Breaking News

O’zbekiston maxsus vakilidan Afg’oniston o’zbeklari nima kutmoqda? 


Afg'oniston delegatsiyasi O'zbekistonda
Afg'oniston delegatsiyasi O'zbekistonda

O’zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Afg’oniston bo’yicha maxsus vakil tayinlagan. Tashqi ishlar vazirligining 25-may kuni bergan bayonotiga ko’ra, bu vakil Ismatilla Irgashevdir. Afg’oniston o’zbeklari unga ulkan umidlar bog’lamoqda.

O’zbekiston Afg’onistondagi vaziyatga jiddiy qarab keladi. Tijoriiy, iqtisodiy, sog’lik va transport bo’yicha bir necha bitimlar imzolangan.

Afg’oniston tinchligi va ravnaqi O’zbekiston manfaatlari uchun ham xizmat qilishi tayin ekan, Mirziyoyev qarori ajablanarli ish emas, deydi tahlilchilar.

Afg’oniston o’zbeklari madaniy va ta’limiy hamkorlik kengayadi deya yangi loyihalar boshlanishini kutmoqda.

Juzjon Universitetidan tilshunos Nurullo Oltay aprel oyida O’zbekistonda bo’ldi. U bu galgi safari oldingilardan ko’ra ancha farqli bo’lganini aytadi. Afg’onistondan borayotganlarga nisbatan munosabatlar juda ijobiy, deydi suhbatdosh.

Do’stum Jamg’armasi nomidan jo’natilgan besh kishilik delegatsiya turli yordam turlari haqida gaplashgan.

“Shimoliy besh viloyat universitetlarida o’zbek tili va adabiyoti o’qitiladi. Biz yoshlarga magistrlik sharoiti yaratilishi uchun safar qilgan edik. Toshkent Milliy Universiteti, O’zbek tili va adabiyoti universiteti, Sharqshunoslik instituti rahbariyati va domlalari bilan uchrashdik. Ular bizga yoshlarni magistrlik bo’yicha o’qitish va’dasini berdilar. Lekin, afsuski, nodavlat tashkilot hay’ati bo’lganimiz sababli konkret va’dalar ololmadik”, - deydi Nurullo Oltay.

Oltayga ko’ra, shaxsiy imkoniyat bilan O’zbekistonga borib o’qish mumkin emas. Chunki yiliga 2500-3000 dollar kerak. Afg’onistonlik yoshlarning bunga qurbi yetmayapti. Davlatlar madaniy, tahsiliy aloqalarni kengaytirsagina bu orzuga erishsa bo’ladi, deydi u.

“Hozirgacha O’zbekiston bilan na madaniy, na tijoriy aloqalarning yo’qligi biz uchun yomon edi. O’zbekiston prezidentining bunday bir harakatni boshlagani biz uchun katta ahamiyatga ega. Yangi maxsus vakil boshqa sohalarning yonida madaniy, o’qish, o’zbek tili va adabiyoti, o’zbek jurnalistikasini rivojlantirish bo’yicha zamin yaratishini umid qilaman”, - deydi Juzjon universitetidan domla Oltay.

Mahalliy yoshlar ham yangi imkoniyatlar paydo bo’ladi degan umidda.

“Bu vakil bizning istaklarimizni O’zbekiston hukumatiga yetkazishi lozim. Afg’oniston va O’zbekiston til nuqtai nazardan bir-biri bilan juda yaqin turadi. Yoshlarga O’zbekistonda tahsil olish uchun sharoit yaratib berilishini xohlaymiz”, - deydi Sadaf ismli talaba.

“O’zbekiston bilan Afg’oniston aloqalari ko’lami juda oz. O’zbekiston davlatining Afg’oniston uchun yangi vakili barcha sohalar uchun ishlashi kerak, aloqalarni yuksaltirishi lozim”,- deydi talaba Firishta Malikzoda.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG