Breaking News

Afg'oniston ayollari tinchlik tashabbusi bilan chiqmoqda


Shu yil oxirida xalqaro kuchlar Afg’onistonni tark etilishi kutilar ekan, toliblar hokimiyatni qayta egallashga urinishi mumkinligi haqida xavotirlar mavjud. Shunga qaramay, urushdan toliqqan mahalliy ayollar zo’ravonliklarga chek qo’yish hamda so’nggi 10 yilda qo’lga kiritilgan erkinliklarni himoya qilish uchun mamlakatda tinchlik kampaniyasini olib bormoqda.
Afg’onistonning to’rt yil muqaddam obro’li shaxslar ishtirokida tashkil etilgan Oliy tinchlik kengashi Tolibonni zo’ravonlikka chek qo’yib, kelishuv jarayoniga qo’shilishga ko’ndira olmadi.

Bunday muvaffaqiyatsizlik Kengashning ayol a’zolarini tashabbusni o’z qo’llariga olib, tinchlik harakatini boshlashga undadi.

Kengash va parlament a’zosi Golaley Nur Safi harakat yetakchilaridan. U yangi kampaniyani “Tinchlik va sulh uchun afg’on ayollarining ovozi” deb atadi. Uning aytishicha, harakatdan maqsad hukumat, Tolibon hamda xalqaro hamjamiyat vakillarini muzokaraga undab, imkon qadar tezroq zo’ravonlikka chek qo’yishdir.

Qonunchi Safiga ko’ra, tinchlik tashabbusi shu oy boshida boshlangan va unga har kuni ko’plab afg’on ayollari qo’shilmoqda. Xavfsizlik muammo bo’lishiga qaramay, ko’ngillilar turli hududlarga borib, ayollarning imzosini yig’ishga harakat qilmoqda, deydi u.

“Biz uyma-uy yurib, ayollar bilan uchrashyapmiz. Ko’ngillilar guruhi maktablarga, universitet va ish joylariga borib, tinchlik va sulh istashimizni odamlarga tushuntirishyapti. Ayollardan imzo yig’ish bilan shug’ullanayotgan yuzlab ko’ngilli ayollarimiz bor. Hozirgacha ular 120 mingdan ortiq imzo yig’ishdi”, - deydi u.

Safining aytishicha, ular prezidentlik saylovida qatnashayotgan nomzodlarga ham o’z talablarini yetkazmoqda.

“Afg’on ayollari urushdan charchaganini va tinchlik istashimizni har bir nomzodga yetkazyapmiz”, - deydi u.

Safiga ko’ra, afg’on ayollari o’tgan 10 yil ichida qo’lga kiritgan ozodlik va imkoniyatlarini, hukumat yoki Tolibon bo’lsin, hech kimga berib qo’ymoqchi emas. Afg’onistonni mavjud inqirozdan olib chiqish uchun qabul qilinadigan siyosiy qarorda ayollarning ham o’rni bo’lishi kerak, deydi u.

“O’tgan 10 yilda Afg’onistonda erishgan muvaffaqiyatlarimizni, huquqlarimizni qaytib tortib olishmaydi, deb umid qilamiz. Tolibon bilan muzokaralar boshlanishidan qat’i nazar, ushbu huquqlar hurmat qilinishi lozim”, - deydi u.

O’tgan asrning 90-yillarida boshlangan Afg’onistondagi fuqarolar urushi Tolibonning hukumat tepasiga kelishiga zamin yaratdi. Islomning radikal talqinini qonun qilib olgan bu guruh besh yillik hukmronligi davrida ayollarni ko’plab huquqlardan mahrum qilgan edi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG