Breaking News

Belarus G'arb bilan aloqalarni tiklamoqchi, ammo...


Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko Yevropa va Qo'shma Shtatlardan uning hukumatiga qarshi qo'yilgan sanksiyalarni bekor qilishni so'ramoqda. Ammo G'arb rasmiylari nazarida 28 sentyabr kuni Belarusda o'tgan parlament saylovlari demokratik talablarga javob bermagan.

Agar Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti kuzatuvchilari Belarusdagi saylovlar ochiq va adolatli o'tgan deya xulosa qilganda edi, Qo'shma Shtatlar va Yevropa savdo va viza cheklovlarini bekor qilishi mumkin edi. Ammo saylov natijalariga ko'ra, muxolifatdan nomzodlar parlamentda birorta ham o'rin ololmagan. Ayrim ijobiy o'zgarishlarga qaramay, saylovlar demokratik andozalarga javob bermagan.

Belaruslik jurnalist Mariya Sadovskayaning aytishicha, o'zgarishlar yuzaki bo'lgan xolos.

"Hukumat parlamentga muxolifatning birorta a'zosini keltirmaslikka harakat qilib, ular uchun eng xavfsiz bo'lgan ssenariyni ishga soldi. Yevropa tashkiloti xulosasi va o'z kuzatuvlaridan kelib chiqib Qo'shma Shtatlar Belarusga qo'yilgan sanksiyalar taqdiri bo'yicha qaror chiqaradi. Saylov jarayonidagi o'zgarishlar sanksiyalarni olib tashlash uchun kifoyami, yo'qmi, buni AQSh va Yevropa Ittifoqi endi hal qilishi kerak."

Menimcha, deydi Mariya Sadovskaya, sanksiyalar bekor qilinmaydi va hukumatning demokratlashtirish yo'lidagi bundan keyingi ishlari yaqindan kuzatiladi.

"Har holda AQShda yangi prezident kelmasidan oldin Belarusga nisbatan siyosatda jiddiy o'zgarishlar kuzatilmaydi."

Ukrainalik jurnalist Yavxen Xlibovitskiyning aytishicha, Belarusdagi saylovlar uning mamlakatida turlicha baholangan.

"Belarus uzoq vaqtdan buyon Rossiyaning ittifoqchisi. Ukrainadagi rossiyaparast partiyalar uni Rossiya bilan ittifoq tuzish uchun qulay hamkor deb biladi. G'arb bilan yaqin aloqalarni yoqlovchi ukrainaliklar Lukashenko rejimi saylovlarning demokratik ruhda o'tishiga yo'l beradi deb umid qilgan. Muxolif nomzodlarga matbuotda chiqish uchun teng imkoniyat berilmagan. Hukumat parlamentga o'z odamlarini o'tkazgan," deydi Xlibovitskiy.

Uning fikricha, G'arbga Belarusda demokratiyadan ko'ra rasmiy Minskning G'arb geosiyosiy manfaatlari doirasidagi hamkorligi kerak.

"Gruziyadagi voqealarda Lukashenko hukumati hech bir tomonni ranjitmadi. Rossiya istagiga qarshi borib Janubiy Osetiya va Abxaziya mustaqilliklarini tan olmagan, ammo shu bilan birga Rossiya ta'sir doirasida qolgan. Moliyaviy inqiroz paytida sobiq Sovet Ittifoqi hududida yangi muammolar vujudga kelmasligi uchun G'arb Lukashenkoga yana bir necha imkoniyat beradi".

Moksvada chiqadigan "Kommersant" gazetasining Vashingtondagi muxbiri Dmitriy Sidorov fikricha, Belarusdagi saylovlar Rossiya matbuoti nazaridan chetda qolmagan.

"Kreml saylovlarni xavotir bilan kuzatgan. Chunki Lukashenko saylovlardan oldin AQSh va Yevropa Ittifoqi bilan aloqalarni tiklashi mumkinligi haqida gapirgan edi. Shundan so'ng AQSh talablaridan biri bajarildi - siyosiy mahbuslar ozod etildi. AQSh esa Minskka davlat kotibi muovinini yubordi. Saylovlardan so'ng Lukashenko jarayon G'arb andozalariga mos kelgan degan, ammo aslida nima bo'lganini yaxshi bilamiz. 110 o'rinli parlamentga 70 nafar muxolif nomzoddan birortasi kira olmagan. Bu - Lukashenkoning yana bir hiylasi bo'lgan deb o'ylayman," deydi Sidorov.

Rossiyalik jurnalist nazarida Lukashenko Rossiyaga bog'liq ekanini yaxshi tushunadi, ayniqsa iqtisodiy jihatdan va shu sabab G'arb bilan, istasa ham, yaqinlasha olmaydi. Chunki Belarus siyosiy tizimidagi o'zgarish Rossiya va G'arb o'rtasidagi ziddiyatlarni yanada kuchaytirishi mumkin.

XS
SM
MD
LG