Breaking News

Afg’onistonda politsiya bazasiga hujumda besh ofitser o’lgan


Afg’oniston rasmiylarining aytishicha, sharqdagi Jalolobod shahrida politsiya bazasi hujumga uchrab, kamida besh ofitser halok bo’lgan.

Politsiyaning tasvirlashicha, ertalab binoga kiraverishda bir odam mashinasini portlatgan, keyin yana ikki kishi majmuaga kirib olib portlashlar sodir etgan. Bir soat davom etgan otishmada bir necha jangari o’ldirilgan. Toliblar hujum ularning ishi ekanini da’vo qilmoqda.

Xuruj Amerika Davlat kotibi Jon Kerri Afg’onistonga safar qilayotgan paytga to’g’ri kelgan. Kutilmaganda Kobulga borgan Kerri bugun prezident Hamid Karzay bilan gaplashayapti. Diplomat afg’on hukumati bilan oradagi taranglikka barham berish niyatida.

Dushanba kungi matbuot anjumanida so’zlagan diplomat toliblar bilan tinchlik muzokaralari masalasida Vashington va Kobul hamfikr, dedi. Amerika Tolibon qurolini tashlab, tinchlikka hissa qo’shishidan manfaatdor, deydi Jon Kerri.

Oy boshida prezident Karzay Vashington va toliblar Afg’onistonga qarshi til biriktirmoqda, deb chiqqan edi. Oq uy va NATO Amerika Mudofaa vaziri Chak Xeyglning Kobulga tashrifi paytida yangragan bu da’voni keskin rad etdi.

Shu bilan birga, Karzay kecha Afg’onistondagi Parvon qamoqxonasi mahalliy kuchlar zimmasiga o’tganini olqishlagan.

Ayni damda, Oq uy va afg’on rasmiylari xalqaro koalitsiya mamlakatni tark etganidan keyin AQShning rolini muhokama qilish bilan band. Aksariyat xorijiy harbiylar 2014-yil oxirigacha Afg’onistondan chiqib ketadi.

Uruzgon viloyatidagi xalqaro baza yopilishi kutilar ekan, Avstraliya rasmiylarining bugun aytishicha, bu davlatning 1550 askari joriy yil oxirida vatanga qaytadi. Avstraliya afg’on urushida 39 zobitidan ayrilgan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG