Afg’onistondagi bir tashkilotning bildirishicha, mamlakatda 1978-yildan beri yer minalaridan 25 mingdan ziyod odam o’lgan. Sapyor Siroj Ahmad Afg’onmal umrini portlamay qolgan minalarni zararsizlantirishga bag’ishladi.
Afg’oniston janubidagi Qandahor shahridamiz. Siroj Afg’onmal yaqinda Tolibondan tortib olingan rayonlarni minalar, portlamay qolgan bombalardan tozalamoqda.
“Bunday portlovchi moddalarning ishlashi uchun batareya yoki boshqa bir moslama kerak emas. Avtomobil uning ustidan o’tganida mina portlab, atrofni vayron qiladi”, - deydi sapyor.
Afg’onmal shu kungacha 10 mingdan ziyod portlovchi moddalarni zararsizlantirdi. Natijada minglab odamlarning hayoti saqlab qolindi.
Afg’onmal ishining xavfli ekanini tushunadi. Uning sherigi Bahodir Xon ikki oy oldin Tolibon nazoratidagi hududni minalardan tozalayotganida minalardan biri portlab ketib, halok bo'ldi. Afg’onmalni omad hozircha tark etmagan. Yaqinda Nurziya ismli 12 yashar qizaloq Nangarhor viloyatida uyining yonida minaga duch kelib, majruh bo’ldi.
“Uy yumushlari bilan uydan chiqqan edim. Oyog’im tortmay turgan edi o’zi, ammo uyda o’tirgim kelmadi. Portlashdan so’ng ikkala oyog’imdan ajraldim”, - deydi u.
Xalqaro xayriya tashkiloti Nurziyaga sun’iy oyoqlar hadya qildi. Ota-onasi va yaqinlari yordamida u yana yura boshladi, ammo maktabga chiqolmaydi. Qizaloq yer minalarini o’rnatayotgan odamlardan xafa.
“Ular odamlarga nega ozor beradi? Yaratgan bunday insonlarni jazolasin”, - deydi Nurziya.
Uning otasi har kuni ertalab sun’iy oyoqlarini kiydirib qo’yadi. Nurziya ulg’aygach shifokor bo’lishni orzu qiladi, ammo maktabga chiqolmas ekan, orzusi ushalmasligi mumkin.
Facebook Forum