Breaking News

Jahon salomatlik kuni: Ona va bola o'limi


Yuksak texnologiya va tibbiy taraqqiyot davrida yiliga 11 millionga yaqin bola va yarim milliondan oshiq ona uchun hayot o’z ma’nosini tamoman yo’qotgan ko’rinadi. O’lim hollarining aksariyati tibbiy yordamga imkoniyatning yo’qligi, oziq-ovqat taqchilligi yoki oddiy infektsiyalarga uchrash oqibatida sodir bo’ladi. Bu asosan rivojlanayotgan, kambag’al, janubiy Osiyo va Afrikaning Quyi Saxara qismidagi mamlakatlarda yuz beradi. O’lim hollarining yarmi oziq-ovqat yetishmasligidan. 4 million chaqaloqning hayoti bir oyga ham cho’zilmaydi: tug’ilish paytidagi mushkulliklar va akusherlarning yetishmasligi o’limning asosiy sababi.

Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti va boshqa muassasalar millionlab ona va bolalar hayotini saqlab qolish uchun oddiy va tejamli yo’llarni targ’ib qilishga harakat qilmoqda. "Save the Children", ya'ni "Bolalarni asrang" tashkilotining vakili Ann Tinkerning gapiga qaraganda, ana shunday yo'llardan biri - qimmat bo'lmagan tug’dirishda kerak bo’ladigan asboblar majmuasini taklif etish. Majmuaning ichida kindik ichakchasini kesadigan toza pichoq, qo’lni yuvish uchun sovun va endigina tug’ilgan bolani o’rash uchun plastik peleyonka bor.

Doktor Tinkerning aytishicha, onaning omon qolishi uchun ham barcha shart-sharoitlar mujassam etilishi zarur. Uning fikricha, Afrika va Osiyoning ba’zi hududlarida agar ona vafot etsa, bolaning omon qolishi amri mahol, ayniqsa go’dak - qiz bo’lsa. Chunki u yerlarda qizlarga kam ahamiyat beriladi. Mutaxassislar nazarida, ona sog’ligi va o’limi tibbiy yordam darajasiga bog’liq. Shuningdek, bunda qashshoqlik, savodsizlik va transport tizimining yo’qligi ham o’z salbiy ta’sirini ko’rsatmay qolmaydi. Pan Amerika sog’liqni saqlash tashkilotining direktori doktor Mirta Rosas esa, jamiyatda tengsizlik muammosi borligini rad etib bo’lmaydi, boy va kambag’allar o’rtasidagi farq kengaymoqda," deb aytadi. "Bizning taxminimiz bo’yicha, agar jahon tenglikka intilmas va tibbiy yordamni o’z vaqtida ololmas ekan, vaziyat tobora salbiylashib boradi.”

Jahon bankining bildirishicha, xastalik oilalar kambag’allashishining asosiy sababchilardan biri. Unga ko’payish bilan bog’liq xastaliklar ham kiradi. Yiliga 70 mingga yaqin ayol noto’g’ri va noqonuniy abort qilish natijasida hayotdan ko’z yumadi. Doktor Elizabet Lul Jahon bankining ona va bola salomatligi bo’yicha maslahatchisi bo'lib ishlaydi.U bergan ma'lumotga ko'ra, 200 millionga yaqin o’zi istamagan holda homilador bo’lib qoladi.

"Shu bois ularga maxsus markazlarda oilani rejalashtirish haqida maslahat berish kerak," deydi u.

1980 yillarda bolalar o’rtasida o’lim sur’ati past edi. So’nggi yillarda ayrim joylarda ko’rsatkich o’zgarmagan bo’lsa ham, boshqa yerlarda ancha ko’tarilgan. Afrikaning Lesoto, Nigeriya va Madagaskar mamlakatlarida esa ko’rsatkich so’nggi 50 yil ichida o’zgargani yo’q.

"Ona va bola salomatligini yaxshilash uchun ma’lum bir moliyaviy xarajat kerak, uning uchun esa siyosiy xohish yo’q. Ko’plab kambag’al mamlakatlarda jinsiy tengsizlik katta muammodir," deydi doktor Lul.

"Biz biron chora ko’rmasak bo’lmaydi. Kelajak haqida o’ylashimiz kerak," deb qayg'uradi doktor Tinker. "Ertaga tug’iladigan bolalar nobud bo’laversa, kim unda bizning kelajagimiz? Dunyomiz kelajagi uchun, tinchlik uchun, onalar va bolalar salomatligini yaxshilashimiz kerak."

2005 yilgi Jahon salomatlik kunida hech bir ona va bola chetda qolib ketmasligi kerak. Chunki mutaxassislar fikricha, ko’plab mamlakatlarda ayollar uchun homilador bo’lish bu quvonch emas, balki o’lim bilan birga raqs tushmoq demakdir.

XS
SM
MD
LG