Afg'oniston prezidenti Hamid Karzayning matbuot kotibi Vohid Umarning aytishicha, Markaziy Bank raisi Abdul Qodir Fitrat ishdan bo'shamasdan mamlakatdan qochib ketgan. Fitrat kecha Vashingtonda muxbirlar bilan uchrashib, raislikdan bo'shaganini, hayotiga qasd qilishlaridan qo'rqib, Afg'onistondan chiqqanini ma'lum qilgan edi.
Hukumat Fitratni mamlakatdagi kredit beruvchi yirik muassasa, Kobul Bank inqiroziga aloqadorlikda ayblamoqda. O'tgan yili bank boshqaruvdagi xatolar, mahalliychilik va shubhali kreditlar sabab 900 million dollardan ko'p pul yo'qotib, yopilish arafasida edi.
Markaziy Bank sobiq rahbarining aytishicha, u bu ishga aloqador odamlarni parlamentda fosh etganidan so'ng hayoti xavf ostida edi. Prezident matbuot kotibi esa bu ishda Fitratning ham qo'li bor, deydi.