Breaking News

Afg'onistonda toliblar bir necha fuqaroning boshini kesdi


Hilmand, Afg'oniston.
Hilmand, Afg'oniston.
Janubda toliblar 17 fuqaro, jumladan, ikki ayolning kallasini olgan. Ichki ishlar vazirligining bildirishicha, voqea kecha Hilmand viloyatining Kajaki tumanida ro’y bergan.

Ommaviy qatl qanday, nima sababdan sodir etilgani haqida turlicha xabarlar bor. Ayrim rasmiylar so’zlariga ko’ra, Tolibon kuy-qo’shiq bazmiga yig’ilgan odamlarni shu tariqa jazolagan. Ma’lumki, toliblar qo’shiq aytish va tinglashni zino deb biladi.

Lekin Hilmand viloyati hokimining aytishicha, gap bunda emas. Tolibonning ikki yirik qo’mondoni anchadan buyon bir-biriga qarshi kek saqlab kelgan edi, kecha esa adovat nihoyat qatliomga aylandi, deydi u.

O’sha atrofdagi Musa Qala tumani hokimining aytishicha esa, jangarilar oddiy fuqarolarni hukumatga aloqador deya boshini tanasidan judo qilgan.

Bu xabarlarni tasdiqlash yoki inkor etish qiyin, chunki Hilmandni hukumat emas, asosan Tolibon nazorat qiladi. Xorij qo’shinlari mamlakatni tark etar ekan, aholi orasida toliblar yana boshqaruvga qaytadi va eski, shafqatsiz qonun-qoidalarni tiklaydi, degan qo’rquv bor.

Afg’onistonda 1996-2001-yillar Tolibon hukmron paytda musiqa va filmlar islomga zid deya taqiqlangan hamda ayollar faqat oiladagi erkak hamrohligida uyidan chiqishi mumkin bo’lgan.

Shuningdek, kecha Hilmand viloyatining Vashir tumanida jangarilar harbiy postga hujum qilib, 10 afg’on askarini o’ldirib, to’rt nafarini yaralagan. Mahalliy mutasaddilar so’zlariga ko’ra, yana besh zobit yo garovga olingan, yo toliblar safiga qo’shilgan.

Sharqdagi Lag’mon viloyatida esa afg’on harbiysi koalitsiya qo’shinlariga qarata o’t ochib, ikki nafarini o’ldirgan. NATO hujumchini o’ldirdik, demoqda.

Afg’onistondagi xalqaro kuchlar so’zlovchisi, general Gyunter Kats voqea yuzasidan jurnalistlarga izoh berdi:

“Bu noxush hodisa ishimizga ta’sir qilmaydi. Harbiy amaliyotlar davom etmoqda. Jangarilarga qarshi samarali kurash olib borayapmiz va muhimi buni Afg’oniston qurolli kuchlari bilan yelkama-yelka amalga oshirayapmiz. Mahalliy armiya kun-sayin ko’proq mas’uliyatni bo’yniga olmoqda. Bu kabi ichki ziddiyatga turtki beruvchi omillar juda ko’p”, - dedi general.

Afgonistonda yana qotilliklar, Nasiba Tohir
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:16 0:00
Yuklab oling


Afg’on ma’murlari ta’biricha, deya xabar beradi Assoshieytid Press axborot agentligi, jangarilarga qarshi qo’shma amaliyot paytida afg’on askari yiqilib, tasodifan miltiq tepkisini bosib yuborgan. Natijada NATOning ikki zobiti o’lib, qo’rqib ketgan yigit qocha boshlagan va alyans uni havodan otgan. Xalqaro koalitsiya bu izoh yuzasidan hozircha sukutda.

Oy boshidan beri afg’on askarlari qo’lidan jon bergan xorijlik zobitlar soni shu tariqa 12 kishiga yetdi.

Amerika va NATO qo’shinlarining Afg’onistondagi qo’mondoni, general Jon Allen fikricha, aksariyat hollarda bu kabi hamlalarni askarlarning shaxsiy muammo va charchog’i bilan izohlash mumkin. 25 foiz hollarda esa, deydi general, hujumlar ortida Tolibon josuslari, mahalliy politsiya formasini kiygan jangarilar yoki shantaj qurbonlari turadi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG