Breaking News

Kelishuv imzolanmasa, AQSh Afg'onistonda askar qoldirmaydi


Bir guruh amerikalik senatorlar Kobulda prezident Hamid Karzay bilan uchrashib, undan xavfsizlik kelishuvini imzolashni so’ragan.
Kelishuv imzolanmasa, AQSh Afg'onistonda askar qoldirmaydi/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:03 0:00
Yuklab oling

Afg’on rahbaridan, shuningdek, xavfli deb ko’rilayotgan o’nlab mahbuslarni ozodlikka chiqarmaslik so’ralmoqda.

AQSh delegatsiyasi a’zolari, respublikachi senatorlar Jon Makkeyn va Linzi Grem prezident Hamid Karzay bilan 2014-yildan keyingi rejalarni obdon muhokama qilgan, xavfsizlik kelishuvini zudlik bilan imzolash kerakligini uqtirgan.

An’anaga ko’ra, prezident Barak Obama shu oy oxirida Kongress minbaridan turib, butun yurt oldida hisobot beradi. Senator Gremning aytishicha, hujjat undan oldin tasdiqlanishi o’ta muhim.

“U Afg’oniston haqida xalqqa nima deydi? Agar kelishuv imzolanmasa, Afg’onistonda birorta askar qolmaydi chunki Kongress pul ajratmaydi. Vaqt oz qolayapti. Har ikki davlat manfaatlarini o’ylab, bu ishni bitkazish zarur. Aks holda, Afg’oniston ikkinchi Iroqqa aylanishi hech gapmas”, - deydi qonunchi.

Joriy yil oxirida NATOning Afg’onistondagi missiyasi yakunlanishi ko’zlangan. Kelishuv loyihasi kichik bir harbiy bo’linmani mamlakatda qoldirishni nazarda tutadi. Chet el zobitlari mahalliy askarlarga murabbiylik qilish barobarida aksil-terror operatsiyalarda ham qatnashadi.

Biroq prezident Karzay kelishuvni imzolash uchun qator talablar qo’yayapti. AQSh zobitlarining afg’onlar uyiga bostirib kirishini man etish shulardan biri. Yana bir shart – Vashington Kobulga Tolibon bilan tinchlik muzokaralarini boshlab olishda ko’maklashishi lozim.

Senator Jon Makkeynga ko’ra, Karzay kelishuvga yo’q desa, Afg’onistonda bitta ham amerikalik askar qolmaydi.

“Barcha munozarali mavzular deyarli hal bo’ldi. Muloqotimizdan xulosa shuki, kelishuv yaqin kunlarda ma’qullanishi mumkin”, - dedi Makkeyn.

Kobulda mehmon bo’lgan qonunchilarga ko’ra, Hamid Karzay xavfli deb ko’rilgan 88 mahbusni qamoqdan ozod etish fikridan qaytishi kerak. O’rtada imzolangan bitimlar shuni talab qiladi.

“60 dan ziyod koalitsiya aksarlari va 57 afg’onning o’limida aybdor bu mahbuslar. Ularni ozod etish nafaqat Afg’oniston qonunlariga zid, balki ikki mamlakat aloqalariga jiddiy zarba bo’ladi”, - deydi senator Grem.

Bu odamlar Afg’onistonning o’zida sudga tortilishi va qonun oldida javob berishi kerak, deydi u. Prezident Karzaydan bu masalani hal qilish so’ralgan.

Afg’onistonda aksil-terror operatsiyalar paytida qo’lga olingan odamlarning ishi hozir birma-bir ko’rib chiqilyapti. Karzay shu maqsadda maxsus komissiya tuzgan. Uning qaroriga binoan yaqinda 500 mahbus qamoqdan ozod etildi. Kobul tevaragidagi Bagrom qamog’idan yaqin kunlarda yana 88 nafari qo’yib yuborilishi ko’zda tutilgan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG