Breaking News

Amerikada Markaziy Osiyo tillarini o'qitish ancha kamaygan


Til bilgan mutaxassis har yerda kerak. O'z tilini va boshqa tillarni bilgan insonlar istagan joyda yo'lini topib ketadi, ularga talab ham katta. Masalan, Amerikada Markaziy Osiyo tillari, adabiyoti va tarixini bilgan olimlar barmoq bilan sanoqli. Universitetlar bunday mutaxassislarga ehtiyoj sezadi.

Qo'shma Shtatlardagi Indiana, Vashington va Viskonsin universitetlarini olaylik. Mazkur universitetlar o'zbek, qozoq, tojik, tatar, qirg'iz tillarida so'zlasha oladigan mutaxassislar bilan hamkorlik qiladi. Professor Yulay Shamilo'g'li Viskonsin Universitetida (University of Wisconsin-Madison) Osiyo tillari va madaniyati bo'limi (Department of Languages and Cultures of Asia) uchun mas'ul, o'zbek va tatar tillaridan dars beradi.

"Viskonsin Universitetida Markaziy Osiyo tillarini o'qitish 1980-yillarda boshlangan. O'sha yillari turkiyalik professor Kamol Karpat mana shu bo'limga bosh-qosh edi. Usmonli turklar davri bo'yicha mutaxassis bo'lsa-da, professor kelajak uchun Markaziy Osiyoning ahamiyati o'ta yuqori deb hisoblar edi", - deydi olim.

1990-yillar boshida bo'limda o'zbek, qozoq va tatar tillarini o'qitish yo'lga qo'yilgan. Bu davr ichida universitetda til bilgan olimlar, xususan, Alma Kunanbayeva ismli olima qozoq tilidan dars berdi, professor Xayrulla Ismatullayev o'zbek tilidan saboq berdi va hokazo.

Bu sohada eng ko'p tajribaga ega ta'lim maskani, shubhasiz, Vashington Universitetidir (University of Washington). 1948 yilda bu yerda Markaziy Osiyo madaniyati markazi (Turkic and Central Asian Studies Program) ish boshlagan. 1961 yilda esa bu ta'lim dargohi Toshkent Davlat Universiteti bilan hamkorlik shartnomasi imzolagan. Shundan beri ikki davlat universitetlari o'qituvchi, student va olimlar bilan almashib keladi.

Professor Yulay Shamilo'g'lining aytishicha, Qozog'iston, Tojikiston kabi davlatlardan olimlar har zamonda kelib turadi, ammo so'nggi paytlarda o'zbek tili bo'yicha mutaxassislar kam keladigan bo'lib qolgan. Bu tillarni o'rganishga qiziqish ham ko'p emas deydi u.

"Bugungi kunda O'zbekistondagi universitetlar bilan aloqa deyarli yo'q. Albatta bo'lishini xohlar edik, biroq mutaxassis kelmay qo'yganidan keyin, aloqa o'rnatish ham mushkul bo'lar ekan. Umuman, Amerikada Markaziy Osiyo tillarini o'qitadigan universitetlar juda oz. So'nggi yillarda o'zbek, qozoq tillari bo'yicha dars olish uchun talab kamaygan. Odamlar ko'proq arab, fors tillariga qiziqib qolgan."

Markaziy Osiyo tillarini o'rganish bo'yicha eng yirik dastur Indiana Universitetida (Indiana University, Center for Languages of the Central Asian Region) joylashgan. AQSh hukumati tomonidan moliyalanuvchi bu markaz o'zbek, uyg'ur, turkman, tojik, qozoq tillarida darslik, o'quv dasturlari yaratish, bu tillarni o'qitish bilan shug'ullanadi.

Mazkur universitetlarga Markaziy Osiyodan ma'ruzachi olimlar, murabbiylar tashrif buyurib turadi. Aksariyati AQSh hukumati moliyalovchi Fulbrayt dasturi orqali tanlanadi. Bu yil, deylik, o'zbekistonlik 4 mutaxassis AQShning turli universitetlarida o'zbek tili, madaniyati va tarixidan dars bermoqda.

(Xohlovchilar Fulbraytning 2008-2009 yilgi dasturi uchun tanlovda qatnashishi mumkin. Dastur tafsilotlari AQShning O'zbekistondagi elchixonasi veb-saytida: www.usembassy.uz).

XS
SM
MD
LG