AQSh harbiy kuchlarining Afg’onistonni tark etish muddati yaqinlashar ekan, Amerikaning 2014-yildan so’ng bu o’lkadagi roli qanday bo’lishi muhokamada. Ayni paytda Afg’onistonga qo’shni Eronning hududda o’z ta’sirini oshirishga urinayotgani haqida ma’lumotlar bor.
Kobul shahrining Dorul Omon ko’chasida katta bir masjid bor. Uning ortidagi bir necha binoda Xotamul Nabiyin Islom universiteti, madrasa hamda talabalar yotoqxonasi joylashgan. Shia mazhabi ta’limini beradigan mazkur o’quv dargohlari Eron tomonidan moliyalanadi.
Kobul g’arbidagi mahallalarda, asosan, shia afg’onlar istiqomat qiladi. Ularning aksariyati Tolibon rejimi qulagandan so’ng Erondan qaytib kelgan qochqinlar. 1979-yilgi Eron islomiy inqilobi yetakchisi Imom Xo’mayniy nomidagi jamg’arma bu yerda muhtojlarga moddiy yordam beradi. Shu atrofdagi Dashti Barchi mahallasida ham shialar yashaydi. Ular aholisi, asosan, sunniylar bo’lgan Afg’onistonda diniy ozchilik hisoblanadi.
Sobiq diplomat va siyosiy tahlilchi Ahmad Saidiy fikricha, Eronning ta’siri mamlakatda tobora ko’proq ko’zga tashlanmoqda.
“Afg’oniston Eron ta’siri qamalida. Hozir Eronga moyil oltida telekanal, 21 ta radio va ko’plab nashrlar faoliyat olib bormoqda. Qurolli kurashdan ko’ra ma’naviy jang muhimroq ekanini ular yaxshi biladi”, - deydi afg’onistonlik tahlilchi.
Yana bir ekspert Xolid Maftunning aytishicha, Eron strategiyasi oz sonli shialarni o’z tomoniga og’dirib, mamlakatda AQSh va G’arb ta’sirini yengishga qaratilgan.
“Ularning uzoq muddatli rejasi Eron rejimi va madaniyatini targ’ib qiluvchi odamlarni tarbiyalash. Qisqa va o’rta muddatli maqsadi esa Afg’onistondagi AQSh harbiy kuchlariga zarar yetkazish”, - deydi Maftun.
Bu, tabiiyki, Vashingtonni tashvishga soladi. Iroqda AQSh kuchlari mamlakatni tark etishi bilan eronparast guruhlarning hukumatga kelgani ularga yaxshi saboq bo’ldi.
Ayni paytda Eron va Afg’oniston o’rtasida munosabatning bo’lishi tabiiy. Urush paytida milliondan ortiq afg’on Erondan boshpana topdi. Uzoq yillar u yerda yashagan qochoqlar bugun Afg’onistonga qaytmoqda. Ayrimlari o’zlari bilan Eron madaniyati va diniy e’tiqodini ham olib kelmoqda.
Afg’oniston-Eron chegarasi deyarli 950 kilometr bo’lib, suv va havodek zarur yonilg’i mahsulotlari Afg’onistonga Erondan ana shu chegara orqali kirib keladi. Eron har yili salkam ikki milliard dollarlik tovar sotadi.
Afg’oniston Tashqi ishlar vazirining sobiq maslahatchisi Dovud Moradian Eronning Afg’onistondagi maqsadlarini uchga bo’ladi.
“Tabiiy manfaatlarga ega Eron bor. Ideologik mafkurasini sotishga urinayotgan Eron bor. Shuningdek, bu davlat diniy maqsadlarga ham ega. Shulardan ikkitasi Afg’oniston uchun muammo tug’diryapti”, - deydi Moradiyan.
Sobiq afg’on harbiysi va razvedkachisi Javed Ko’histoniyga ko’ra, Kobul va Vashington o’rtasida davom etayotgan muzokaralarda Afg’onistonning Eron va Pokiston bilan munosabatlari ham tilga olinadi.