Breaking News

AQSh ekspertlari O'zbekistonning Xonobod aviabazasi bo'yicha qarorini izohlamoqdalar


O'zbekiston hukumatining AQShga Xonoboddan qo'shinlarini olti oy ichida olib chiqish talabining qo'yganligi AQShning o'zida ayrim siyosatshunoslar va siyosatchilarning munozaralariga sabab bo'lmoqda. Ana shunday siyosatshunoslardan biri, Garvard Universitetida Markaziy Osiyo dasturining direktori professor Jon Shoberleyn. Uning fikricha, AQShning O'zbekistondagi bazasini yopilishining afsuslanarli siyosati shundaki, Qo'shma Shtatlar O'zbekistonga bazani yopishga do'q-po'pisa qilishgacha imkoniyat berdi.

"Bir necha oy burun O'zbekiston hukumati bazaning yopilishini AQShga qarshi ishlatishi ayon bo'lgan. O'zbekiston hukumatining G'arb bilan, va ayniqsa AQSh bilan aloqalari yomonlashgandan keyin, bunday natijani kutsa bo'lar edi. AQSh uchun ham hozirda Afg'onistondagi operatsiyalar uchun ko'p ishlatilmayotgan hamda o'ziga yarasha majburiyatlarni yuklagan bazani yopish maqsadga muvofiq bo'lar edi," deydi professor Shoberleyn.

"Andijondagi voqealardan so'ng, AQSh bazani yopish haqida qat'iy bayonot bilan o'zi chiqishi kerak edi. Bu qaror bilan O'zbekiston hukumati G'arb tomon yurish uning manfaatlariga mos kelmasligini yaqqol namoyon qildi. AQSh O'zbekiston bilan hamkorlik qilishning yo'llarini topishi kerak. Biroq harbiy baza bu hamkorlikning asosida turmasligi kerak. O'zaro aloqalar qaysi yo'nalish bo'yicha rivojlanishini hozircha aytish qiyin, chunki o'tmishda O'zbekiston tashqi aloqalarda yo'nalishlarini bir necha bor o'zgartirgan. Bundan tashqari amaldagi hukumatning hokimiyatda qanchalik uzoq qolishi ham masalaning boshqa tomoni, chunki uning xalq ichida ob'rosi to'kildi. Bundan tashqari mamlakat ichidagi ba'zi kuchlar Karimovdan qutilishni istaydilar, shuning uchun mamlakatning o'zi ham qaysi tarafga og'ib ketishini hozirdan aytish qiyin. Demak, AQSh hozirdan o'zini ana shunday oqibatlarga, ya'ni boshqa kuchlarning O'zbekistonda hokimiyat tepasiga kelishiga tayyorlashi lozim."

AQShdagi nufuzli ilmiy-tadqiqot va siyosatshunoslik markazi hisoblangan, REND Korporatsiyasining xalqaro siyosat bo'yicha bosh tahlilchisi Olga Oliker 2003 yili katta ilmiy ish yozib, unda AQSh armiyasining Markaziy Osiyo va Kavkazda qanday siyosat olib borishi kerakligi haqida muhim tavsiyalar bergan. Uning fikricha, bazani yopish haqidagi O'zbekiston hukumatining qaroridan ajablanmasa ham bo'ladi.

"O'zbekiston hukumatining bu haqidagi qarori hech kimni ajablantirgani yo'q. Bir necha oydan beri bu kutilayotgan edi," deydi u. "Hammani qiziqtirayotgan savol AQShning bunga javobi qanday bo'ladi? Bazaning yopilish talabi aloqalardagi katta salbiy o'zgarishni anglatadi. Bu O'zbekiston va AQSh manfaatlariga to'g'ri kelmaydi. Boshqa tarafdan, ikki tomon o'zaro aloqalarni qayta ko'rib chiqib, qaysi sohalarda hamkorlik qilish keragu va qaysi sohalarda hamkorlik qilish kerak emasligini muhokama qilishlari kerak."

Olga Oliker, shuningdek, rasmiy Toshkent tomonidan bu qarorning qabul qilinishida Xitoy bilan Rossiyaning rolini oshirib yubormaslik kerak, deydi.

"To'g'ri ikkala davlat ham AQShning mintaqada cheklangan faoliyat olib borish tarafdori va albatta ular O'zbekistonning bu qaroridan xursand, biroq men qaror Peking yoki Moskvada emas, aynan Toshkentda qabul qilingan, deb hisoblayman."

XS
SM
MD
LG