Joriy yil Markaziy Osiyo mamlakatlarida iqtisodiy o'sish 0,9 foizga kamayishi mumkin. Bu haqda Bishkekda o'tgan xalqaro anjumanda Osiyo Taraqqiyot banki prezidenti Takexiko Nakao xabar berdi.
"Markaziy Osiyoda mintaqaviy-iqtisodiy hamkorlik" dasturining vazirlar darajasida o'tgan 13-yillik konferensiyasida mintaqaning iqtisodiy istiqboli muhokama qilindi. Unda 2008-yilda boshlangan dunyo moliyaviy inqirozining asoratlari hanuz rivojlanishga o'z ta'sirini o'tkazayotgani tilga olingan.
"Global moliyaviy inqirozdan beri olti yil o'tdi. Dunyo mamlakatlarining iqtisodiy ko'rsatkichlarida hanuz noaniqlik saqlanib qolmoqda. O'z navbatida Osiyoning rivojlanayotgan davlatlari mintaqa taraqqiyotida asosiy rol o'ynamoqda. 2014-yil Markaziy Osiyo davlatlarida o'sish 5,6 foizni tashkil etadi", - dedi OTB rahari Nakao.
2013-yil mintaqada iqtisodiy rivojlanish 6,5 foizni tashkil etgan. OTB hisobiga ko'ra, 2014-yil o'sish o'tgan yilgi ko'rsatkichdan 0,9 foizga kamayadi.
Bu mintaqaning asosiy savdo hamkori Rossiyada taraqqiyotning susayishi bilan bog'liq ekani aytilmoqda.
Bishkek konferensiyasida AQSh delegatsiyasi ham ishtirok etib, mintaqa mamlakatlari orasida iqtisodiy hamkorlikning kuchayishidan Vashington manfaatdor ekanini ta'kidladi. AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo'yicha yordamchisi o'rinbosari Fotima Sumarning aytishicha, Markaziy Osiyoni iqtisodiy jihatdan taraqqiy ettirishga AQSh ham o'z hissasini qo'shishni istaydi.
"AQSh Yangi Ipak yo'li tashabbusi doirasida Janubiy va Markaziy Osiyo mintaqasida hamkorlikni kuchaytirishga e'tiborni oshirmoqda. Turli energiya loyihalari orqali Markaziy Osiyoni Janubiy Osiyoga bog'lovchi umumiy energiya bozorini yaratish, sarmoya muhitini yaxshilash orqali savdo va transport aloqalarini kuchaytirish, bojxona va chegara tartiblarini osonlashtirish hamda savdo ko'rgazmalari va tadbirkorlik tarmoqlarini yaratish orqali odamlar va bizneslarni bir-biriga yaqinlashtirish shu maqsad yo'lida olib borayotgan sa'y-harakatlarimiz doirasiga kiradi", - dedi Sumar xonim.
AQSh rasmiysiga ko'ra, Vashington Janubiy va Markaziy Osiyo davlatlarini Osiyoning boshqa taraqqiy topgan mamlakatlari qatoriga qo'shilishini istaydi.