AQSh janubidagi Yangi Orlean shahri Katrina dovuli urganidan beri suv va vayronalar ostida qolgan. Mintaqadagi muxbirimiz Greg Flakusning xabar berishicha, o’n minglab jabrdiydalarni qutqarish va ularga ko’mak berish ishlari avjida bo’lsa-da, odamlar issiq havo, suvsizlik, oziq-ovqat taqchilligi va hamma yoqni suv bosgani sabab, katta qiyinchiliklarni boshdan kechirmoqda. To’fon va undan keyin kelgan sov toshqini ostida qolib ketgan aholiga yordam berilmoqda, ammo juda sekin.
Shahar bir necha kundan beri dahshatda yshayapti. Hozirda aholiga vertolyotlarda oziq-ovqat, dori-darmon va suv olib borilmoqda. Yangi Orlean shahridagi usti yopiladigan stadiondan 200 mingdan oshiq kishi boshpana topgan. Ammo, u yerdagi sanitariya ahvoli chidab bo’lmas darajaga kelib qolgani aytilmoqda. Birinchidan, havo juda issiq va dim, ikkinchidan esa Katrina dovulining bunchalik kuchli kelishini kutmagan shahar hokimiyati kerakli yordam bergunicha, shaharda tartib o’rnatgunicha ancha payt o’tyapti.
Ayni damda odamlar boshqa shaharlarga, jumladan qo’shni Texas shtatiga ko’chirilyapti, ammo bu harakatlar, juda sekin amalga oshirilyapti. Odamlarni boshqa yerga ko’chirish AQSh harbiylari bo’yniga yuklangan va harakatlarga boshchilik qilayotgan leytenant mayor Pit Shnayder deydiki:
- Hozirda jabrdiydalarga Xyuston shahridan boshpana berilyapti. Muammo shuki, odamlarni tashiyotgan avtobuslar juda gavjum va ularda aynan necha kishi olib ketilayotgani haqida aniq hisoblar yoq. Odamlarni bir tartibda, ism-sharifini olgan holda jo’natish qiyin kechyapti, chunki hamma Yangi Orleandan ketishni istaydi.
Jabrdiydalarga sekin va tartibsiz holda yordam ko’rsatilayotgani nafaqat oddiy odamlar, balki ahvolning qanchalik og’ir ekanini tushunib turgan siyosatchilar tomonidan ham tanqid ostida. Yangi Orlean shahridan saylangan Kongressmen
Charli Melankon, shulardan biri.
- Nahotki, Iroqqa shunchalik tez kirib, joylashib olgan bir mamlakat endilikda o’zining bir shahridagi ofatga qarshi, undan ko’rilgan talofatga qarshi yetarlicha chora ko’rolmaydi,- deydi Melankon.
Yordam kutib o’tirgan jabrdiydalar orasida, ochlikdan, suvsizlikdan, qolaversa sanitariya ahvolining yomonligidan jon berayotgan kishilar ham bor. Amerikaliklar o'rtasida Yangi Orleandan kelayotgan ana shu dahshatli tasvirlarga nisbatan munosabat juda salbiy. Turli shtatlar va hududlar Yangi Orleanga qo’ldan kelgan barcha yordamni berishga intilmoqda.
Bu orada, AQSh chet eldan ham yordam olishni boshlagan. AQSh Davlat departamenti bergan ma’lumotlarga ko’ra, 20 dan ortiq davlatdan turli ko’rinishdagi ko’mak olinmoqda. Jumladan, Rossiya, Xitoy, Yaponiya, Yamayka, El Salvador, Venesuela kabi odatda AQSh bilan murakkab aloqalarda bo’lib turuvchi davlatlardan ham. Davlat departamenti so’zlovchisi Shon Makkormakning aytishicha:
- Xalqaro hamjamiyatdan yordam berishga oshiqqanlar soni ortib bormoqda. Amerikaliklar bunga quchoq ochishlari lozim. Bizga hamdardlik bildirayotgan xalqlar ko’p. Amerikaliklar dunyo ularga shunday qiyin damlarda hamdard ekanini bilishlari va buni qadrlashlari lozim.
Chet davlatlar Katrina to’foni jabrdiydalariga yordam sifatida, asosan kiyim-kechak, pul, samolyotlar, qayiqlar ba qutqaruv guruhlari jo’natmoqda.
Prezident Bush, shu kunlarda, asosan tabiiy ofat keltirgan zarar ustida bosh qotirmoqda. Hozirda Bush sobiq prezidentlar - keksa Bush va Bill Klintonni jabrdiydalar uchun yordam puli to’plash ishlariga boshchi etib tayinlagan.
Klinton ham, keksa Bush ham janubiy-sharqiy Osiyoga kelgan tsunami jabrdiydalariga moliya to’plash borasida hamkorlik qilgan edilar. Bushning aytishicha, mana endi AQSh hukumati yana ularning mahoratidan foydalanmoqda,.
- Kelasi kunlar ichida sobiq prezidentlarimiz Amerika xalqidan ham yuraklarini, ham hamyonlarini ochishni so’raydi, - dedi Bush.
Kecha AQSh Senatining favqulodda qilgan sessiyasida Katrina to’foni keltirgan zararni qoplash uchun 10 yarim milliard dollar pul ajratildi. Senatdagi respublikachilar yetakchisi Bill Frist shunday dedi:
- Tabiatning ayovsiz qahriga uchragan odamlar najotsiz qolgan, ularning bu dahshatga dosh berishlari juda qiyin, ular bizninf ko’magimizga muhtoj. Shunday ekan, ajratilgan pul hech narsa emas.
Demokrat senatorlar yetakchisi Garri Rid ham shu fikrda:
- Bugungi kunda bo’ynimizda jabrdiydalarga yordam qo’lini cho’zishdan muhimroq vazifa va majburiyat yo’q.
Xullas, Meksika ko’rfazidan kelgan qudratli ofat AQSh xalqini va hukumatini larzaga keltirdi. Shubhasiz, Katrina to’foni asoratlaridan tiklanish mamlakat oldidagi eng asosiy masalalardan biri bo’lib qoladi.