AQSh rasmiylarining ta’kidlashicha, O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligi AQShga diplomatik nota yo’llab, unda AQSh qo’shinlari Xonoboddagi harbiy bazani olti oy ichida tark etishini so’ragan. Qator axborot vositalarida chiqqan xabarlarga ko’ra, Pentagon va AQSh Davlat departamentining rasmiylari bu ma’lumotni tasdiqlagan. O’zbekiston Xonoboddan qo’shinlar bilan birga AQShning samolyotlari va jihozlari ham olib chiqilishi kerakligini ta’kidlagan.
AQSh Xonoboddagi aviabazadan Afg'onistondagi harbiy amaliyotlar uchun foydalanib kelayotgan edi. AQSh qo'shinlari 2001 yilning 11 sentyabridagi voqealardan so'ng hamda AQSh Afg'onistondagi Tolibon hukumatiga qarshi urush boshlagandan so'ng, O'zbekiston va AQSh hukumatlari tomonidan imzolangan shartnoma asosida Xonobodga joylashtirilgan edilar.
AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Shon Makkormak O'zbekiston hukumatidan shartnomani bekor qilish bo'yicha diplomatik nota Toshkentdagi AQSh elchixonaga yetkazilganini tasdiqladi. "Vashington Post" gazetasining yozishicha, AQSh harbiylari 180 kun uchida aviabazani tark etishlari kerak, ammo AQSh rasmiylari bu jadvalni hali tasdiqlashgani yo'q.
Hozirda Xonoboddagi aviabazada 800 nafar AQSh askari xizmat qiladi. 14 iyulgi matbuot konferentsiyasida, AQSh Shtab boshliqlari qo'shma qo'mitasining raisi general Richard Mayerz, O'zbekiston va Qirg'izistondagi bazalar mintaqa xavfsizligi uchun katta ahamiyatga ega ekanligini ta'kidlagan edi.
"Markaziy Osiyo AQSh uchun nafaqat Afg'onistondagi amaliyotlar, balki boshqa sabablar bois ham muhim," degan edi o'shanda Mayerz. "Mintaqa xavfsizligi va barqarorligi katta ahamiyatga ega va buni ta'minlay oladigan tomonlar Markaziy Osiyoga qo'yilishi kerak."
Ushbu haftada AQSh mudofaa vaziri Donald Ramsfeld Markaziy Osiyoga safar qilib, Qirg'izison va Tojikistondagi harbiy inshootlardan foydalanishda davom etish uchun ruxsat oldi. Safar davomida Ramsfeld O'zbekiston rasmiylari bilan uchrashgani yo'q, ammo shartnoma bekor qilingan taqdirda, AQSh harbiylari bunga tayyor ekanligini ta'kidlagan edi.
Diplomatik notada O’zbekiston hukumati AQSh qo’shinlarining olib chiqilishlari uchun hech qanday sabab ko’rsatmagan. Biroq kuzatuvchilarning fikricha, O'zbekiston Andijonda yuzlab tinch aholining o'qqa tutilishi yuzasidan AQSh va boshqa davlatlar tomonidan tanqid qilingandan so'ng, shartnomani bekor qilishga ahd qildi.