Markaziy Amerika Boks Federatsiyasining WBC, ya’ni Jahon boks kengashi yo’nalishida o’gir vazndagi jahon chempioni, Xorazmda tug’ilib voyaga yetgan, Timur Ibragimov mana yigirma yildirki boks bilan shug’ullanib keladi.
Timur Ibragimov ringdagi ilk janglarini eslar ekan, sportga erta yoshdanoq qiziqa boshlaganini aytadi:
“To’g’risini aytsam men yoshligimda ikkita sportga borardim - dzyudo va boksga. Birinchi musobaqam Xorazm va Qoraqalpog’iston jamoalari orasida kechgan. Shunda men Nukusda o’z raqiblarimning uyida yashaganman va adashmasam, o’shanda g’olib kelganman. Shunga bo’lsa kerak meni boksga bo’lgan muhabbatim oshgan va men mazkur sport turida qolishga ahd qilganman.”
Timur Ibragimov 19 yoshidayoq havaskor boks bo’yicha O’zbekiston terma jamoasi a’zosiga aylangan va 81 kg vaznda ringga chiqishni boshlagan edi.
“1993 yildan boshlab qaraydigan bo’lsak, shu yilda men ilk bor O’zbekiston chempioni bo’lganman. Shundan keyin O’zbekiston terma jamoasida doimiy o’rnimga ega bo’ldim. 1994 yilga kelib men Tailandda jahon kubogi musobaqasida, norasmiy jahon chempionatida qatnashdim. Va o’sha musobaqada Narimon Otayev va hozirda professional boksdagi jahon chempioni va mening yaqin do’stlarimdan biri Oleg Maskayevdan keyin bronza medali bilan faxrli uchinchi o’rinni qo’lga kiritganman. Bu mening ilk va katta yutuqlarimdan biri bo’lgan desam mubolag’a bo’lmaydi. Shundan so’ng men Osiyo O’yinlarida qatnashib sovrinli o’rinlardan joy oldim. Menga faxr bag’ishlagan musobaqalar qatorida 1996 yil Atlantada o’tgan Olimpiya o’yinlarini eslayman. Sabab, o’yinlarning ochilish marosimida men O’zbekiston Respublikasi bayrog’ini ko’tarib chiqishga muvaffaq bo’ldim. Bu yerda ham sportchilar orasida Olimpiya o’yinlarida ishtirok etganlarni juda hurmat qilishadi. Va mendan sen ham qatnashganmisan deb so’rashganda men nafaqat qatnashganman balki respublikam bayrog’ini ham ko’tarib chiqqanman, deya maqtanaman”, deydi Timur.
Professional boksga kirib kelishi haqida gapirarkan, Timur Ibragimov bu jarayon tasodifan yuz bergan, deydi:
“Havaskor boksda mening terma jamoadagi asosiy raqiblarimdan biri Sergey Mixaylov edi. Men undan ustun kelgan bo’lsamda 2000 yilda Sidney Olimpiadasiga u yuborildi, va bu menga alam qilganidan boksni tark etishga qaror qildim. Shunda Amerikaga kelib ketib yurardim. Vizam bor edi. Bu yerda men hatto oddiy ishchi sifatida ham ishladim, sakkiz oy davomida. O’zbekistonga qaytgach professional boksda o’zimni sinab ko’rsam qanday bo’larkin, deb o’yladim. Vaznimni oshira boshladim. Har kun yugurib, mashqlar qildim. Keyin esa Amerikaga, musobaqalardan tanish bo’lib qolgan va hozirda yaqin do’stlarimdan biri Oleg Maskayevning menejeri yoniga keldim.
Menejer bilan uchrashar ekanman u menga, seni birdaniga professional boksga ola olmaymiz, sinab ko’rishimiz kerak dedi. Shunda men bir qator sparringlar, ya’ni sinov janglari o’tkazib, o’zimni ko’rsatdim. Shunda ularga yoqdim shekilli, mana uch yildan oshdiki professional boksda faoliyat yurityapman.”
Bugunga kelib Timur Ibragimov professional boksda 21 jang o’tkazdi. Ulardan 20 tasida g’alaba qozongan va bittasini durrang bilan yakunlagan. G’alabalarining 12 tasi nokaut bilan tugagan. Timur Ibragimov og’ir vaznda WBC yo’nalishida FACERBOXING, ya’ni Markaziy Amerika Boks Federatsiyasi chempioni hisoblanadi. Yo’nalishning jahon reytingida 22- o’rinni egallab turibdi.
“Men bugun Florida shtatining Mayami shahrida yashayman. Murabbiyim Karlos Xumberto Lyuis. Dunyoga 28 nafar jahon chempionini yetkazib, professional boks tarixida afsonaviy Panama Lyuis degan nom olgan. Shogirdlari orasida, Roberto Dyuran, Arturo Gatti, Ayem Praya kabi jahonga mashhur bokschilar bor. So’nggi yillarda u Mayk Taysonga ham murabbiylik qilib kelayotgan edi. Jamoamda men bilan birga asli dog’istonlik ammo uzoq yillar Rossiya terma jamoasi sharafini himoya qilgan Sultan Ibragimov ham mashq qilib keladi. Bizning umumiy menejerimiz Boris Grimbergdir”, deydi Timur Ibragimov.
Timur Ibragimovning yaqin do’sti va jamoadoshi Sultan Ibragimov bir necha chempionlik kamarlariga ega. Har bir mashg’ulotda birgalikda sparringga tushadigan bu familiyadosh ikki do’stni Amerika matbuoti qarindoshdek qabul qiladi. Ularni Yevropadagi aka-uka Klichkolarga qiyoslab ham turadi. Biz Timurdan Sultan haqiqatdan ham qarindoshingizmi, deb so’radik.
“Bilasizmi, men Sultanni birinchi marta 1997 yili Krasnoyarskda, “Chempionlar chempionlarni chaqiradi” degan musobaqada uchratgan edim. Sultan Ruslan Chagayevga qarshi ringga chiqqan edi. Aytish joizki, o’sha davrda Sultan Rossiya terma jamoasining yosh va umidli bokschisi edi. Shundan so’ng men unga qarshi Sidney Olimpiadasidan oldin Moskvadagi “Kuchli sakkizlik” musobaqasining finalida raqib sifatida ringga chiqdim. Ayni kunda esa men u bilan do’stman va mana uch yildirki, birgamiz. Biz hattoki ikki yil davomida aka-ukaday bitta kvartirada yashaganmiz. Aslida hech qanday qarindoshlik aloqalarimiz bo’lmasa ham, surunkasiga 24 soat davomida birga bo’lganimiz sabab, atrofdagilar bizni “kuzenlar”, ya’ni amakivachchalar deya atay boshladilar. Umuman olganda, biz bunga qarshi emasmiz. Matbuotda bu kabi ma’lumotlarga ajablanmayman. Qaytanga xursand bo’laman.”
Timur Ibragimovning murabbiysi Panama Lyuis Mayk Taysonga ham ustozlik qilgani bois 24 fevralga rejalashtirilgan navbatdagi jangga “Temir Maykka” Timur uchun sekundantlik qilib yo’l-yo’riq ko’rsatishni taklif etgan. Matbuotdagi xabarlarga ko’ra, Mayk Tayson bu taklifni qabul qilgan.
“Ha, to’g’ri, shunaqa gaplar bor. Uning kelishi 100 foiz emasku, lekin 80 foiz aniq desam bo’ladi. Sabab, Sultanning so’nggi janglarida Mayk kelib unga dalda bergan edi. Men o’sha paytda Londonda edim, jangga kelmoqchi edim, ammo samolyotga kech qolib 1 kunga ushlanib qolganman. Shunda, Tayson “nega Timur yoq” deb murabbiyimdan so’ragan ekan. Panama “Timur kech qolgandir, biroq uni ko’rmoqchi bo’lsang va xohishing bo’lsa Timurning navbatdagi jangida uni burchagida ishlab, sekundantlik qilishing va maslahatlaringni berishing mumkin” degan. Maykka bu fikr yoqqanini va albatta kelishini aytgan edi. Agar boshqa rejalari chiqib qolmasa, 24 fevral kuni Mayamining “Xard Rock Kazino” (Hard Rock Casino) dam olish maskanida bo’ladigan jangimda Mayk Tayson sekundantim bo’lishi mumkin”, deydi Timur.
Mayk Tayson bilan aloqalari haqida batafsil to’xtalar ekan, Timur, jumladan, shunday deydi:
“Tayson bilan Panama orqali tanishganman. Ammo Denni Uilyamsga qarshi jangi oldidan uning tayyorlov lagerida yashab, sparring partneri, ya’ni raqibi bo’lganman. U menga jang olib borish san’ati bo’yicha juda ko’p maslahatlar bergan va hanuzgacha u bilan telefon orqali gaplashib turamiz. Yaratganga meni shunday afsonaviy buyuk sportchi bilan uchrashtirgani uchin ming bora shukurlar aytaman”
Timur Ibragimovdan bugungi kunda O’zbekistondan chiqqan professional bokschilar bilan aloqalari xususida so’raganimizda, u bizga juda qiziq va ko’pchilik bilmaydigan ma’lumotlarni aytdi.
“Bilasizmi, havaskor boksdagi butun faoliyatim davomida men Muhammadqodir Abdullayev va Ruslan Chagayev bilan birga bo’lganman. Barcha musobaqalarda bitta xonada yashardik. Men ularni juda yaxshi bilaman. Biz xatto oilaviy do’stmiz. Ayollarimiz ham bir-biri bilan muloqotda bo’lib turishadi, janglarimizni birga tomosha qilib hayajonlanishadi. Yigitlar Las Vegasda shug’ullanayotgan paytida aloqani ushlab turgan edik. Keyin esa Ruslan va Muhammadqodir Germaniyaga ko’chib ketishdi. Shunda ham aloqamizni uzmadik. Biroq nima sabab bo’ldi, bilmadim-ku, menimcha Ruslan telefonini o’zgartirgan va menikini yo’qotib qo’ygan bo’lsa kerak, telefonlashmay qo’ydik. Ammo yaxshiyam Internet bor ekan, ular haqida o’qib turaman, janglarini kuzatib boraman. Masalan yaqinda Ruslan g’alaba qozonganini va raqibini nokautga uchratganini eshitib xursand bo’ldim. Afsuski, Muhammadqodir uchinchi marta mag’lubiyatga uchradi. Yana bir bokschi do’stimiz bor, Farhod Bakirov degan. U hozirda Yaponiyada professional ringda o’zini ko’rsatmoqda. U bilan biz asosan O’zbekistonda ko’rishib turamiz.”
Do’stlik do’stlik bilan, ammo shuni aytish joizki, Timur Ibragimov va Ruslan Chagayev bir vazn toifasida dunyo reytingida yonma-yon o’rinlarda ketishmoqda. Va shunday bo’lishi mumkinki, bir kun kelib chempionlik kamarini qo’lga kiritish yoki boshqa maqsaddagi jang uchun do’stlar bir-biriga qarshi ringga chiqishi mumkin. Ruslan Chagayev-Timur Ibragimovga jangida kim go’lib chiqarkin?
“Bunday bo’lishi ehtimoldan xoli emas. Sabab - vazn toifalarimiz bir, o’ta-og’ir vazn. Reyting yoki boshqa maqsadda ringga bir-birimizga qarshi tushishimiz mumkin. Biz aka-ukadek bo’lib qolganmiz, ruhan og’ir bo’ladi. Ammo buni sport deydilar va kuchli bo’lgan tomon g’alaba qozonadi”, dedi Ibragimov.
Boksda ko’pincha sportchilarga qandaydir laqab yoki qo’shimcha nomlar qo’yishadi. Masalan Taysonni “Temir Mayk”, Artur Grigoryanni Germaniyada “Qirol Artur” deb chaqirishgan. Timur Ibragimovning muxlislari unga qanday nom berishdi deya so’raganimizda, u kamtarlik bilan, “jentlmenlar”ga xos javob berdi. Aytgancha, uni Amerika ringlarida aynan “Jentlmen”, ya’ni “Oliyjanob” deyishlarini, hali o’zi ham bilmaydi.
“Bilasizmi, menimcha men hali uncha tanilmaganman, va umuman o’zimga nom qidirishga ham harakat qilmadim. Shuning uchun har bir jangda libosimda o’zimning ismim TIMUR degan yozuv bilan ringga tushaman. Ammo masalan, Ruslan Amerikada bo’lgan paytida uni “Oq Tayson”, Muhammaqodirni esa “Kalashnikov avtomati” deb atashardi.”
Kamtarona javobdan so’ng “jentlemen”imizdan bo’lg’usi jangdagi raqibi haqida surishtirdik. Ammo olingan javobdan Timurning jiddiy bokschi ekaniga ishonch hosil qila boshladik.
“To’g’risini aytsam, hali raqibim kim ekanligini bilmayman. Bir raqibim bor edi, Tomas Xeys. Yaqinda mashxur jahon chempionlaridan biri, “Bolshoy Papochka”, ya’ni “Katta otaxon” laqabi bilan mashxur Riddik Bouiga qarshi jangga tushib unga mag’lub bo’lgan edi. Menejerimning aytishicha, Xeys 3 kun oldin men bilan ringga chiqishdan bosh tortgan. Sababi menga noma’lum. Shunga hozirda menga raqib qidirilmoqda. Yaqin kunlarda uning kimligi ma’lum bo’ladi.”
Ha, aytganday, muhim jangga tayyorgarlik ko’rayotgan Timur Ibragimovni topish oson bo’lmadi. Unga qo’ng’iroq qilganimizda, deyarli har safar uning optimistik ruhda yozilgan ovoz qoldirish moslamasiga duch kelardik.
–You reached next champion of the world Timur Ibragimov, please live your message and I’ll call you right back.
“Siz bo’lg’usi jahon chempioni Timur Ibragimovga telefon qildingiz. Iltimos, xabaringizni signaldan so’ng qoldiring. Olgan zahoti, sizga qaytib qo’ng’iroq qilaman.”