14-mart kuni Senatda "ha" deb berilgan ovozlar hukumatning ishdan to'xtab qolishining oldini oldi. Bu bilan Amerika joriy moliyaviy yilning oxirigacha, ya'ni oktabrgacha bu masalani hal qildi.
Respublikachilar oxirgi soniyalargacha ham Senatda demokratlar umuman ovoz bermasligi mumkin, degan xavotirda edi.
Vakillar palatasining bu loyihaga tish-tirnog'i bilan qarshi demokrat a'zolari partiyadoshlarini "yo'q" deyishga chorlab turdi.
Biroq Senatda demokratlar lideri Chak Shumer nazarida, hukumatning ishdan to'xtab qolishi Prezident Donald Tramp va uning partiyasi uchun qo'l kelib, konservativ tashabbuslar yanada avj olishi mumkin.
Ma'qullangan hujjatning o'tgan yilgi byudjetdan farqi shuki, xarajatlar hozir 7 milliard dollarga qisqargan. Harbiy maqsadlar uchun mablag' hamon eng yuqori darajada.
Shumer deydiki, hukumat ishdan to'xtab qolsa, Ilon Mask boshliq maxsus guruh ko'plab agentliklarni chopib kichraytirishi, hatto yo'q qilib yuborishi ehtimoli yuqori.
"Qonunchilar nazoratni yanayam oshirishi kerak bo'lgan paytda ma'muriyatga keraksiz bahona bera olmaymiz", - deydi senator.
Biroq aksariyat demokratlar fikricha, Shumer ovoz berib adashdi va respublikachilar haddidan oshishi uchun imkoniyatni kengaytirdi.
Sobiq spiker Nensi Pelosi shunday qarashdagilardan biri.
"Amerika hukumati oldin ham Tramp prezidentligi davrida yopilib qolgan. U xohlagan byudjetni ma'qullash faqat zarar", - deydi Pelosi.
U ovoz bermagan bo'lsa-da, Vakillar palatasida byudjet 11-mart kuni ko'pchilik tomonidan quvvatlangan. Biroq Pelosi kabi muxolifatchilar Senat loyihani o'tkazmasa, Oq uyga zarba bo'ladi, deya umid qilayotgan edi.
Shumerni odatda tanqid qiladigan Prezident Tramp bugun uni maqtab chiqdi.
"Chak Shumer to'g'ri qadam tashlagani uchun uni qutlayman. Aql va jasorat bilan ish tutdi", - deya yozdi prezident "Truth Social" platformasida.
Byudjet loyihasi 100 a'zoli Senatda kamida 60 quvvatlovga ega bo'lishi kerak. 62 senator unga "ha" deb ovoz berdi. 38 senator "yo'q" dedi.
Kongress aslida yillik byudjetni moliyaviy yil boshlanishidan oldin, ya'ni 1-oktabrgacha tasdiqlab qo'yishi kerak. Biroq Vashingtondagi siyosiy tarqoqlik, partiyabozlik, Oq uy hamda qonunchilar orasidagi tinimsiz ziddiyat bunga yo'l qo'ymay keladi.
Yangi byudjet loyihasi ustida kelisha olmagan qonunchilar oxirgi ma'qullangan byudjetdan nusxa olib, uni bir amallab ovozdan o'tkazadi.
Shu bilan hukumat xarajatlarida keskin o'zgarishlar qilishga yo'l berilmaydi. Bu safargisi ham shunday.