Asli afg’onistonlik Shoista Voiz Florida shtatidagi Aeronavtika muhandislik maktabini tamomlagan. U eng yosh ayol pilot sifatida dunyoni aylanib chiqishga bel bog'lagan.
"Safarimni shu aeroportdan boshlayman. Shimolga qarab uchaman. 90 kun uchib, yana shu aeroportga qaytib kelaman. Bu bilan afg'on ayollari faxrlanadigan ish qilmoqchiman", - deydi u.
29 yoshli Shoista Voiz Afg'onistonda qochoqlar lagerida tug'ilgan. Sakkiz oyligida oilasi bilan AQShga ko'chib kelgan. Kaliforniyada maktabni tamomlagach, pilot bo'lishga qaror qiladi va Floridadagi uchuvchilar maktabiga kiradi.
"Oilada forsiy va pashtu tillarini gapirib ulg'aydim. Inglizchani yaxshi bilmasdim. Maktabda jiddiy o'qishni boshladim. Aviatsiyada shunday gap bor: muhabbat hashorati sizni chaqsa, siz aviatsiyaga bog'lanib qolasiz. Menda shunday bo'ldi", - deydi uchuvchi qiz.
Shoista ilk bor 2008-yilda uchdi. 2010-yil aviatsiya maktabini tugatgach, 5 ta qit'aga bir o'zi uchib borishga qaror qildi. Uning aytishicha, u afg'on ayollari nimalarga qodir ekanini dunyoga ko'rsatmoqchi.
"Aviatsiyaga qiziqib, o'qish va uchishni boshlaganimda, dastlab, hadiksiradim. Chunki Afg'onistondan pilot ayollar juda kam. Qiynaldim, lekin litsenziyamni qo'lga kiritganimdan keyin, buni boshqa ayollarga ham bildirishim kerak, deb o'yladim. Ayniqsa, bunday ishlarni ko'rib o'rganmagan afg'on ayollariga", - deydi pilot.
"Shu samolyotda dunyoni aylanyapman. Og'irlikni kamaytirish uchun barcha o'rindiqlarni olib tashladik. Faqat uchuvchining kursisi qoldi. Samolyotga og'irlik qiladigan hamma ortiqcha narsani olib tashladik", - deydi u.
Shoista sayohatini boshlagach, bir oydan so'ng ona vatani Afg'onistonga borishni rejalashtirgan edi. Afg'oniston tog'li hudud bo'lgani uchun, u yerga to'g'ridan to'g'ri uchishning imkoni bo'lmadi. Dubayga qo'nib, u yerdan tijorat samolyoti orqali Kobulga keldi. Aerportda uni mahalliy rasmiylar va faollar iliq kutib oldi.
"Afg'oniston xalqiga shuni aytmoqchimanki, sizlar uzoq yillar urushda yashadingiz. Maqsadim Afg'onistonga qaytish va bu yerga o'z hissamni qo'shish. Pilotlar uchun maktab yki markaz ochishni xohlayman. Chunki bu yer mening vatanim", - deydi afg'onistonlik uchuvchi qiz.
Shoistaning dunyo bo'ylab havo safari 4 yil davom etishi rejalangan. Bu vaqt mobaynida u 5 ta qit'adagi 19 davlatga tashrif buyuradi. So'ng Afg'onistonga kelib yosh qizlarga uchuvchilik sirlarini o'rgatish niyatida.
Facebook Forum