Breaking News

Musulmonlar Daniya matbuotida chiqqan chizgilardan g'azabda


Yevropa gazetalarida Muhammad alayhissalom qiyofasi tushirilgan karikaturalardan g’azabga kelgan falastinliklar G’azoda namoyishlar o’tkazdilar. Bugun yuzlab namoyishchilar G’azoning bir necha joyida joylashgan Yevropa tashkilotlari va Yevropa Ittifoqi idoralari tashqarisida Yevropaning turli mamlakatlari bayrog'ini yoqdilar. Daniyada o’tgan yil sentyabrida chiqqan karikaturalar shu haftada yana bir necha Yevropa gazetasida chiqdi. Indoneziya prezidenti Susilo Bambang Yudxoyono bu holni qoralab, musulmonlarni zo’ravonlikka berilmaslikka chaqirdi.

Quddus shahrida juma namozidan chiqqan musulmonlar Al-Aqsa masjidi yonida karikaturalar ilk bora chiqqan mamlakat - Daniya bayrog’ini yoqib yubordilar.

Jahonda eng ko’p musulmonlar yashaydigan Indoneziyada Islom himoyachilari guruhi poytaxt Jakartadagi Daniya elchixonasiga bostirib kirib, elchi bilan gaplashishni talab qildilar.

Namoyishlar, shuningdek, Turkiya, Eron, Buyuk Britaniya, Yaman va Bahraynda ham bo’lib o’tdi. Namoyishchilar dunyodagi barcha musulmonlar kabi karikaturalarni haqoratomuz deya qabul qilmoqdalar. Budparastlikning oldini olish uchun Islomda payg’ambarning suratini tasvirlash taqiqlangan.

Yevropa gazetalarida chiqqan rasmlarning birida, Muhammad alayhisalom sallalari bomba shaklida tasvirlangan bo’lsa, yana birida payg’ambar xudkush bombachilarga jannatda joy qolmaganigini ma’lum qiladi.

AQSh rasmiylari karikaturalarni haqoratli deya tan olsalarda, nashr qilish huquqini yoqlab chiqib, so’z erkinligi demokratiyaning asosi ekanini aytdilar. AQSh Davlat departamenti so’zlovchisi Shon Makkormak shunday deydi:

“Bu tasvirlar orqali musulmonlar haqoratlanganini tan olish bilan birga, biz shaxslarning o’z fikrlarini erkin bildirish huquqlarini himoya qilamiz. Albatta, bu fikrlarga qo’shilmasligimiz mumkin, ularni tanqid ostiga olishimiz mumkin. Ammo odamlarning o’z nuqtai nazarini erkin ifoda etish huquqiga ega ekanini tan olamiz va ta’kidlaymiz.”

Londonda esa Britaniya Tashqi ishlar vaziri Jek Stro Yevropa gazetalarining ba'zilarida karikaturalarni qayta nashrdan chiqqanini tanqid qildi.

“Karikaturalarni qayta nashr qilishga ehtiyoj yo’q edi. Bu hissiyotsizlik, xurmatsizlik va noto’g’ri qarordir.”

Kopengagenda Daniya Bosh vaziri Anders Fog Rasmussen vujudga kelgan taranglikni yumshatish maqsadida musulmon davlatlarining 70 dan ziyod diplomatlari bilan uchrashdi. U karikaturalarga nisbatan vujudga kelgan munosabatdan tashvishda ekanini bildirdi, biroq gazetalar nomidan uzr so’ramadi.

XS
SM
MD
LG