Breaking News

Afg’onistonda chet ellik jurnalistlar o’qqa tutilgan


Anya Nidringxaus, germaniyalik fotograf
Anya Nidringxaus, germaniyalik fotograf
Afg’oniston saylov arafasida ekan, mamlakatda chet ellik ikki jurnalist ayol o’qqa tutilgan.

48 yoshli Anya Nidringxaus, ko’plab mukofotlarga sazovor bo’lgan germaniyalik fotograf, jarohatlaridan jon bergan. Yana bir muxbir Keti Gannon kasalxonada. Har ikkisi “Associated Press” axborot agentligi xodimlari.

Voqea Xost viloyatida ro’y bergan, otishma boshlagan politsiyachi hozir hibsda.

“Associated Press” xabariga ko’ra, jurnalistlar mashinada o’tirganida politsiya xodimi ularga yaqinlashib, “Ollohu akbar” deya hayqirgan va ularni avtomatdan ota boshlagan.

Anya Nidringxaus va Keti Gannon Afg’onistonda ko’p yillardan buyon ishlagan, urush asoratlari va oddiy odamlar hayotini yoritgan.

Afg’onistonda so’nggi bir oyda jurnalistlar uchinchi marta nishonga olinishi. 11-mart kuni britaniyalik Nils Xorner, yana bir hafta o’tmay fransuz axborot vositalariga muxbirlik qilgan Sardor Ahmad ismli afg’on xotini va ikki farzandi bilan “Serena” mehmonxonasida otib o’ldirilgan edi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh kotibining maxsus vakili Yan Kubis kecha afg’onlarni ovoz berishga undadi. “Sizni hech kim saylash huquqidan mahrum eta olmaydi”, - deydi u.

Qo’shni Pokistonda esa Tolibon 1-mart kuni erishilgan sulh muddatini uzaytirishga rozi. Harakat so’zlovchisi Shahidulla Shahidning aytishicha, hukumat bilan ketayotgan tinchlik muzokaralari davom etishi uchun sulh 10-aprelgacha uzaytiriladi.

Pokiston hukumati yaqinda 16 tolibni qamoqdan ozod etdi. Bosh vazir Navoz Sharif o’tgan yili hokimiyatga kelganida jangarilar bilan muloqot qilishga ahd qilgan.

Ammo mamlakatning shimoli-g’arbiy hududlarida jangari bazalari havodan nishonga olinyapti. Pokiston Toliboni hukumatni ag’darib, shariat qonunlarini joriy etish uchun kurashib keladi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG