Breaking News

Fransiya matbuoti siyosiy karikaturalarni qayta chop etdi


Indoneziyadagi musulmonlarning ikkinchi eng yirik tashkiloti dunyo bo’ylab norozilik namoyishlariga sabab bo’lgan chizgilar, ya’ni Daniya gazetalaridan birida Muhammad Payg’ambarni terrorchi qilib tasvirlagan karikaturalarni kechirishga chaqirdi.

Muxbirimiz Sonya Peysning xabar berishicha, namoyishlar Osiyo va Yaqin Sharq bo’ylab yanada avj oldi. Daniya Bosh vaziri musulmonlarni tinchlik saqlashga undadi. 8 fevral kuni esa Frantsiyada Charli-Xebdo satirik jurnalining bosh sahifasida Muhammad payg’ambarni tasvirlagan yangi karikaturalar chop etildi. Indoneziyadagi Muhammadiya nomli yirik tashkilotlardan birining rahbari Din Shamsiddin musulmonlardan karikaturalarni kechirishni so’radi.

"Islom bizga kechirimli bo’lishni o’rgatadi. Shunday ekan, Daniya matbuoti yoki hukumati musulmonlardan kechirim so’ragan bo’lsa, uni qabul qilish kerak," -dedi janob Shamsiddin.

O’tgan haftada indoneziyalik namoyishchilar Daniya elchixonasiga bostirib kirgach, elchixona yopilgan edi va Daniya hukumati fuqarolarini Indoneziyani tark etishga chaqirgan edi.

Indoneziya Tashqi ishlar vaziri Hasan Virayudaga ko’ra:

"Karikaturalar musulmon jamoasini ranjitgan. Radikal guruhlar esa bu mojarodan foydalanishyapti."

Shu haftada Afg’onistonda o’tgan namoyishlarda 11 kishi halok bo’lgan, o’nlab boshqalar jarohat olgan. Bangladeshda mingdan ortiq musulmonlar Daniya bayroqlariga o’t qo’ydilar.

Suriyaning Damashq Universiteti professori Muhammad Xabash fikricha, musulmon davlatlari va g’arb o’rtasida fundamental tushunmovchilik mavjud. G’arbda, deydi u, cherkovni davlatdan ajratish odat tusiga kirgan, Islom dunyosida esa bunday emas.

"Yaqin Sharqda hamma narsa boshqacha. Din bu tariximizning, hayotimizning bir qismi," -deydi professor.

BMT Bosh kotibi Kofi Annan, Islom Konferensiyasi Tashkiloti rahbari Akmaliddin Exsono’g’li va Yevropa tashqi siyosati rahbari Xavier Solana kecha birgalikda bayonot chiqarib, zo’ravonliklardan xavotirda ekanliklarini bildirdilar, diplomatik missiyalarga qilingan hujumlarni qoraladilar, va jahon rahbarlarini tinchlikni ta’minlashga chaqirdilar.

XS
SM
MD
LG