Breaking News

Rossiya madadisiz, Belarusda siyosiy o'zgarishlar ehtimoli yuqori


Rossiya madadisiz, Belarusda siyosiy o'zgarishlar ehtimoli yuqori
Rossiya madadisiz, Belarusda siyosiy o'zgarishlar ehtimoli yuqori

Belarusda Aleksandr Lukashenko to’rtinchi bor, 5 yillik muddatga prezident etib saylandi. Muxolifat va G’arb hukumatlari, jumladan Qo’shma Shtatlar saylovni adolatsiz deya qoralamoqda.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti vakillari jarayonni kuzatgan va ushbu xulosani tasdiqlamoqda. Aleksandr Lukashenko xorijdan yog’ilib kelayotgan tanqidlarga “ichki ishlarimizga aralashmang, saylov o’tdi, vassalom” deya javob beryapti. Belarus saylov komissiyasiga ko’ra, fuqarolarning 80 foizi unga ovoz bergan.

Barak Obama ma'muriyati Belarusdagi saylov natijalari va jarayondan so'ng muxolifat namoyishlarining bostirilganini keskin qoralamoqda. Hibsga olinganlar orasida prezidentlikka nomzodlar ham bor. Yevropa Ittifoqi esa 4 milliard dollarlik kredit berish rejasidan qaytdi. Germaniya tashqi ishlar vaziri ta'biricha, prezident Lukashenko Belarusni Yevropada yakkalatib qo'ymoqda.

Tahlilchilar nazarida Lukashenkoning parvoi palak. Bunday taktika so'nggi 16 yil davomida samarasini bergan, deydi moskvalik tahlilchi Aleksey Malashenko.

"Lukashenko ahmoq emas. Nazarimda u mamlakatni hali uzoq boshqaradi".

Malashenkoning fikricha, tanqidlar bo'roni hovuridan tushgach, Lukashenko muxolifatning ayrim vakillari bilan uchrashib, o'zini liberal qilib ko'rsatishga harakat qiladi.

Minskdagi namoyishlarning to'qmoqlar bilan tarqatilgani haqidagi videotasvirlarning internetga qo'yilishi sabab, deydi ba'zi kuzatuvchilar, xalqaro tanqid hali beri susaymaydi. Saylovlarda nomzodini qo'ygan muxolifatning to'qqiz vakilidan yetti nafari hibsga olingan. Barchasiga ommaviy tartibsizliklarni uyushtirish aybi qo'yilgan. Buning uchun qonunda 15 yilgacha qamoq jazosi belgilangan.

Ustiga ustak, nomzodlarning besh nafari militsiya tomonidan kaltaklangan. Lukashenkoning asosiy raqibi Andrey Sannikovning oyog'i singan, boshi lat yegan. Vladimir Neklyayev esa behush holda kasalxonaga yetkazilgan.

Prezident Lukashenko raqiblarini va namoyishchilarni televideniye orqali tanqid qildi.

"Bu axir g'irt bezorilik, banditlikku. Insof degan narsa bormi o'zi ularda?!"

Belaruslik faol Nataliya Koliadaning aytishicha, yevropalik demokratik faollar Yevropa Ittifoqidan Belarus rahbariyatiga yana sanksiya qo'yishni talab qilmoqchi. Sanksiyalar bo'lmasa, deydi Koliada, Lukashenko erkinlik evaziga sanksiyalarni bekor qilishni emas, Yevropadan iqtisodiy yordam talab qiladi.

"Bu Lukashenkoning usuli. Oldin odamlarni qamoqqa tashlab, so'ng ularning ozodligi uchun kredit so'raydi", - deydi faol.

Nataliya Koliada ham namoyishga chiqib, hibsga olingan edi, biroq keyinchalik qo'yib yuborilgan. Fursatni boy bermay, mamlakatni seshanba kuni tark etishga majbur bo'ldi. "Qamoqda demokratik faollarning yangi avlodi bilan tanishib, namoyishlar hali-beri to'xtamasligiga amin bo'ldim", deydi u.

"Odamlar befarq emas ekan. Men bilan qamoqda o'tirganlarning 90 foizi namoyishga birinchi marta chiqishi. Hammasi "bunday hayotdan to'ydik" deydi".

Rossiyaning Belarusga moliyaviy yordami qisqarar va saylovlar davlat g'aznasiga qimmatga tushar ekan, tahlilchilar nazarida rasmiy Minsk kelasi oylarda iqtisodiy qiyinchiliklar bilan yuzlashadi.

Erkin saylovlar uchun targ'ib qilgan tashkilot vakili Vasiliy Uxalyorning aytishicha, Belarusda siyosiy muhit o'zgarmoqda. Omma Lukashenko ularni laqillatgan degan fikrda.

"Bahorda bundan-da kattaroq norozilik aksiyalariga guvoh bo'lamiz", - deydi u.

Irlandiyalik siyosatshunos Donnaka Obicheyn sobiq Sovet davlatlarida avtoritar rejimlarni qulatgan rangli inqiloblarni o'rganadi.

"Belarusda davlat to'ntarishining isi kelyapti. Boshqa respublikalarda bo'lgan hol, ammo nazarimda bu mamlakatda Gruziya yoki Qirg'izistonda bo'lgani kabi xalq g'alayoni uchun sharoit yo'q", - deydi mutaxassis.

Uning aytishicha, Belarus iqtisodiyotining katta qismi hali ham davlat qo'lida, bu esa prezidentga 9,5 million aholini boshqarishga katta qudrat bag'ishlaydi.

"Aholining 70 foizi davlat sektorida band. Namoyishga chiqqan talabalar universitetdan haydaladi va, odatda, armiyaga chaqiriladi", - deydi Obicheyn.

Yevropa va AQSh Belarusga bosim qo'yayotgan bir paytda, deydi tahlilchilar, ko'p narsa Rossiyaning pozitsiyasiga bog'liq.

Bir yil davom etgan tortishuvlardan so'ng rasmiy Minsk Kreml bilan munosabatlarni yaxshilashga intilmoqda. Shu hafta parlament Rossiya, Qozog'iston va Belarus o'rtasida umumiy iqtisodiy zona yaratishga qaratilgan bitimni ma'qullagan.

Tahlilchi Donnaka Obicheynning aytishicha, Rossiya Belarusning demokratik davlat bo'lishini unchalik xohlamaydi.

"Chunki Rossiya nazarida, demokratiyani bashorat qilib bo'lmaydi. Axir Belarus shu tariqa NATOga qo'shilishi ham hech gapmas".

Uning aytishicha, Kreml sobiq Sovet respublikalarining turli xil fe'lli rahbarlari bilan aloqa qilishni o'rganib olgan.

"Gap yana shundaki, Lukashenkoga muqobil liderning o'zi yo'q hozircha. Rossiya odatda sinovdan o'tgan, eski apparatchiklar bilan ishlashni afzal ko'radi. Yangi odamlardan nimani kutishni bilmaysan, kishi", - deydi Obicheyn.

Human Rights Watch tashkilotining Rossiyadagi bo'limi mudirasi Anna Sevortyanning aytishicha, ustiga-ustak Rossiyada saylovlar yaqinlashmoqda.

"Belarusdagi o'zgarishlar Rossiyaga ham ta'sir qilishi mumkin, shu sabab u yerda hali beri o'zgarishlarni ko'rmaymiz", - deydi u.

Mutaxassislar nazarida ayrim respublikalarda Sovet tizimida toblangan rahbarlar hamon hokimiyat tepasida ekan, 56 yoshli Lukashenko Belarusni hali uzoq boshqarishiga shubha yo'q.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG