Pokistondagi siyosiy vaziyat hozir yanada qaltis. Benazir Bxutto hayoti xavf ostida ekanini juda yaxshi bilar edi.
Siyosiy oilada voyaga yetgan, bu sohaning o’nqir-cho’nqirlarini, so’qmoqli yollarini yoshligidan bosib o’rgangan Bxutto ham hukumatda, ham jangarilar orasida dushmani ko’pligini yaxshi bilar edi.
Prezident Parvez Musharraf Bxuttoning o’limida Al-Qoida jangarilarini ayblasa, Bxutto tarafdorlari nazarida suiqasd ortida hukumatning o’zi turibdi.
Parlament saylovlari oldidan hukumat muxolifatni zaiflashtirish maqsadida Benazir Bxuttoni o’ldirgan deydi ayrimlar.
Ba’zi mutaxassislar fikricha, Bxuttoning Xalq Partiyasi parlamentda ko’pchilik o’rinni egallashi gumon edi. Biroq Bxutto vatanga qaytgach, xalq orasida partiyaning obro’si oshdi. Axir partiya mamlakatda eng kattasi.
Koalitsion hukumat tuzilgan taqdirda Bxutto bosh vazir bo’lishi aniq edi deydi ular. Bu lavozimda uning qanchalik muvaffaqiyat qozonishi esa boshqa masala edi. Bxutto bosh vazir bo’lgan davrda Pokistonda korrupsiya va siyosiy tarqoqlik hukm surgan.
Bugun Pokiston dunyo xaritasidagi eng olovli nuqtalardan biri. Siyosiy tanazzul, radikal islomiy kayfiyat, g’arbga nafrat, bepoyon qarovsiz hududlar, noqobil xavfsizlik kuchlari va kuchli yadro quroli – xullas Al-Qoida kabi terrorchi guruhlar uchun jannatning o’zi.
AQSh razvedkachilarining aytishicha, guruh yetakchisi Usama bin Laden va uning yaqin maslahatchilari Afg’oniston-Pokiston chegarasidagi tog’li mintaqada yashiringan.
Avvallari jangarilar faqat tog’li hududlarda jon saqlab yurgan bo’lsa, bugun ular Karachi atrofida bemalol harakatlanmoqda. Prezident Musharrafdan norozi xalq orasida Tolibonga xayrixoh kayfiyat kuchaygan. Odamlar ko’cha-ko’yda toliblar sayr qilib yurganini ko’rib pinagini buzmay qo’ygan.
Pokistonda mahkam o’rnashib olgan jangarilar siyosiy barqarorlik va’da qilgan Benazir Bxuttoga tish-tirnog’i bilan qarshi ekani muqarrar edi.
Darvoqe, kecha Pokiston Ichki ishlar vazirligi datslabki tergov natijalarini e’lon qildi. Omma e’tiboriga havola etilgan audiotasmada Al-Qoidaning yetakchi a’zolaridan biri Baytulloh Mahsud jangarilarni Benazir Bxuttoning o’limi bilan tabriklagan.
Bu orada dunyo hamjamiyati Benazir Bxuttoning o’limi yuzasidan qator savollarga javob izlamoqda. Bxutto qoldirgan siyosiy meros, uning faoliyati va jahon siyosatiga ta’siri tahlil ostida.
Britaniya Bosh vaziri Gordon Braun Pokiston xalqiga hamdardlik bildirar ekan, Bxuttoni jasur va matonatli siyosatchi deya ta’riflagan.
Bu demokratiyaga qaqshatqich zarba. Pokiston uchun g’oyat mash’um damlar deydi u.
Rasmiy Toshkent Pokistonga hamdardlik izhor etgan. “Amerika Ovozi”ga fikr bildirgan o’zbekistonliklar nazarida Benazir Bxuttoning o’ldirilishi - sharq dunyosida demokratiyaga yana bir qonli xuruj. Mustaqil sharhlovchi Toshpo’lat Yo’ldoshev:
“Benazir Bxuttoning o`ldirilishi O`zbekiston jamoatchiligi, ziyolilarini dahshatga soldi. U Pokiston prezidenti Parvez Musharraf siyosatini keskin tanqid qilgan. G`arb davlatlarini “Al-Qoida”, Tolibonga qarshi yetarli kurashmayotganlikda ayblagan siyosatchi edi. Taniqli siyosatchi ekani uchun ham o`ldirildi”.
Benazir Bxutto 1995 yil 22-23 may kunlari O’zbekistonga tashrif buyurib, prezident Islom Karimov va rasmiylar bilan muzokaralar olib borgan. Tarixi bir, madaniyati yaqin Pokiston va O’zbekiston hamkorlikni rivojlantirishi, xavfsizlik, iqtisodiy-ijtimoiy sohalarda hamkorlik qilishi zarur deya qayd etgan edi Bxutto, Toshkentda qilgan nutqida.
Bxutto bosh vazirlikka ilk bor 1988 yilda 35 yoshida saylangan. Musulmon dunyosida eng yuqori lavozimni egallagan ilk ayol. Ikkinchi marta u Pokistonni 1993-1996 yillar orasida boshqardi.
Bxutto Sind viloyatida shia oilasida dunyoga kelgan. Nafaqat Pokistonda, balki Angliyaning Oksford va AQShning Garvard kabi eng nufuzli oiygohlarini bitirgan. Otasi Zulfiqor Ali Bxutto ham Pokiston siyosatida 1970-yillarda yuqori pog’onalarga ko’tarilgan va bosh vazir bo’lgan. Xalq Partiyasiga asos solgan. 1979 yilda harbiy hukumat tomonidan siyosiy suiqasdda aybdor deb topilib, qatl etilgan.
Benazir Bxutto kecha o’zi tug’ilgan Larkana shahridagi oilaviy maqbarada, otasi va akalari yoniga dafn etildi. Hayoti xavf ostida ekanini yaxshi bilgan Bxutto yaqinlariga va chet eldagi do’stlariga yozgan maktublarida agar unga biror narsa bo’lsa, uning joni uchun hukumatni javobgarlikka tortishni uqtirgan. Hukumatni uni zarur xavfsizlik vositalari va soqchilar bilan ta’minlamayotganlikda ayblagan. “O’lsam, alamim Parvez Musharrafda qoladi” degan.
Korrupsiyada ayblanib 1999 yilda vatanini tark etgan Bxutto ikki oy avval Pokistonga qaytgan edi.
“Chuqur hayajondaman. Men bu kunni oylab, yillab kutdim. Har soat, daqiqa va soniyani sanadim. Shu zaminni, shu osmonni qayta ko’rish orzusida yashadim. Butun vujudim vatan tomon talpinib yashadi. Bugun juda baxtliman”, - degan edi Benazir Bxutto.