xitoy mustaqil yarimo‘tkazgich ishlab chiqarish tarmog‘ini yaratishga 100% e’tibor qaratmoqda.
"Bu kutilganidan tezroq rivojlanmoqda, ammo texnologiya chegarasi doimo oldinga siljiydi. Buning uzoq muddatli natijasi qanday bo‘lishi hali aniq emas", - deydi u.
Krimers esa, "dasturiy ta’minot orqali ham ko‘p narsa qilish mumkin. Xitoy kam quvvat talab qiladigan chiplar bilan ham ishlay oladi yoki kamroq ilg‘or chiplardan foydalanib natijaga erisha oladi", dedi.
Harbiy sohadagi sun'iy intellekt
Xitoy harbiy-havo kuchlari sun'iy intellekt asosidagi biometrik testlardan foydalanib, uchuvchi nomzodlarni saralamoqda. Bu jarayon sog‘liq bilan bog‘liq xavflarni aniqlashda yordam beradi.
Shuningdek, Xitoy tadqiqotchilari Xitoy armiyasining sun'iy intellekt texnologiyasini rivojlantirishda “Meta” kompaniyasining ochiq kodli Llama modelidan foydalanganini ma’lum qilishdi. Bu esa sun'iy intellektning harbiy qo‘llanilishi borasida yangi muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.