Breaking News

"Kobulbank" sobiq rahbarlari jazoga tortildi


"Kobulbank" sobiq rahbari Sherxon Farnud sudda ko'rsatma bermoqda, 5-mart, 2013-yil.
"Kobulbank" sobiq rahbari Sherxon Farnud sudda ko'rsatma bermoqda, 5-mart, 2013-yil.
Afg’oniston sudi 2010-yilda kasodga uchragan “Kobulbank”ning ikki sobiq rahbarini moliyaviy qalloblikka aloqadorlikda aybdor deb topib, besh yil qamoq jazosiga hukm etdi. Ular bank g’aznasidan bir necha million dollar o’g’irlagani aytilmoqda. Biroq ayrim kuzatuvchilar hukmni o’ta yumshoq deb, sud qarorini tanqid qilmoqda.

Uch kishidan iborat sudyalar hay’atining raisi Shamsul Rahmon Shams ayblanuvchilar va mustaqil kuzatuvchilar oldida hukmni o’qib eshittirdi.

“Bank sobiq raisi Sherxon Farnud 278 million dollar, bosh moliyachisi Xalilulla Feruziy esa 530 million dollarni maqsadsiz sarflagani uchun besh yilga qamaladi va o’g’irlangan pulni qaytarishi kerak bo’ladi”, - dedi Shams.

Qo’li egri bankirlar uy qamog’ida bir yarim yildan ortiq vaqt o’tkazgan va sud qaroriga ko’ra, bu qamoq muddati sifatida hisobga olinadi. Jinoyatga aloqadorlikda yana 21 odam aybdor deb topilib, ularga kichikroq qamoq jazosi belgilangan. Ular orasida bank sobiq xodimlari va davlat xizmatchilari bo’lib, barchasi hukmni apellyatsiya qilishi mumkin.

Korrupsiya holatini kuzatuvchi va o’rganuvchi mustaqil qo’mita raisi Drago Koshning aytishicha, sud o’ta yengil jazo belgilagan.

“Sud qaroridan norozimiz. Hissiyotlarimizni boshqacha ta’riflash mumkin emas”, - deydi u.

Drago Koshning aytishicha, yo’qolgan pulni qaytarish oson emas, chunki asosiy ayblanuvchilarga pulni o’zlashtirganlik aybi qo’yilmagan, demak xorijiy banklarga ko’chirilgan bu pullarni musodara qilib bo’lmaydi.

“Sud moliyaviy qalloblikka doir qonundan foydalanmagani uchun o’g’irlangan pulni qaytarish ehtimoli nolga teng”, - deydi u.

“Kobulbank”ka 900 million dollarlik zarar keltirgan korrupsiya ishi uch yil tergov qilindi. Bankning kasodga uchrashi moliyaviy tanazzul va tartibsizliklarga sabab bo’lib, urushdan qashshoqlashgan mamlakatni zarur mablag’dan ayirdi. Hukumat moliyaviy yordami bilan bank yopilmadi, ammo nomini “Yangi Kobulbank”ka o’zgartirdi.

Tergov ishini ko’rish uchun maxsus tribunal ta’sis etildi. Ammo tanqidchilarga ko’ra, jinoyatga aloqadorlikda gumon qilinayotgan ayrim yuqori lavozimli shaxslar, jumladan, prezident Hamid Karzayning ukasi suvdan quruq chiqdi.

Xalqaro qo’shinlar 2014-yil oxirigacha Afg’onistonni tark etishi kutilar ekan, bu mamlakatga milliardlab dollar va’da qilingan. Ammo Qo’shma Shtatlar va boshqa donor-davlatlar Karzay hukumatiga korrupsiyani jilovlash talabini qo’ygan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG