Breaking News

AQSh yangi yadro strategiyasini e'lon qildi


Prezident Barak Obama bugun AQShning yangi yadro strategiyasini e'lon qildi. Hujjatda Amerikaning yadro qurollarini ishga solish shartlari bayon etilgan. Yangi strategiyada bunday shartlar soni kamaygan. AQSh Kongressi har bir yangi ma'muriyatdan yadro qurollaridan foydalanish siyosatini ma'lum qilishni talab qiladi.

Yangi strategiyada aytilishicha, Qo'shma Shtatlar tasarrufidagi yirik yadro arsenali dunyoning bugungi xavfsizlik muammolarini, terrorchilar va yadro qurolini qo'lga kiritishga harakat qilayotgan davlatlar tahdididan samarali himoya qila olmaydi.

Buning uchun yadro qurollariga tobelikni kamaytirib, mudofaa tizimini kuchaytirib, xalqaro hamkorlikni oshirish lozim. Yangi yadro strategiyasiga muvofiq, Qo'shma Shtatlar o'z atom qurollarini Yadro qurollarini tarqatmaslik haqidagi bitimga a'zo, bitim shartlarini bajarib kelgan va atom qurollariga ega bo'lmagan davlatlarga qarshi ishlatmaydi.

Prezident Obama "Nyu-York Tayms" gazetasiga bergan intervyusida Oq uyning yangi yadro siyosati jahonda atom qurollarini kamaytirishga qaratilgan harakatlarni o'z ichiga oladi degan edi.

Kelasi hafta Vashingtonda yadro xavfsizligiga doir ikki kunlik yirik xalqaro anjuman o'tkaziladi. Prezident Obama dunyoni yadro qurollaridan xoli qilish va ularning terrorchilar qo'liga tushmasligini ta'minlashga doir siyosatini bayon qiladi.

AQShning bu harakatlariga yadro izlanishlariga zo'r berayotgan Eron halaqit bermoqda. Rasmiy Tehron uning atom dasturi tinch maqsadlarga qaratilgan desa-da, G'arb nazarida Eron yadro quroli ustida ishlamoqda. Ayni damda yirik davlatlar unga qo'shimcha va qattiqroq sanksiyalar qo'yishni rejalamoqda.

"BMT Xavfsizlik Kengashida hozircha bu borada yakdillik yo'q. Ammo unga erishishga harakat qilyapmiz. Buning uchun imkoniyatlarimiz o'tgan yilga qaraganda ancha yaxshi", - deydi Obama.

Ma'lumki, Xavfsizlik Kengashida veto huquqiga ega ikki davlat - Rossiya va Xitoy Eronga nisbatan yangi sanksiyalar qo'yilishiga qarshi edi. Qo'shma Shtatlar so'nggi paytda bu ikki davlat bilan muloqotni kuchaytirgan.

Ayni damda AQSh Kongressining har ikki palatasi Eronga nisbatan o'z sanksiyalarini qo'yishni ko'zlamoqda. Unga ko'ra, Eronga benzin sotgan yoki neftni qayta ishlashda yordam bergan xorijiy kompaniyalar jazolanadi.

AQSh Tinchlik instituti tahlilchisi Bryus Makdonaldning aytishicha, Obama ma'muriyati Xitoy va Rossiyani Eronga qarshi ovoz berishga ko'ndirmaguncha, Kongress bu ishga aralashmagani ma'qul.

Eron Tashqi ishlar vazirligi rasmiysining bugun bildirishicha, rasmiy Tehron yirik davlatlar bilan yadro dasturidan tashqari har qanday mavzuda muloqot qilishga tayyor.

XS
SM
MD
LG