15 yil muqaddam AQSh fazoni tadqiq etish boshqarmasi koinotga o’z teleskopini jo’natgan edi.
Boshida biroz pand bergan Hubble teleskopi sal o’tmay insoniyatning borliqqa nisbatan nazarini o’zgartira boshladi.
"Bugungi kundagi astronomiya haqidagi kitoblar Hubble ning yaratilishi va uning yordamida qilingan kashfiyotlar tahlili bilan to’la,"- deydi fazo teleskopining bosh tadqiqotchisi Devid Lekroun.
Hali ham mazkur dastur ustida ishlab kelayotgan olim, teleskop qilgan buyuk kashfiyotlar hammani birdek lol qoldiradi, deydi: "Teleskop bizning aqlimiz yetmagan masalalarga, jumboqlarga javob topyapti."
Hubble ning ilmiy qudrati mahsuli o’laroq, koinotdagi harakatlar va o’zgarishlar haqida boxabar bo’lib turildi. Fazogirlar uni tuzatish va yangi asboblar qo’yish maqsadida bir necha parvozlarni amalga oshirishdi.
Ammo 2007 yilgacha teleskopga yana bir safar qilinmasa, uning ba'zi mexanik qismlari tamoman ishdan chiqishi mumkin. Gap shundaki, 2003 yilda yuz bergan Kolumbiya fazo kemasi halokati ketidan Hubble teleskopiga qilinishi rejalangan parvoz bekor qilindi.
Fazoshunoslar, jamoatchilik va AQSh qonun chiqaruvchilari bosimi ostida, AQSh fanlar akademiyasining ilmiy kengashi teleskopni ta’mirlashning ikki ehtimoliy yo’lini o’rgandi: biri unga fazogirlarni jo’natish, ikkinchisi esa uni robot orqali tuzatish.
"Afsuski, kengash fazodagi teleskopning umri chegaralangan va uni qolgan qisqa davr ichida robot vositasida ta’mirlashning imkoniyati yo’q, deb xulosa qildi,"-deya bildiradi mazkur ilmiy tekshiruvga rahbarlik qilgan olima Sandra Graxam.
Muhandis, fazoshunos va boshqa tajribali mutaxassislardan iborat guruh teleskopni unga fazogirlarni uchiribgina tuzatish mumkin, deb tavsiya qildi.
Ammo bunda fazogirlarning qanday xavf ostida bo’lishi ham e’tiborga olindi. Olimlar nazarida, raketa samoga ko’tarilayotgan va yerga qaytayotgan paytda eng kuchli xavf ostida bo’ladi.
" Shunday ekan, Hubble teleskopi va fazodagi xalqaro stansiyaga chiqishning xavf darajasi, barcha xavfsizlik choralari ko’rilgan holda va xalqaro stansiyaning naqadar xavfsiz makon bo’lishi mumkinligini nazarda tutgan holda, ancha past bo’ladi,"- deydi Graxam xonim.
NASA, ya'ni AQSh fazoni tadqiq etish boshqarmasining yangi rahbari Maykl Griffin endilikda Hubble teleskopini ta’mirlash borasida ijobiy qadamlar qo’yilajagini ta’kidlamoqda. Uning aytishicha, raketalar parvozi tiklangach, teleskopga fazogirlar chiqa oladi. "Ikki yildan keyingi ilk parvoz amalga oshirilgach, fazodagi teleskopni to’rtinchi marta tuzatishning ijobiy va salbiy tomonlarini qayta ko’rib chiqamiz,"-deydi u.
Janob Griffin, shuningdek, teleskopni robot orqali tuzatish mumkin, degan fikrda.
Teleskopga chiqmaslikka qaror qilingan taqdirda ham, uni yerga, okeandagi maxsus zonaga tushirish uchun ham kamida bir marta parvoz qilishga to’g’ri keladi, deydi olima Sandra Graxam:
"Teleskop qayergadir tushadi, qattiq zarba bilan tushadi. Uning Parij yoki Nyu Yorkka emas, okeanga tushishishini kafolatlash uchun uni orbitadan olib chiqish kerak."
Hubble ning kelajagi nima bo’lishidan qat’iy nazar, deydi uning bosh muhandisi Devid Lekroun, fazo teleskopi tarixda abadiy o’rin olib bo’lgan. "Asrlar o’tib ham, insoniyat bu teleskop ochgan mo’jizalardan hayratlanishda davom etadi."